15:15 / 01.05.2017
5658

Apple avtopilotli mashinani sinovdan o‘tkazmoqda

Foto: Bloomberg

Apple kompaniyasi Kremniy vodiysi yo‘llarida o‘zi ishlab chiqargan avtopilot tizimini sinovdan o‘tkaza boshladi, deb xabar bermoqda Bloomberg. Lexus RX 450h yo‘ltanlamasi shunday tizim bilan jihozlangan.

Apple Kaliforniya yo‘llarida avtonom boshqaruvga ega avtomobillar sinovini o‘tkazish uchun ruxsatni ikki hafta avval oldi. Test prototipi  Velodyne lidari, kameralar va ko‘plab sensorlar bilan jihozlandi. Bloomberg eksperti so‘zlariga ko‘ra, barcha qurilmalarni bemalol sotib olish mumkin – ulardan hech biri noyob ishlanma emas.

Apple haydovchisiz avtomobil ishlab chiqayotgani haqida ilk mish-mishlar ikki yil avval paydo bo‘ldi. O‘shanda u elektrokarlarni quvvatlantirish usullarini o‘rganib chiqayotgani, Berlinda modelni loyihalashtirish uchun “maxfiy laboratoriya” tashkil etgani va avtomobil sohasidagi qator taniqli mutaxassislarni yollagani xabar qilingandi.

2016 yilda esa Apple o‘z mashinasini yaratish g‘oyasidan voz kechdi hamda bor e'tiborni avtopilot tizimini ishlab chiqishga qaratdi. U keyinchalik avtomobil ishlab chiqaruvchilariga sotilishi mumkin.

Top