19:23 / 30.04.2017
11238

Shimoliy London derbisi arafasida. Bir dushmanlik tarixi

Bugun Londonda futboldagi eng mashhur va murosasiz derbilardan biri – Shimoliy London derbisi o‘tkaziladi. Bu bahsdagi g‘alaba «Tottenhem»ga mavsumni «Arsenal»dan yuqorida yakunlashni ta'minlaydi. Bu orqali «shporlar»ning 22 yillik orzusi ushalishi mumkin!

London shahri shimolidagi bu ikki klub qarama-qarshiligi tarixi uzoq o‘tmishga, o‘n to‘qqizinchi asrga borib taqaladi. 1887 yilga. Ilmiy-texnik jarayonlar endi boshlangan yillarga.

Dmitriy Mendeleyev havo sharida uchib ko‘rgan, Konstantin Tsiolkovskiy Moskvada havoda uchish mumkinligi haqida doklad qilgan, Meksikada o‘zi zaryadlanuvchi vintovkaga patent olingan, Adolf Fik kontakt linzalarni kashf etgan, AQShda esa tarixdagi ilk grammofon taqdim etilgandi.

«Arsenal» VS «Tottenhem»

1887 yilning 19 noyabrida bo‘lajak dushman jamoalarning ilk uchrashuvi tashkillashtirilgan, bu uchrashuv yakuniga 15 daqiqa qolganida, hisob «shporlar» foydasiga 2:1 bo‘lib turgan holatda «kanonirlar» jamoasi rahbariyati talabi bilan (o‘shanda hozirgi «Arsenal»ning nomi «Dayal Skver» bo‘lgan - tahr.), maydon yomon yoritilgani bahonasi bilan to‘xtatilgandi.

Ikki jamoa muxlislari o‘rtasidagi nafratga yetarlicha sabablar bor. Ulardan yana biri hududiy qarama-qarshilik. «Tottenhem» azaldan London shimolida «yashaydi». Ular uchun «Arsenal» shaharning kambag‘al qismi, janubi-sharqidan kelib qolgan immigrantlardir. Lekin «Arsenal» nisbatan markazga yaqinroq joylashadi va metroning eng shimoliy bekatini o‘z nomi bilan qayta nomlaydi. Natijada «Arsenal» «Tottenhem»ni raqobatda ortda qoldiradi, shaharning shu qismidagi boshqa tumanlardagi muxlislarni ham og‘dirib oladi. 1913 yilda «Tottenhem» Futbol assotsiatsiyasiga shikoyat qilgan, ammo assotsiatsiya «Arsenal» tomonidan to‘la egallangandi.

Jamoalarning haqiqiy dushmanligi 1919 yilda boshlandi. O‘shanda Birinchi jahon urushi yakunlangach, Angliya futbol ligasi birinchi divizion jamoalari sonini 20tadan 22taga oshirishga qaror qildi. Bitta o‘ringa «Arsenal» va «Tottenhem» da'vogar bo‘lib qoladi va yakunda «Arsenal» birinchi divizionda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadi. Aslida urushdan oldingi chempionatda, ikkinchi divizionda «Arsenal» beshinchi o‘rinda bo‘lgan, «Tottenhem» ikkinchi divizion g‘olibi bo‘lgandi, ammo «Arsenal» xo‘jayini Harri Norris Futbol assotsiatsiyasi rahbari Jon Makken bilan tanishligi uchun «Tottenhem» ikkinchi divizionga ravona qilingandi. Bu tarix Angliya futboli tarixidagi eng yirik korruptsion mojaroga aylanib ketadi. Klublar 20-asrni turli darajada o‘tkazishdi va 21 asr kirib kelmagunicha «Tottenhem» muxlislari uzoq vaqtgacha «la'natilar» ustidan g‘alaba tuya olishmadi.

