19:26 / 29.04.2017
26823

Mehmonxonalarga valyuta to‘lovlari: muammolar mavjud

Yaqinda qonunchilikka kiritilgan tuzatishlarga ko‘ra mehmonxonalarda xorijliklarni joylashtirish uchun to‘lovni valyutada amalga oshirish kerak. Valyuta hisob-kitoblari uchun tarifning yuqoriligi turlarning daromadligini tushirmoqda va raqobatbardoshligini pasaytirmoqda, deb yozadi Norma.uz eksperti.

O‘zbekistonda sayyohlik tarmog‘ini rivojlantirish uchun talay chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Yuridik shaxslar kamida 4 yulduzli darajadagi mehmonxonalar va motellarni foydalanishga topshirganda foyda solig‘i, yer solig‘i, mol-mulk solig‘i, shuningdek yagona soliq to‘lovini 5 yil mobaynida to‘lamaydi. Barcha mehmonxonalar va joylashishning boshqa vositalariga valyuta tushumining 75 foizini o‘zida olib qolishga ruxsat berilgan. Kichik korxona bo‘lmish turoperatorlar esa valyutani majburiy sotishdan umuman ozod etilgan. Bu hali imtiyozlarning to‘liq ro‘yxati emas.

Ammo ijobiy o‘zgarishlar bilan bir qatorda yangi muammolar ham paydo bo‘ldi. Ular orasida – respublika ichida valyuta hisob-kitoblari bo‘yicha tariflar.

Eslatib o‘tamiz, 2017 yilning 1 yanvaridan O‘zbekiston hududida mehmonxonalarda va boshqa joylashtirish joylarida xorijiy fuqarolarga hamda respublikada doimiy turar joyiga ega bo‘lmagan, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga, joylashtirish bo‘yicha xizmatlarga haq to‘lash faqat erkin almashtiriladigan valyutada amalga oshiriladi. Ular uchun to‘lov taklif etuvchi davlat va byudjyet tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladigan holatlar bundan mustasno.

Bundan tashqari, turilgan har bir kun uchun 2 AQSh dollari ekvivalentida turistik yig‘im undiriladi (mazkur shaxslar toifasini joylashtirish bo‘yicha xizmatlarga haq to‘lanadigan valyutada).

Joylashtirish xizmatlari uchun hamda turistik yig‘im tarzida kelib tushadigan xorijiy valyuta  ikkita turli hisob raqamga tushiriladi. Turoperator ikkita to‘lov topshiriqnomasi bilan mehmonxonaga xorijiy valyutani yuborishi kerak.

Bunda ko‘pgina tijorat banklarining respublika ichidagi valyuta hisob-kitoblari uchun foizi o‘tkazilgan summaning 0,05–1 foizini, ammo kamida 20 AQSh dollarini tashkil etadi. Bundan tashqari, aloqa kanallari bo‘yicha har bir xabar uchun 20 AQSh dollari miqdoridagi komissiya undiriladi. Ya'ni har bir to‘lov topshiriqnomasi uchun bank kamida 40 dollar oladi. Bunday tariflarning sababi – valyuta hisob-kitoblari SWIFT xalqaro tizimi bo‘yicha o‘tkazilishidir.

Masalan, turoperator 2 nafar er-xotinga xizmat ko‘rsatadi. Ular turishi va Toshkent, Buxoro, Samarqand va Xivaning diqqatga sazovor joylariga tashrif buyurish uchun  1000 dollar to‘lashdi (kishi boshiga 500 dollardan).

Turoperator turistlarni birgina mehmonxonaga joylashtirishda quyidagi minimal bank xarajatlariga tushadi:

•  joylashtirish xizmatlari uchun 40 dollar (bank foizlari ko‘rinishidagi 20 dollar, shuningdek SWIFT tizimi bo‘yicha xabar jo‘natish uchun 20 dollar);

•  har bir turist uchun sutkasiga 2 dollar miqdorida turistik yig‘im to‘lashda 40 dollar.

Natijada faqat bitta mehmonxona bilan hisob-kitob qilinganda bank xarajatlari uchun 80 dollar sarflanadi. Tur esa 4 ta mehmonxonada to‘xtashni taqozo etadi. Ya'ni banklarga xizmatlari uchun 320 dollar to‘lash kerak bo‘ladi. Bu olingan tushumning – 32 foizi!

5 kishilik guruhda banklarga valyuta to‘lovlari 12,8 foizni, 10 kishilik guruhda – 6,4 foizni tashkil qiladi. Bu yagona soliq to‘lovi stavkasidan ancha ko‘p (5 foiz).

Ushbu “valyutada soliq solish” Prezidentning 2.12.2016 yidagi PF–4861-son Farmonida nazarda tutilgan raqobatbardosh turistik mahsulotlar va xizmatlarni ishlab chiqish bo‘yicha belgilangan vazifalarni bajarishga to‘sqinlik qiladi.

Quyidagi takliflar vaziyatni to‘g‘rilashi mumkin:

•  chet elliklarning turishi uchun mehmonxonalar bilan xorijiy valyutada hisob-kitob qilish talabini bekor qilish;

•  turistik yig‘imni milliy valyutada undirish.

Agar ushbu takliflar qabul qilinmasa, O‘zbekiston hududida SWIFT xalqaro tizimidan foydalanmasdan Markaziy bankning banklararo to‘lov tizim orqali xorijiy valyutada naqdinasiz hisob-kitob tizimini ishlab chiqish maqsadga muvofiq ko‘rinadi.

Mavzuga oid
Top