00:05 / 29.04.2017
21370

Rossiya bir ittifoqchisini yo‘qotdi - Chernogoriya NATO a'zosiga aylandi

Foto: Reuters

Chernogoriya (Chernogoriya) parlamenti bugun mamlakatning NATOga a'zo bo‘lishini yoqlab ovoz berdi. Shunday qilib, bu adriatika respublikasi alyansning 29-a'zosi bo‘lishi uchun barcha zarur sharoitlar hozirlandi, deya yozadi «Kommersant'» nashri.

Mamlakatning NATOga a'zo bo‘lishi borasida Chernogoriya Skupshchinasi (parlamenti)da o‘tgan ovoz berish jarayoni boshdan-bosh tarixiy voqea sifatida baholanayotgan edi. Chernogoriya rahbariyatining fikricha, alyansga a'zolikning ahamiyati 2006 yilning mayida bo‘lib o‘tgan mamlakat mustaqilligini tiklash bo‘yicha referendumdan kam emas. «Endi hech kim bizning mustaqilligimiz, xududiy yaxlitligimizga daxl qila olmaydi, bu esa Bolqon yarim orolida joylashgan kichik davlat uchun juda muhim», — degan “'” nashriga mamlakat hukumatidagi manba. Skupshchina deputatlari majlisga, odatdagidek, Podgoritsada emas, tarixiy poytaxt Tsetineda yig‘ilgani ham shu bilan tushuntirilsa kerak. Bu jarayonning tarixiy ekanligini muhokamada qatnashgan har bir kishi ta'kidlagan.

Parlament majlisi boshlanishidan bir soat avval uning devorlarini NATOga a'zo bo‘lishga qarshi mahalliy aholi o‘rab olgan — mitingni Rossiyaga yon bosuvchi Demokratik front tashkillashtirgan. So‘nggi oylarda uning yetakchilari alyansga a'zolikka qarshi tashviqot o‘tkazib, referendum o‘tkazilishini talab qilib kelishgan, aks holda, mamlakatda tartibsizliklar ro‘y berishi haqida tahdid qilishgan. Bunga javoban mamlakat hukumati mamlakat konstitutsiyasiga ishora qilgan, unga ko‘ra NATOga a'zolik masalasi aynan parlament tarafidan ko‘rib chiqilishi kerak.

Demokratik front liderlari uchun birinchi ogohlik qo‘ng‘irog‘i boshqa muxolifatchi partiyalar norozilik mitingida qatnashishdan bosh tortgan paytda chalingan edi. Shu sababli «frontchilar» faqat o‘z kuchlariga tayanishga majbur edi. Jurnalistlarning hisob-kitobiga ko‘ra, Tsetineda ularning soni ikki yuz kishicha bo‘lgan, tashkilotchilarning o‘zi olti yuz kishi yig‘ilganini iddao qilgan. Norozilik namoyishi bir soatcha davom etgan — rosa  parlament majlisi boshlangunga qadar.

«Tarixiy masala»ni muhokama qilish eskicha usullarda bo‘lib o‘tdi. Barcha so‘zga chiqqanlarning bosh tezisi: Chernogoriyaning NATO a'zoligi — barqarorlikni kafolatlashi va xorijiy investorlar uchun chorlov ekanligi bo‘ldi. Bosh vazir Dushko Markovich NATOga qarshilarga murojaat qilib, alyansda a'zolikning ustunlik taraflarini hamma his qilishiga kafolat bergan. Siyosatchi tomonidan kutilmagan harakat «Slobadan Miloshevich Yugoslaviyasining NATO tomonidan bombardimon qilinishi»da o‘lgan olti nafar chernogoriyalikni nomma-nom sanashi bo‘ldi. Bosh vazir «bunday voqea kelgusida aslo takrorlanmasligi uchun ham Chernogoriyaning alyansga a'zo bo‘lishi shart», dedi. 

Deputatlar Rossiyani ham tilga olishdi. «Biz Rossiyaga qarshi emas, shunchaki, o‘z milliy manfaatimizdan kelib chiqib, ovoz beryapmiz. Umid qilamizki, Rossiya buni to‘g‘ri tushunadi va bizning munosabatlarimiz do‘stonaligicha qoladi»,— dedi so‘zga chiqqanlardan biri ko‘pchilikning fikrini yuzaga chiqarib.

Natijada, majlisda yig‘ilgan barcha deputatlar — hukmron koalitsiyadan 42 nafar va 4 nafar muxolifatdagi Sotsial-demokratik partiya a'zolari ham bir ovozdan Chernogoriyaning NATOga a'zo bo‘lishini yoqlab ovoz berishgan. Muxolifatchi partiyalardan boshqa deputatlar (Skupshchina jami 81 deputatdan iborat) majlisda ishtirok etishmagan.

Chernogoriyaning NATOga a'zo bo‘lgani alyansning 25 mayda bo‘lib o‘tadigan sammitida rasman e'lon qilinadi.

Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vazirligi Chernogoriyadan kelgan yangilikka darhol munosabat bildirdi: «Rossiyadan keladigan xayoliy tahdidlar tufayli Skupshichnada NATOga a'zo bo‘lish uchun ovoz berganlar tashqi kuchlarning Yevropada va Bolqondagi ajratuv chiziqlarini yanada kengaytirish borasidagi, chernogoriyaliklarning serblar va ruslar bilan chuqur tarixiy an'analarga asoslangan, do‘stona munosabatlariga pona qoqishdek rejalari oqibati uchun mas'uliyatni o‘z zimmasiga olishlari kerak, — deya bayonot berishdi rus diplomatlari. — Chernogoriya yerida ham qurbonlarga, jumladan bolalar o‘limiga sabab bo‘lgan Yugoslaviyaning NATO tomonidan sharmandalarcha nohaq bombardimon qilinish epizodlari alyans bilan nizoda bo‘lgan Serbiyaning aybi sifatida keltirib o‘tildi. Tashqi siyosatda NATO ustuvorligi tomon yo‘l tutilishiga qarshi bo‘lgan teng yarim aholining fikri inobatga olinmadi». RF TIV «bu qadamning strategik oqibatlarini hisobga olmaslikning iloji yo‘q», deb hisoblaydi va «Rossiya manfaatlari hamda milliy xavfsizlikni himoya qilishga qaratilgan qarorlarni qabul qilish»ga haqli ekanligini ta'kidlagan.

Mavzuga oid
Top