00:34 / 03.05.2017
27465

Putin va Tramp o‘rtasida muloqot bo‘lib o‘tdi

Foto: TASS

Rossiya va AQSh prezidentlari Vladimir Putin va Donald Tramp o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Kremlda ma'lum qilindi. 

Muloqot davomida ikki yetakchi Rossiya va AQShning Suriyada terrorchilikka qarshi harakatlarini muvofiqlashtirish istiqbollarini hamda Koreya yarimorolidagi vaziyatni batafsil muhokama qilishdi. 

Ta'kidlanishicha, Putin amerikalik hamkasbini bu masalada bosiqlik va keskinlik darajasini kamaytirishga chaqirgan. Yetakchilar "muammoni diplomatik yo‘l bilan hal qilishga qaratilgan birgalikdagi ishni yo‘lga qo‘yishga" kelishib olganlar.

Putin va Tramp telefon orqali muloqot qilib turishga va Gamburgda iyulda o‘tadigan G20 sammiti doirasida yuzma-yuz uchrashishga, Suriya muammosini hal qilish variantlarini izlash bo‘yicha tashqi ishlar boshqarmalari yetakchilari o‘rtasida muloqotni faollashtirishga kelishib olganlar. 

Kremlning ma'lum qilishicha, ikki yetakchi o‘rtasidagi suhbat "amaliy ruhda va sermazmun" o‘tgan.

Bu muloqot Tramp AQSh prezidenti lavozimini bajarishga kirishgandan keyin Putin bilan uchinchi muloqot bo‘ldi.

Top