21:17 / 03.05.2017
8430

Rossiya MSK Navalniyga saylana olmasligini eslatib o‘tdi

Foto: RIA "Novosti"

Rossiya Markaziy saylov komissiyasi kotibi Mayya Grishina muxolifatchi Aleksey Navalniyning o‘z nomzodini saylovlarda qo‘ya olmasligini bayon qildi. U Kirov oblasti sudi «Kirovles» ishi bo‘yicha jinoiy hukm chiqarilganligini qonuniy deb topganidan so‘ng shunday sharh berib o‘tgan, deb xabar beradi TASS.

«Alohida bir shaxsga nisbatan emas, RF fuqarolari og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar uchun ozodlikdan mahrum etilgan bo‘sa, saylovda ovoz berish kunigacha ko‘rsatib o‘tilgan jinoyatlar uchun olib tashlanmagan yoki o‘tab bo‘linmagan sudlanganlikka ega bo‘lishsa saylanish huquqiga ega bo‘lishmaydi», — degan u.

Navalnyy Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 160-moddasi, 4-qismi («O‘zlashtirish va rastrata») bilan sudlangan va 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. Bu jinoyat og‘ir jinoyatlar turiga kiradi.

3 may, chorshanba kuni Kirov oblasti sudi Lenin rayoni sudi tomonidan Aleksey Navalniy va Pyotr Ofitserov (ishning ikkinchi figuranti) ga nisbatan chiqarilgan hukmni o‘z kuchida qoldirgan.

Grishina esa federal qonunchilik qoidalari («Prezident saylovi haqida»gi qonuning 3 moddasi 5.3 bandi) haqida gapirgan. Muxolifatchining o‘zi konstitutsiya unga saylanish huquqini beradi, deb hisoblaydi. Unga ko‘ra, sud tomonidan huquqiy muomalaga layoqatsiz deb topilgan va ozodlikdan mahrum etish joylarida bo‘lganlargina saylana olishmaydi. Siyosatchi konstitutsion sud uning saylovda qatnashishiga to‘sqinlik qiluvchi me'yorning mamlakatning asosiy qonuniga mos kelmayotganligini tan olishiga erishishi mumkin. Bundan tashqari, Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi (IHeS) Rossiya sudining takroriy hukmini yana noqonuniy deb topishi, ehtimoli ham bor.

Navalniy va Ofitserovning himoyachilari Rossiya Oliy sudiga murojaat qilib o‘tirmasdan sud hukmini Strasburgda qayta ko‘rib chiqish uchun murojaat qilishlarini bildirgan.

2017 yil fevralida Lenin rayoni sudi Navalniyni «Kirovles» davlat korxonasining mulkini o‘zlashtirishni tashkillashtirganligi uchun besh yil, Ofitserovni sheriklik uchun to‘rt yil shartli qamoq jazosiga hukm qilgan edi. Siyosatchi va ishbilarmon yana 2013 yilda hukm qilingan muddatlarga jazolanishgan (o‘shanda avvaliga ularga haqiqiy jazo belgilanib, keyin u shartlisiga almashtirilgan edi). Sud dastlabki hukm chiqarilganidan buyon uch yil o‘tganini hisobga olgani uchun, Navalniyning jazo muddati 2018 yilning avgustida tugaydi.

2013 yilgi hukm Rossiya Oliy sudi prezidumi tomonidan IHeS tomonidan sudlanuvchilarning huquqi buzilganligi haqidagi qaroridan so‘ng bekor qilingan edi. Ishni esa yana qayta ko‘rishga yuborishgan. Siyosatchi yana bir ish — «Iv Roshe» bo‘yicha ham 3,5 yil shartli jazo muddatiga sudlangan.

Navalniy 2018 yil bahorda bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlarida qatnashish istagini bot-bot takrorlab keladi.

Top