19:23 / 02.05.2017
32200

Hayot va mamot, najot va saodat masalasi

Foto: O‘zA

Ilmiy kuzatish va tadqiqotlar inson o‘z umri davomida oladigan barcha ma'lumotning 70 foizini 5 yoshgacha bo‘lgan davrda faol qabul qilishini, bolaning ongi, asosan, 5 — 7 yoshda shakllanishini ko‘rsatgan. Bu esa jamiyatga kirib kelayotgan shaxsning ma'naviy-ruhiy olami, dunyoqarashi, bilimu salohiyati uning maktab yoshigacha bo‘lgan yillarda olgan ta'lim-tarbiyasiga uzviy bog‘liqligidan dalolat beradi.

Shundan kelib chiqib, aytish mumkinki, bola kamolotining ilk kurtaklari nafaqat oilada, balki maktabgacha ta'lim muassasalarida namoyon bo‘ladi. Ushbu muassasalarda tarbiyaviy ishlar sifati hamda samaradorligi, ularda yaratilgan zamonaviy imkoniyat va sog‘lom muhit murg‘ak farzandlarimiz taqdirida g‘oyat muhim o‘rin egallaydi.

Mamlakatimizda bolalar huquq hamda manfaatlarini ta'minlash, ularga har taraflama g‘amxo‘rlik ko‘rsatish yoshlarga oid davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi qilib belgilangani, bu borada uzoqni ko‘zlagan kompleks chora-tadbirlar hayotga tatbiq qilinayotgani, ayniqsa, maktabgacha ta'lim muassasalari faoliyati yangi bosqichga olib chiqilayotgani diqqatga sazovor. Prezidentimizning 2016 yil 29 dekabrda qabul qilingan “2017 — 2021 yillarda maktabgacha ta'lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada dasturilamal bo‘lmoqda.

Sohada yangi sahifa ochgan mazkur qaror doirasida amaliyotga yo‘naltirilgan aniq manzilli Dastur jajji o‘g‘il-qizlarimizning intellektual, axloqiy, estetik va jismoniy rivojlanishi uchun barcha shart-sharoit hamda omillarni safarbar etishni nazarda tutadi.

Hayot va mamot, najot va saodat masalasi

Dono xalqimiz ta'lim-tarbiyani uyg‘unlikda olib borishni afzal biladi. “Bir bolaga yetti qo‘shni ota-ona”, deyilishi ham bejiz emas. Farzand tarbiyasida oila hamda jamiyatni birdek mas'ul hisoblaydi. Ulug‘ allomalarimiz bu mavzuga bot-bot e'tibor qaratgani, Abdulla Avloniy “Tarbiya biz uchun yo hayot — yo mamot, yo najot — yo halokat, yo saodat — yo falokat masalasidir”, deya ta'kidlaganida ham katta ma'no mujassam.

Darhaqiqat, ta'lim-tarbiya taraqqiyoti mamlakat ravnaqi va taqdiriga daxldor masaladir. Shu ma'noda, maktabgacha yoshdagi bolalarni tarbiyalash jarayoniga eng samarador pedagogik texnologiyalarni joriy qilish, buning uchun barcha tashkiliy-texnik sharoitni yaratish yurt kelajagini o‘z zimmasiga olishga qodir avlodni voyaga yetkazishda ta'sirchan kuchga ega. Davlatimiz rahbarining qarori bilan tasdiqlangan Maktabgacha ta'lim tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha 2017 — 2021 yillarga mo‘ljallangan dasturda ana shu talablarga mos ravishda keng ko‘lamli vazifalar o‘z ifodasini topgan.

Dasturga muvofiq, 2 ming 200 ta maktabgacha ta'lim muassasasining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ayniqsa, qishloq joylarda bunday muassasalarni yangidan qurish, ularni zamonaviy inventar, jihoz, o‘quv-metodik qo‘llanmalar hamda multimedia vositalari bilan ta'minlash chora-tadbirlari bolalarning munosib sharoitda kamolga yetishi, iqtidoru qobiliyatini namoyon etishi uchun zamin yaratadi.

Bolalarni maktabga tayyorlashni sifat jihatidan yanada yaxshilash, bunda muqobil shakllardan unumli foydalanish maqsadida respublika bo‘yicha 6 ming 100 ta qisqa muddatli guruhning tashkil etilishi o‘ziga xos oqilona yondashuv bo‘ldi. Asosan, 5-6 yoshli bolalarni maktabga tayyorlaydigan bu guruhlarni qishloq joylarda ochish, ularda o‘g‘il-qizlarning aqliy salohiyati va mantiqiy fikrlashini rivojlantiruvchi amaliy mashg‘ulotlar olib borish dolzarb vazifa qilib belgilandi. Bunday guruhlarning yo‘lga qo‘yilishi natijasida har yili 305 mingdan ortiq bolalar maktabga tayyorgarlik bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tadi. Respublikamizda bugunga qadar 1 ming 220 ta ana shunday qisqa muddatli guruh tashkil etilib, ularga 81 ming nafar bola qamrab olindi.

