13:55 / 01.05.2017
24470

Issiqlik, issiq va sovuq suv hisoblagichlarini qiyoslashdan o‘tkazish tartibi ishlab chiqildi

Foto: Euroradio.fm

NHTBT portalida Issiqlik quvvati, issiq va sovuq suv sarfini hisobga olish priborlarini qiyoslashdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom loyihasi muhokama uchun joylashtirildi, deb xabar bermoqda Norma.uz.
 
Hujjatda mazkur tadbirlarni amalga oshirishning quyidagi sxemasi nazarda tutiladi.

1-qadam. Issiqlik va ichimlik suvi ta'minoti tashkilotlari har bir  hisobga olish priborining qiyoslashlararo interval muddati hisobini yuritishadi, bir yil uchun hisobga olish priborlarini qiyoslashdan o‘tkazish reja-jadvali ishlab chiqishadi, oldingi qiyoslash davrining amal qilishi tugashidan kamida 30 kun oldin yangi qiyoslashdan o‘tkazish zarurati to‘g‘risida iste'molchilarni xabardor qiladi.

2-qadam. Iste'molchi xabarnomani olganidan so‘ng qiyoslashdan o‘tkazish haqidagi ariza bilan hududiy ta'minot tashkilotiga murojaat qilishi darkor.

3-qadam. Iste'molchining arizasi olingandan keyin 5 kun mobaynida ta'minot tashkiloti hisobga olish priborini yechib olishga vakolat berilgan xodimni yuboradi, u iste'molchi bilan kelishgan holda guvohnomani taqdim etib, iste'molchiga 8:00 dan 20:00 gacha kelishga haqli. 

4-qadam. Hisobga olish priborini yechib olishdan oldin vakolatli xodim priborning o‘zini va plombaning butligini tekshiradi, hisobga olish pribori yechib olingan taqdirda 3 nusxada dalolatnoma tuzadi. Dalolatnomada iste'molchi keyinchalik hisobga olish priborisiz tarmoqqa ulangan yoki ulanmaganligi ko‘rsatiladi.

5-qadam. Vakolatli xodim hisobga olish priborini yechib olgandan so‘ng 3 kun ichida davlat metrologiya xizmati organiga uni topshiradi.

6-qadam. Davlat metrologiya xizmati organi 3 kun ichida hisoblagichni qiyoslashdan o‘tkazadi, uning natijalariga ko‘ra sertifikat rasmiylashtiriladi (qiyoslashdan o‘tkazishning ijobiy natijalarida) yoki ta'minot tashkilotiga hisobga olish pribori nosozligi to‘g‘risida xabarnoma yuboradi va u ta'minot tashkilotining vakolatli xodimiga topshiriladi (hisoblagich ta'mirlanishi yoki butunlay almashtirilishi mumkin).

7-qadam. Qiyoslashdan o‘tkazilgandan keyin hisoblagichni o‘rnatish to‘g‘risida ham 2 nusxada dalolatnoma tuziladi. Ular ta'minot tashkiloti va iste'molchida qoladi.

Loyihaga takliflar:

Hujjatda ta'minot tashkiloti tomonidan hisoblagich qiyoslashdan o‘tkazilishi zarurligi to‘g‘risida iste'molchini ogohlantirish mexanizmini batafsil yozish kerak: xabarnoma rekvizitlari (hududiy    ta'minot tashkiloti rahbarining imzosi, muhr va hokazo), xabarnoma tili (davlat tili, rus va o‘zbek tillaridagi ikki tildagi xabarnoma yoki mazkur joyning aksariyat aholisi so‘zlashadigan boshqa til va hokazo), xabarnomani jo‘natish usuli (oddiy xat, buyurtma xat, kurer tomonidan yetkazilib, imzo qo‘ydirib topshirish va hokazo).

Loyihada hududiy ta'minot tashkiloti xodimlarining iste'molchini hisoblagichni qiyoslashdan o‘tkazish zarurligi to‘g‘risida o‘z vaqtida ogohlantirishi bo‘yicha javobgarligi ko‘rsatib o‘tilgan bo‘lsa-da, biroq mazkur majburiyatni buzish oqibatlari ko‘rsatilmagan: bu iste'molchini me'yoriy tariflar bo‘yicha kommunal to‘lovlarini amalga oshirishdan ozod qiladimi yoki yo‘q. 

Ta'minot tashkilotining vakolatli xodimi tomonidan pribor va uning plombalari butligini tekshirish tartibini ancha aniqroq tartibga solish talab etiladi. Xususan, tekshirish chog‘ida plombaning mavjud ekani yoki yo‘qligi haqida nizolarni oldini olish uchun bunda XUMSh yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari vakillaridan iborat guvohlar bo‘lishi zarur.

Hisoblash priborini nosoz deb topish va uning nuqsonli bo‘lishining oqibatlarini aniq belgilash tavsiya etiladi. Ya'ni qanday holatlarda me'yoriy tariflar bo‘yicha qayta hisoblash o‘tkaziladi, qachon esa nuqsonli bo‘lishi  qo‘shimcha hisoblab yozish uchun asos bo‘ladi?

Loyiha davlat tilida ishlab chiqilgan bo‘lib, o‘zgartirilishi, qo‘shimchalar kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.

Top