Yana bir sabab - o‘lim sababi. 1908 yilda «Tottenhem» ilk marta Janubiy Amerikaga boradi. Argentina va Urugvay bo‘ylab turne vaqtida jamoa 7ta o‘yin o‘tkazib, faqat bir mag‘lubiyat qayd etadi. Kema ekvator chizig‘ini kesib o‘tayotganida unda liboslar karnavali o‘tkaziladi. Unda «shporlar»ning Robinzon va Jumaboy libosida kiyingan ikki futbolchisi g‘olib chiqadi. Ularga mukofot sifatida to‘tiqush topshiriladi. Londonga qaytishgach, to‘tiqushni klub ofisiga qo‘yishadi, keyinroq u jamoa talismaniga aylanadi. 11 yil o‘tib, «Arsenal» birinchi ligada «Tottenhem»ning o‘rnini tortib olgan yili sevimli to‘tiqush o‘lib qoladi. Buning uchun esa kechirishmaydi!

«Shpor» «Arsenal»dan 2008 yildan boshlab ustun kela boshladi, o‘shanda «Tottenhem» «Arsenal»ni Angliya Ligasi Kubogi yarim finali javob uchrashuvida 5:1 hisobida yenggan, jamoa o‘shanda finalda «Chelsi»ni ham dog‘da qoldirib, hozircha eng oxirgisi bo‘lib turgan sovrinini qo‘lga kiritgandi. Bu uchrashuvgacha «Arsenal» 9 yil davomida hech qaysi turnirda «Tottenhem»ga yutqazmagandi. «Kanonirlar» «shporlar»ga o‘z maydonida 17 yildan ortiq vaqt davomida yutqazmaydi, 2010 yilning 22 noyabrigacha.

Oxirgi marta «Tottenhem» «Arsenal»ni turnir jadvalida 1994/95 yilgi mavsumda ortda qoldirgandi. Keyinroq shunday maqol ham paydo bo‘lgan: «Temza suvi ortga oqa boshlashi «Tottenhem»ning «Arsenal»ni turnir jadvalida ortda qoldirishidan ertaroq ro‘y beradi».

O‘tgan mavsumda bu ro‘y berishi ham mumkin edi, ammo Pochettinoning yosh bandasi chempionlikni «tulkilar»ga boy bergach, qolgan o‘yinlarni o‘ta tushkunlikda o‘tkazdi va chempionshipga tushib ketib bo‘lgan «Nyukasl»ga 1:5 hisobida mag‘lub bo‘lib, asosiy raqiblaridan yana ortda qoldi. Maurisio Pochettino o‘yindan keyin matbuotga yuzlanadi: «Bu mavsum uchun muxlislarimizdan uzr so‘raymiz. O‘ylaymanki, ular bugun maydonda ro‘y bergan hodisani ko‘rishga noloyiq edilar. Juda afsuslanarli, nima bo‘lganini tushunish qiyin. Juda xafamanki, bizning muxlislarimiz bunga loyiq emasdi. Bilaman, «shporlar» uchun mavsumni «Arsenal»dan yuqorida yakunlash muhim. Endi buni keyingi mavsumda qilishga urinib ko‘ramiz».

Bugungi kun

Jamoalar oldindagi uchrashuvda turlicha ruhiy holatda yetib kelishmoqda. «Tottenhem» o‘tgan haftada Angliya Kubogi yarim finalida mag‘lub bo‘lib, antirekord qayd etdi (7 marta), «Arsenal» esa «Siti»ni yengib, keyingi 5 yil ichida uchinchi marta finalga chiqdi. «Manchester Siti» hozirda YeChLga yo‘llanma beradigan to‘rtinchi o‘rinda joylashgan, «kanonirlar» esa bu o‘rinda 5 ochko ortda qolmoqda. «Tottenhem» va «Arsenal» chempionatning o‘tgan turida bir xil hisoblarda g‘alabalar qayd etdi (1-0), ikki jamoaning ham gollari oxirgi o‘n daqiqaliklarda urildi. «Shporlar» bu g‘alaba orqali birdaniga ikki rekordini yangiladi – mavsumda 74 ochko va 22 g‘alaba (33 turda). Qatorasiga 8 g‘alaba – bu jamoa tarixida ikkinchi yaxshi ko‘rsatkich, bundan yaxshiroq natija 1960/61 yilgi mavsumda qayd etilgandi, o‘shanda «Tottenhem» oxirgi marta Angliya chempioni bo‘lgan, jamoa 11 uchrashuvda ketma-ket g‘alabalar qayd etgandi.

