19:31 / 02.05.2017
10862

Yilning eng yaxshi o‘qituvchilari aniqlanmoqda

Joriy yilning 1 – 6 may kunlari “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi – 2017” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichi o‘tkazilmoqda. Unda kimyo, fizika, tarix, matematika, informatika, rus tili adabiyoti (rus tilida ta'lim oladiganlar uchun), milliy istiqlol g‘oyasi, rus, nemis va fransuz tili o‘qituvchilari ishtirok etmoqda. Bu haqda Xalq ta'limi vazirligi
axborot xizmati xabar berdi.

2006 yildan buyon har yili an'anaviy ravishda o‘tkazib kelinayotgan tanlov joriy yilda yangicha ko‘rinishda zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalangan holda tashkil qilindi.  

O‘qituvchilarning tegishli fan bo‘yicha kasbiy bilimlarini aniqlash orqali ularning reytingini aniqlash, bilimlarida kuzatilgan bo‘shliqlarni to‘ldirish, kasbiy mahoratlarini oshirish bo‘yicha tegishli choralarni belgilash maqsadida tanlovning tuman (shahar) bosqichidagi test sinovlariga 16 ta fan bo‘yicha respublikadagi umumiy o‘rta ta'lim muassasalarining oliy ma'lumotli 250 ming nafardan ortiq o‘qituvchilari jalb etildi.

Multimedia umumta'lim dasturlarini rivojlantirish markazi tomonidan mazkur tanlovning test jarayonlarini tashkil etish va natijalarini umumlashtirish bo‘yicha samarali hisoblangan elektron dastur tayyorlandi. Bu o‘z navbatida tanlov jarayonlarini markazlashgan holda boshqarib borish,  o‘qituvchilar bilim saviyasini hududlar hamda fanlar kesimida tahlil qilish imkoniyatini berdi.

Tanlovning respublika bosqichi test sinovlari, yozma ish, dars mashg‘uloti, zamonaviy AKT yordamida dars ishlanma tayyorlash kabi 4 ta shart bo‘yicha tashkil etilib, ishtirokchilar 100 ballik tizimda baholanadi.

Ayni kunlarda tanlovning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosqichlarida yuqori natijani qayd etgan 95 nafar o‘qituvchilar tanlovning respublika bosqichida ishtirok etishmoqda.

Boshlang‘ich ta'lim, ona tili va adabiyoti, qoraqalpoq tili va adabiyoti, biologiya, geografiya, o‘zbek tili fani o‘qituvchilari o‘rtasida tanlovning respublika bosqichi joriy yilning 11-15 sentabr kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Top