23:20 / 02.05.2017
9677

Tojikiston va Qozog‘iston samolyotlari O‘zbekistonda ta'mirlanmoqda

Foto: uzairways.com

«O‘zbekiston havo yullari» Milliy aviakompaniyasi (MAK)ning «Uzbekistan Airways Technics» aviakorxonasi mutaxassislari Tojikistonning «Tadjik Air» aviakompaniyasi samolyotlarini texnik ta'mirlash bo‘yicha bir qator ishlarni amalga oshirishdi. MAK rasmiy saytida shu haqida xabar berildi. 

Joriy yilning 18-28 aprel kunlari «Tadjik Air» aviakompaniyasining Boeing 767-300 samolyoti «Uzbekistan Airways Technics» aviakorxonasida A-check shaklidagi texnik ta'mirdan o‘tkazildi. Havo qurilmasi  aviadvigateli hamda avtopilot tizimidagidagi kamchiliklar bartaraf qilindi.

Manbaga ko‘ra, bu Tojikiston aviatashuvchisining birinchi buyurtmasi emas - o‘tgan yilning dekabr oyida ham «Tadjik Air»ning Boeing-757-200 samolyoti texnik ta'mirdan o‘tkazilgan. 

«Tadjik Air» vakili Roman Yudin aviakorxona mutaxassislari ishini kuzatib, texnik xizmat ko‘rsatishdagi tezkorlik va sifatni yuqori baholadi hamda «Uzbekistan Airways Technics» bilan hamkorlikni davom ettirish istagini bildirdi. 

Shu o‘rinda ta'kidlash joizki, hozirda Qozog‘istonning «SCAT» aviakompaniyasiga qarashli uch samolyot ham «Uzbekistan Airways Technics» aviakorxonasida texnik ta'mirdan o‘tkazilmoqda. 

Mavzuga oid
Top