17:56 / 03.05.2017
9717
Toshkentda Kinematografiyani rivojlantirish markazi ochildi

Bugun Toshkent shahrida Kinematografiyani rivojlantirish markazining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. «O‘zbekkino» MA direktori o‘rinbosari Nizom Mahmudov hamda markaz direktori Oybek Abdushukurov tantanali ochilish marosining an'anaviy qizil lentasini kesishdi. Marosim kinoijodkorlar, kinoshunoslar, xususiy kinostudiyalar rahbarlari va OAV xodimlari ishtirokida bo‘lib o‘tdi.

Marosimdan so‘ng markazning tashkil etilishi, uning maqsad va vazifalari  haqida batafsil ma'lumot berish uchun matbuot anjumani tashkillashtirildi. Unda Markaz direktori Oybek Abdushukurov markazning kelgusidagi faoliyati va rejalari haqida batafsil ma'lumot berdi.

Markazning yaqin vaqtda amalga oshiradigan rejalari:

Kinossenariylar va filmlarni o‘rganish va tahlil qilish bo‘yicha markaz qoshida yetuk dramaturglar, rejissyorlar, kinoshunoslar, kinoprokatchilar va boshqa mutaxassislardan maslahat kengashini tuzish, Kengash tavsiyalari asosida kinoloyihalarni ishlab chiqish;

Markaz a'zoligiga kiruvchi kinostudiyalar tomonidan kinoloyihalarni amalga oshirish uchun moliyaviy manbalarni, xususan homiylik mablag‘larini, moliya tashkilotlarning kreditlarini, davlat subsidiyalari va grantlarini hamda xorijiy investitsiyalarni  jalb qilish;

kinoloyihalar (tanlangan ssenariylar) asosida filmlar ishlab chiqarish uchun ijodiy guruhlar tarkibini shakllantirish va Markazga a'zo kinostudiyalarni qo‘llab-quvvatlash;

tanlovlar tashkil etish (ko‘rik-tanlovlari, kastinglar o‘tkazish) orqali respublikamizdagi yosh iste'dodlarni kashf etish va ularning zaxirasini shakllantirish, mahoratli va professional ijodkorlar to‘g‘risida ma'lumotlar bazasini yaratish, ularga markaz yoki boshqa kinostudiyalar kinoloyihalarida ishtirok etishiga ko‘maklashish;

xorijiy mutaxassislar ishtirokida kino sohasiga oid mahorat darslari tashkil etish;

markaz a'zoligiga kiruvchi  nodavlat kinostudiyalari tomonidan yaratiladigan filmlarning ijtimoiy ahamiyatini oshirishga erishish va ularning prokatdagi istiqbolini ta'minlash maqsadida kinossenariylarni, tayyorlangan filmlarni monitoring qilish va boshqa zaruriy tavsiyalar berib borilishini ta'minlash;

kinoteatr va kinozallarda kinonamoyishlarini tiklash, ularni yagona kinotarmoqga birlashtirish hamda ularga hizmat ko‘rsatuvchi prokat tizimini joriy qilish, tomoshabinlarga kinovideo xizmati ko‘rsatishning innovatsion uslublarini joriy etishga ko‘maklashish;

Filmlar prokatini tashkil etishda axborot xavfsizligi tizimini yaratish va yagona kino tarmoqqa kiruvchi kinoteatr, kinozallar va kinovideo uskunalar komplektatsiyasi va formatlarini bo‘yicha uslubiy texnik tavsiyalar bilan ta'minlash;

“Kinoqaroqchilik”ga qarshi kurashishda zamonaviy texnologik usullarini joriy etish hamda mazkur yo‘nalishda qonun hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish.

Markazning pirovard maqsadi esa, kinematografiya sohasini rivojlantirishda milliy manfaatlarga asoslangan o‘ziga xos o‘zbek modulini yaratishdan iboratdir.

Top