Rivojlangan davlatlar tajribasini o‘rganib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri andoza ko‘chirish emas, aksincha, ularni har tomonlama tahlil etish, eng maqbullarini tanlab, to‘ldirish hamda boyitish hisobiga takomillashtirilgan maktabgacha ta'lim-tarbiya tizimi dasturlari amaliyotga kiritiladi. Bu esa qisqa muddatli guruhlarda bolalarning o‘qish va yozishni, ilk matematik saboqlarni jadal sur'atda o‘zlashtirishiga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, ma'lum sabablarga ko‘ra bog‘chaga qatnamaydigan 3 — 6 yoshdagi bolalarning ota-onalarini metodik qo‘llanmalar bilan ta'minlash orqali maktab ta'limiga tayyorlashda oilaning o‘rni hamda mas'uliyatini kuchaytirish tizimi ham joriy etilmoqda. Darvoqe, juda tez fursatda ota-onalar uchun ilk marotaba yetti nomdagi qo‘llanmalar yaratildi. Maktab kutubxonalari orqali ota-onalar qo‘liga bepul yetib borgan ushbu qo‘llanmalarda bolalarni maktabga tayyorlash uchun asqatadigan, nihoyatda zarur ma'lumotlar rangli-illyustratsiyali, qiziqarli tarzda bayon qilingan.

Ota-onalar mazkur qo‘llanmalardan foydalanib, farzandini aqliy, jismoniy, ruhiy jihatdan chiniqtiradigan vaziyatlar yaratishi mumkin. Turli rasmlar, qiziqarli she'r va hikoyalar orqali esa bolalarning, avvalo, bilim olishga qiziqish hamda ishtiyoqi uyg‘onadi, diqqatni jamlash, uning ongi esa xotirani mustahkamlash mashqlarida toblanadi.

Joriy yildan boshlab bosqichma-bosqich qishloq joylardagi 400 ming oilaga o‘zbek, qoraqalpoq va rus tillarida ana shunday adabiyotlar yetkazib beriladi.

2021 yilgacha 1 million 109 mingdan ziyod o‘g‘il-qizlar qamrab olinadi

Bugun davlat hamda jamiyatimiz hayotida kechayotgan o‘zgarishlar ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda odamlar duch kelayotgan muammolarning to‘g‘ri yechimini topishga, yig‘ilib qolgan kamchiliklarni bartaraf etish, xalqimiz uchun, o‘sib kelayotgan avlod uchun hech kimdan kam bo‘lmagan sharoitlarni yaratish bilan omixta ekanini ko‘rib turibmiz. Yashirmaymiz, aholini o‘ylantirayotgan, ayrim o‘rinlarda e'tirozlarga sabab bo‘layotgan masalalar maktabgacha ta'lim tizimida ham uchramoqda. Chunonchi, yurtimizda, ayniqsa, qishloq joylarda bog‘chalarning qiyofasi, faoliyati davr talab va me'yorlariga javob beradi, deyish juda qiyin. Olis, chekka hududlarda bolalarni maktabgacha ta'lim muassasalariga qamrab olish dolzarbligicha qolmoqda. Ahamiyatlisi, Prezidentimizning yuqorida keltirilgan qarorida aynan shu kabi o‘tkir masalalarning puxta amaliy yechimi ko‘rsatilgan. Galdagi besh yil mobaynida maktabgacha ta'lim muassasalari tarmog‘ini 50 ta yangi qurilish hamda mavjud muassasalarning 1 ming 167 tasini rekonstruksiyalash, 983 tasini mukammal ta'mirlash orqali yanada kengaytirish aniq maqsad qilib qo‘yilgan. Yangi loyiha asosida bunyod etiladigan maskanlarda shinam va ko‘rkam yozgi ayvonchalar, basseynlar barpo qilinadi. Buning uchun esa jami 2,2 trillion so‘m miqdorida mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan. Xususan, joriy yilning o‘zida 301 maktabgacha ta'lim muassasasida 265,4 milliard so‘mlik qurilish-ta'mirlash ishlari olib boriladi.

