14:47 / 03.05.2017
21125

Dunyoda eng qimmat ko‘chmas mulk qaysi davlatda?

Foto: Globallookpress.com

Monakodagi turar-joy ko‘chmas mulki — jahondagi eng qimmati hisoblanadi. 2016 yilda knyazlikdagi ikkilamchi bozor turar-joylarining bir kvadrat metri narxi o‘rtacha 41,4 ming yevroga baholangan. So‘nggi o‘n yilda mahalliy ko‘chmas mulk bozorida turar-joy bahosi 180 foizga o‘sgan. Savills kompaniyasining materiallarida aytilishicha, bunday sezilarli o‘sish — rivojlangan iqtisodiyotga ega hududlar uchun kam kuzatiladigan hodisa hisoblanadi.

Tahlilchilarning ma'lumotiga ko‘ra, Monakoda yangi qurilgan uylardagi turar joylarning o‘rtacha narxi 13,7 million yevroga teng. Ikkilamchi bozorlardagi turar-joylar narxi esa taxminan uch barobar arzon.

2016 yilda knyazlikda 553ta ko‘chmas mulk obektlari sotilgan, ularning faqat 33tasigina yangi qurilgan uylar hisoblanadi. Xaridorlar bir yil ichida jami bo‘lib 2,7 milliard yevroga turar-joy sotib olishgan.

Savills talqiniga ko‘ra, ko‘chmas mulk narxi eng baland hududlarga yana Hongkong (o‘rtacha 1 kvadrat metriga 39,1 ming yevro), Tokio (29,2 ming yevro), London (17,7 ming yevro), Nyu-York (16,7 ming yevro) kiradi.

2016 yilning kuzida Monakoda knyazlikning eng baland binosi — “Odeon minorasi” (Odeon Tower) ning eng yuqorisida joylashgan penthauslardan biri savdoga qo‘yilgan. Osmono‘par binoning so‘nggi besh qavatini egallagan kvartira 335 million yevroga baholangan — bu jahon ko‘chmas mulk bozorida qayd etilgan rekord natija hisoblanadi.

Top