Turnir jadvalida jamoalarni 14 ochko ajratib turibdi, ammo «kanonirlar»da zaxiradagi o‘yin ham bor. «Tottenhem» muxlislari bu uchrashuvni intizorlik bilan kutishmoqda, bu ushbu «Uayt Hart Leyn» stadionidagi oxirgi Shimoliy London derbisi bo‘lib qolishi mumkin, jamoa yangi stadion qurmoqda. Qolaversa, bu uchrashuvda g‘alaba qozonilsa, «shporlar» 22 yildan beri ilk marta mavsumni  «kanonirlar»dan yuqorida yakunlashi kafolatlanadi.

«Arsenal»ning «Lester»ga qarshi o‘yinida jamoa sardori Loran Koselni jarohat olgan. Uchrashuvda Shkodrana Mustafining ham harakat qilishi savol ostida. «Lester»ga qarshi o‘yindan keyin Arsen Venger qiyin grafik uchun shikoyat qilgandi, u futbolchilarning holati haqida qayg‘urayotganini aytib, o‘z kelajagi haqidagi savolga javob berishdan bosh tortgandi. «Arsen «Arsenal»ni tark etadimi?» savoli hozircha ochiq qolmoqda.

«Tottenhem»da yo‘qotishlar yo‘q, qaytanga jarohatdan tuzalgan Denni Rouz safga qaytmoqda, ushbu futbolchi jamoadagi debyut golini aynan «kanonirlar» darvozasiga yo‘llagandi.

Bu derbi arafasida jamoalar oldida turlicha vazifalar turibdi: «shporlar» «Chelsi» bilan chempionlik poygasidagi ishtirokini davom ettirishi kerak, «kanonirlar» Chempionlar ligasiga yo‘llanmaga ega bo‘lish uchun kurashni davom ettirishi kerak. Ko‘hna «Uayt Hart Leyn» stadionida futbol tarixidagi eng yaxshi murabbiylardan biri yangi avlodning eng yaxshi va istiqbolli menejyerlaridan biriga qarshi chiqadi.

1887 yildan buyon jamoalar barcha turnirlar doirasida, jumladan o‘rtoqlik uchrashuvlari va turli kubok o‘yinlarida jami 260 marta uchrashgan, 105 g‘alaba «Arsenal»da, 92 g‘alaba «Tottenhem»da, 63 durang.

Derbi tarixidagi eng yaxshi bombardirlar: Billi Minter va Bobbi Smit («Tottenhem») – 9tadan gol, Rober Pires, Alan Smit va Emmanuel Adebayor («Arsenal») – 8tadan gol.

Emmanuel Adebayor va Jimmi Robertson Shimoliy London derbisida ikki jamoa safida turib ham gol urgan futbolchilar sanalishadi.

Hozir ham faoliyatini shu jamoalarda davom ettirayotgan eng yaxshi derbi to‘purarlari: Keyn («Tottenhem») – 5 gol, Uolkott («Arsenal») – 4 gol.

Shimoliy London derbisida maydonga tushish bo‘yicha rekordchi  Devid O’Liri («Arsenal») – 35 o‘yin.

Shimoliy London derbisida atigi 3 marta het-trik qayd etilgan. Ularning mualliflari: Terri Dayson («Tottenhem Xotspur»), Ted Dreyk va Alan Sanderlend («Arsenal»).

Ikki jamoa o‘rtasidagi premer-liganing so‘nggi uch uchrashuvida g‘olib jamoa aniqlanmagan. Uchchala uchrashuvda ham durang qayd etilgan. Umuman olganda «Arsenal» «Tottenhem» ustidan premer-liga doirasida so‘nggi marta 2013/2014 yilgi mavsumda aynan «Tottenhem» uyida g‘alaba qozonishni uddalagandi. Uch mavsumdirki, Venger jamoasi bu ishni uddalay olmayapti. Umuman olganda «Arsenal» «Uayt Hart Leyn»da kechgan so‘nggi 10 uchrashuvning faqat ikkitasida g‘alaba qozongan (4D, 4M).

Demak, Toshkent vaqti bilan soat 20:30da Londondagi «Uayt Hart Leyn» stadionida!

Taxminiy tarkiblar

 

Top