23:25 / 29.04.2017
13733

"Italiyalik frankenshteyn" ikki boshli kalamush yaratdi

Foto: CNS Neuroscience and Therapeutics

"Italiyalik frankenshteyn" degan nom olgan jarroh Serjio Kanavero va uning xitoylik hamkasbi Syaopin Ren kalamushga ikkinchi boshni o‘tkazish bo‘yicha jarrohlik amaliyotini muvaffaqiyatli amalga oshirdilar. Bu haqda The Independent nashri xabar bermoqda

Operatsiya vaqtida donor kalamushning old panjalari va boshi boshqa bir sog‘lom kalamushning boshi yuqorisiga ko‘chirib o‘tkazildi. Operatsiya davomida yana bitta kalamushdan foydalanildi, uning yordamida qon bosimi ushlab turildi. Kalamushga ko‘chirib o‘tkazilgan bosh uning boshi bilan bir xilda faoliyat yuritgan. 

Ma'lum qilinishicha, o‘ziga xos "apgreyd" qilingan kalamush 36 soatgina yashagan. Shunga qaramay, operatsiya Kanavero tomondan muvaffaqiyatli deb qabul qilindi, chunki undan maqsad operatsiya davomida jiddiy qon yo‘qotishga yo‘l qo‘ymaslik bo‘lgan.

O‘tgan yili Kanavero maymunga bosh ko‘chirib o‘tkazgani va maymun shundan keyin 20 soat yashagani, so‘ngra dori vositasida uning hayotiga chek qo‘yilganini ma'lum qilgandi. 

Kanaveroning aytishicha, bunday operatsiyalarning kalamushlarda o‘tkazilishi odamlarga tana a'zolarini ko‘chirib o‘tkazish yo‘lidagi muhim qadamdir. 

2015 yil fevralida Kanavero inson boshini ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha loyihani boshlayotganini ma'lum qilgandi. Bu tajribada ko‘ngilli sifatida rossiyalik nogiron, bel mushak atrofiyasi sababli nogironlar aravachasiga mixlanib qolgan Valeriy Spiridonov ishtirok etmoqda. Uning boshi sog‘lom tanaga ko‘chirib o‘tkazilmoqchi.

Mavzuga oid
Top