17:43 / 04.05.2017
8712

Mirziyoyev elchilarga hukumat bilan har chorakda uchrashishni taklif qildi

Joriy yilning 4 may kuni Toshkent shahrida Yevropa ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi rahbari elchi Eduards Stiprays jurnalistlarga o‘zi rahbarlik qilayotgan diplomatik missiya haqida ma'lumot berdi. 

Uning ta'kidlashicha, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2 may kuni qator xorijiy elchilaridan ishonch yorliqlarini qabul qilib olar ekan, elchilarni mamlakat mintaqalari, shaharlari va qishloqlariga faolroq tashrif buyurishga chaqirgan. Bu O‘zbekistonning kechagi va hozirgi kunini yaxshiroq tushunishda katta ahamiyat kasb etadi. Shuningdek prezident xorijiy elchilarga respublika bosh vaziri, TIV rahbari va hukumatning boshqa a'zolari bilan har chorakda uchrashuv o‘tkazishni taklif qilgan. Uchrashuvlar doirasida hozirgi muammoli masalalar bo‘yicha maslahatlashuvlar o‘tkaziladi, shuningdek qo‘shma rejalarning amalga oshirilishi muhokama qilinadi. 

Bundan tashqari, uning ta'kidlashicha, YeI Afg‘onistonning eng yirik donori sanaladi hamda O‘zbekistonning bu mamlakatni iqtisodiy jihatdan tiklashdagi sa'y-harakatini ma'qullaydi. 

Aytilishicha, 2016 yilda YeI va O‘zbekiston o‘rtasidagi ikki tomonlama savdo muvozanati bir qadar qisqarib, 1 mlrd. 800 mln. yevroni tashkil etgan. YeI O‘zbekistonning eng yirik savdo sheriklari beshtaligiga kirdi hamda Xitoy, Rossiya va Qozog‘istondan so‘ng to‘rtinchi o‘rinni egalladi. 2016 yilda O‘zbekistonga asosan mashinalar, uskunalar va mexanizmlar, kimyo va u bilan bog‘liq bo‘lgan sanoat mahsulotlari yetkazib berilgan bo‘lsa, O‘zbekiston YeI davlatlariga asosan kimyo va u bilan bog‘liq bo‘lgan sanoat mahsulotlari, gazlama va kiyim-kechak, shuningdek meva-sabzavot hamda boshqa qishloq xo‘jalik mahsulotlari, mineral va boshqa xomashyolarni eksport qilgan. Har ikki tomon ham savdoning hozirgi hajmi qoniqarsiz ekanini tan olmoqda va uni oshirish uchun harakat qilmoqda. 

Shuningdek, YeI O‘zbekiston hukumati tomonidan 2017-2021 yillar uchun Harakatlar strategiyasi doirasida rejalashtirilgan iqtisodiy islohotlarni ma'qullaydi. Mamlakatda biznes yuritish uchun hozirda bor bo‘lgan to‘siqlarni bartaraf etish qulay ishbilarmonlik va sarmoyaviy muhitni yuzaga keltiradi. O‘z navbatida, bu o‘zbek bozoriga ko‘plab Yevropa firma va kompaniyalari kelishiga turtki beradi.

Qayd etilishicha, yaqin vaqt ichida O‘zbekiston hukumati bilan “Meva-sabzavot xo‘jaligini rivojlantirish dasturi” loyihasini moliyalashtirish uchun mablag‘ ajratish bo‘yicha bitim imzolanishi mumkin. Uning doirasida qishloq xo‘jaligi sohasidagi tadqiqotchilik faoliyati, fermerlarga tegishli texnologiyalardan foydalanish imkonini yaratish, shuningdek Milliy oziq-ovqat dasturini xalqaro standartlarga moslashtirish uchun 21,5 mln. yevrolik grant taqdim etiladi.

Top