14:59 / 03.05.2017
5823

AQSh Yaponiyani xorijdagi nishonlarga zarba beruvchi vositalar bilan ta'minlashi mumkin

Yaponiyaning sobiq mudofaa vaziri Itsunori Onoderaning fikricha, AQSh va Yaponiya zudlik bilan javob zarbasi berishini anglasa, KXDR zarba berish haqida qaror chiqarishdan oldin ko‘proq ikkilanib qoladi.

Pentagonning yuqori martabali xodimlari Tokioning potensial dushmanning harbiy bazalariga zarba berishga qodir qurol-yarog‘ sotib olish masalasini juda yaxshi tushunib turganlarini bildirishdi.

Kyodo axborot agentligining xabariga ko‘ra, bu haqda seshanba kuni Yaponiya sobiq mudofaa vaziri Itsunori Onodera aytib o‘tgan. U hozir hukmron liberal-demokratik partiyadan harbiy salohiyatni oshirish masalalari bilan shug‘ullanayotgan parlamentdagi deputatlar guruhini boshqarmoqda.

«Men Pentagonda brifing o‘tkazdim, — dedi u. — u yerdagilar bizning dushmanning bazasiga zarba berish imkoniyatiga ega bo‘lish uchun chog‘lanishimizni juda yaxshi tushunib yetishdi». Onoderaning qayd etishicha, «AQSh va Yaponiya zudlik bilan javob zarbasi berishini anglasa, KXDR zarba berish haqida qaror chiqarishdan oldin ko‘proq ikkilanib qoladi».

30 mart kuni Onodera boshchligidagi deputatlar guruhi a'zolari hukumatga mamlakat qurolli kuchlarini xorijdagi nishonlarga zarba bera oluvchi qanotli raketalar bilan ta'minlash masalasi bayon etilgan hujjatni taqdim etishdi. Ayni paytda Yaponiya o‘ziga nisbatan ko‘ngilli tarzda o‘rnatgan chekovlarga ko‘ra, bunday hujumkor qurollar turiga ega emas.

Bu sohada Tokio o‘zining yagona harbiy ittifoqichisi — AQShga tayanadi. Deputatlar hukumatga mavjud yondashuvni qayta ko‘rib chiqib, bu masalada Vashingtonning roziligini olishni taklif etishmoqda. 

Nikkei gazetasining ma'lumotlariga ko‘ra, deputatlar shuningdek, mamlakatda yuqori balandlikda uchayotgan ballistik raketalarni parvozining so‘nggi bosqichida urib tushirish qudratiga ega bo‘lgan Amerikaning THAAD aksilraketa mudofaa komplekslarini o‘rnatish istiqbolini ham hukumatga taklif etishmoqda.

Onodera guruhi shuningdek, milliy harbiy-dengiz kuchlari kemalari allaqachon jihozlangan Aegis Ashore — aksilraketa mudofaa kompleksini yerda o‘rnatish variantining samardorligini o‘rganishni ham taklif etmoqda. O‘tgan yilning mayida bunday tizim Ruminiyada o‘rnatilgan, endi esa Polshaga navbat yetgan. Ekspertlarning fikricha, Aegis Ashore aksilraket mudofaa raketalaridan tashqari, Tomahawk qanotli raketalaridan ham foydalana oladi.

Yaponiyaning 2017 yilgi davlat byudjyetida THAAD va Aegis Ashore aksilraketa mudofaa tizimini qiyosiy baholanishiga mablag‘lar ajratib bo‘lingan. Ayni paytda Tokioda mavjud bo‘lgan Patriot PAC-3 yerusti komplekslarining uzoqligi va aniqligini oshirish ham nazarda tutilgan.

Sankei gazetasi ilgariroq xabar qilishicha, bu maqsadlarning barchasiga 300 mlrd. iyena (2,9 mlrd. dollar) ajratilmoqda. Yaponiya aksilraketa mudoffa tizimini mustahkamlash o‘z yadro-raketa salohiyatini faol mustahkamlab borayotgan Pyongyangga qarshi turish chorasi hisoblanmoqda.

Mavzuga oid
Top