18:22 / 02.05.2017
5019

Sog‘liqni saqlash vazirligi: Tibbiyot sohasiga doir murojaatlarning 93 foizi o‘z yechimini topdi

2017 yil 2 may kuni Milliy matbuot markazida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan “Har bir murojaat e'tiborda: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasiga mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimi bo‘yicha kelib tushayotgan murojaatlar tahlili” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi. Unda Sog‘liqni saqlash vazirligi mutasaddi xodimlari, boshqarma boshliqlari, ixtisoslashtirilgan va ilmiy-amaliy tibbiyot markazi rahbarlari hamda jurnalistlar ishtirok etdi.  

Tadbir davomida tizimda aholi murojaatlari bilan ishlash tartibi, olib borilgan sa'y-harakatlar natijasi va istiqboldagi rejalar xususida ma'lumot berildi.

O‘tgan davrda O‘zbekiston prezidentining internet tarmog‘idagi elektron qabulxonasiga fuqarolarimizdan 740 mingdan ortiq murojaat kelib tushdi. O‘tkazilgan tahlillar shuni ko‘rsatadiki, murojaatlarning qariyb 3,5 foizi tibbiyotga tegishli. 

Prezident virtual qabulxonasiga kelib tushgan murojaatlarning tibbiyotga tegishli qismi

Prezident virtual qabulxonasiga kelib tushayotgan murojaatlarni hal qilish masalasiga to‘xtaladigan bo‘lsak, shu yilning 1 may holatiga ko‘ra, davlat rahbarining elektron qabulxonasiga fuqarolardan tibbiyot sohasi bo‘yicha tushgan jami 25 ming murojaatning qariyb 93 foizi o‘z yechimini topgan, 6 foizi ko‘rib chiqish bosqichida, qolgan 1 foizini esa anonim murojaatlarni tashkil qiladi.

Aholining shikoyat yoki takliflarni atroflicha o‘rganib, ularga o‘z vaqtida yechim topish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirining virtual qabulxonasi tashkil etildi. Endilikda fuqarolar vazirlikning rasmiy veb-sayti — www.ssv.uz, shuningdek, ushbu internet manzilida ko‘rsatilgan elektron pochta yoxud telefon raqami orqali mazkur virtual qabulxonaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat yuborishi mumkin. Ta'kidlab o‘tish o‘rinli, har bir murojaat shaxsan O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni  saqlash vaziri tomonidan ko‘rib chiqilib, nazoratga olinmoqda va qonun doirasida hal etilmoqda. 

Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining “Ishonch  telefoni” raqami — 1003 va vazirning virtual qabulxonasi kunu tun xalq xizmatida ekanligi alohida ta'kilab o‘tildi.

Top