Kompleks tadbirlarning bajarilishi samarasida bolalarning maktabgacha ta'limga qamrovi bir yarim barobar oshadi. Boshqacha aytganda, 2021 yilga borib, respublikamizda maktabgacha ta'lim muassasalari 1 million 109 ming nafardan ortiq bolajonlarni o‘z bag‘riga oladi.

Bolalar kutubxonalari ommalashadi

Farzandlarimizning ongu tafakkurini rivojlantirishda, dunyoqarashini kengaytirishda nihoyatda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan kitobga nisbatan mehr va intilishni juda erta yoshdan uyg‘otish maqsadida maktabgacha ta'lim muassasalarida kichik kutubxonalarni shakllantirish masalasi ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangani quvonarli, albatta.

Xususan, 2017/2018 yillarda respublikamizdagi 2 ming 420 ta maktabgacha ta'lim muassasasida o‘zbek hamda jahon adabiyotidan saralangan ellik nomdagi asarni jamlagan kichik kutubxonalar tashkil etiladi. Shubhasiz, bunday ma'rifat maskanlari bolalarda mutolaa, kitobxonlik, kutubxona haqidagi ilk tasavvurlarning hosil bo‘lishida katta o‘rin tutadi.

Maktabgacha ta'lim tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha 2017 — 2021 yillarga mo‘ljallangan dasturda nodavlat maktabgacha ta'lim muassasalari tarmog‘ini kengaytirish, qishloq joylarda ota-onalarning badal to‘lovi miqdorini kamaytirish chora-tadbirlariga ham alohida e'tibor qaratilgani ayni muddao bo‘ldi. Bu boradagi amaliy qadamni Prezidentimizning qaroriga asosan, shu yilning 2 fevralidan boshlab, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida ota-onalarning maktabgacha ta'lim muassasalariga badal to‘lovi 2 barobar qisqartirilgani misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin.

Qolaversa, Dastur doirasida tizimda faoliyat yuritayotgan 55 mingdan ziyod pedagog xodimlarning malakasini bosqichma-bosqich oshirib borish har tomonlama yetuk, o‘z kasbining fidoyisi bo‘lgan kadrlarni tayyorlash imkonini beradi.

Uzluksiz ta'lim tizimining muhim bo‘g‘ini hisoblangan maktabgacha ta'lim muassasalari faoliyatini tamomila yangi bosqichga olib chiquvchi Dasturning to‘liq hamda sifatli bajarilishi, yosh avlod manfaatlarining ta'minlanishi uchun Xalq ta'limi vazirligi ham belgilangan tartibda nazorat-tahlil ishlarini olib bormoqda. Manfaatdor tashkilot va idoralar bilan hamkorlikda hududlardagi maktabgacha ta'lim muassasalarida ta'lim-tarbiya jarayonining tashkil etilishi, ularda bolalarning salomatligi hamda kamoloti uchun yaratilgan muhit, o‘quv-metodik ta'minlanganlik darajasi, pedagog kadrlar mahorati va boshqa asosiy yo‘nalishlar izchil o‘rganilmoqda.

O‘rganishlar boshlang‘ich ta'lim-tarbiya tizimida davr ruhiga monand yangilanishlarni ro‘yobga chiqarish sari dadil qadam qo‘yilganini ko‘rsatayapti. Shuningdek, mazkur bo‘g‘inda davlat ta'lim standartlarini bajarishda o‘z vazifasiga sovuqqonlik bilan qarash, amaldagi qonunchilik talablarini qo‘pol ravishda buzish holatlari ham aniqlanayotgani haqiqat. Buning uchun tegishli pedagog hamda rahbar xodimlarga qonuniy choralar ko‘rilayapti.

Lekin yosh avlodga puxta ta'lim berish, ularni jismoniy va ma'naviy yetuk insonlar etib tarbiyalashga qaratilgan islohotlarda, jumladan, bolalarni umumta'limga tayyorlash jarayonida sustkashlik yoki loqaydlikka aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini, bolalarimizning baxtu iqboli uchun javobgarlik hamda mas'uliyat hissi g‘oyat ulkan ekanini unutmaslik darkor. Binobarin, davlatimiz rahbari alohida ta'kidlaganidek, yoshlarga doir davlat siyosatini hech og‘ishmasdan, qat'iyat bilan davom ettiramiz. Nafaqat davom ettiramiz, balki bu siyosatni eng ustuvor vazifamiz sifatida bugun zamon talab qilayotgan yuksak darajaga ko‘taramiz.

Dilshod KeNJAYeV,

O‘zbekiston Respublikasi xalq ta'limi vaziri o‘rinbosari.

Top