16:26 / 04.05.2017
18311

Munosabat bildirgim keldi... (minnatdor professor “faryod”i)

Tanasida “issig‘i” borlarning barchasi VAQT “hazrat”larini ham buyuk ne'mat deb bilib, hayotliklarida iloji boricha ko‘proq savobli ish qilishga va shunga ulgurishga mahkam bel bog‘laydilar. Bunday ishlarning hammasi xayrli bo‘lsa-da, ularning, ayniqsa, mamlakat miqyosida, butun bir xalq dardiga malham bo‘lay deb, uning manfaatlarini ko‘zlab qilinayotganlari alohida tahsinga loyiqdir. Chunki bugungi kunda qilinayotgan savobli ish ertaga butun bir mamlakat taraqqiyoti va uni xalqi manfaatlariga xizmat qilishga yo‘naltirilgan bo‘lsa, u asrlar davomida aks-sado berishi, shubhasiz.

Har bir daqiqani qadrlab, uning tilloga tengligini qalban his etib va g‘animatligini hisobga olib, o‘ta shiddatli tarzda ish boshlagan Prezidentimizning yaqinda butun o‘zbekistonliklarning taqdirida hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan yana bir muhim qarori e'lon qilindi. Boshqalarni bilmadim-u, lekin men O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti-ning “Oliy ta'lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2017 yil 20 apreldagi qarorini televideniyeda e'lon qilinayotgan paytda ekrandan ko‘zimni uzmasdan, kiprik qoqmasdan, qulog‘imni “ding” qilib, nafasimni ichimga yutib eshitdim. Axir ne qilay, anchadan bo‘yon shunday mazmun va inqilobiy ruhdagi qarorning qabul qilinishini intizorlik bilan kutgandim-da! Uning ayrim “punkt”larida aks ettirilgan “narsa”lardan ogoh bo‘lib, bolalarcha sakradim. Qo‘limni musht qilib, yuqoriga baland ko‘targan hollarim ham bo‘ldi. Uning bir necha “joy”laridan o‘ta mamnun bo‘lib, “Va nihoyat...”, “Yashasin! Shu kunlarga ham yetib keldik-a”, degan fikrlarni aytib yuborishdan o‘zimni tiyib turolmadim.

Ertasi kuniyoq qarorning to‘liq matnini topib, uni bir necha marta “hijjalab” qayta-qayta o‘qigan bo‘lsam-da, hamon turli ommaviy axborot vositalari orqali e'lon qilinayotgan va shu qarorga daxldor bo‘lgan har bir “material” e'tiborimdan chetda qolayotgani yo‘q. Ularni muntazam ravishda kuzatib borayapman. Tahlil qilayapman. Xulosalar chiqarayapman. Men uchun bir narsa mutlaqo aniq: yurtboshimiz o‘zining bu qarori bilan shu kecha-kunduz va istiqbolda mamlakatimiz oliy ta'lim tizimini rivojlantirishning tamal toshini qo‘yib berdi; qarorda ilm-fan taraqqiyotining yo‘nalishi aniq belgilangan; uning istiqboli bexato mo‘ljalga olingan; bu boradagi ancha yillardan bo‘yon “tiqilib” qolgan, “pishib-yetilgan” muammolarning yechimi ko‘rsatilgan.

Nazarimda, mamlakatimiz buguni va kelajagi taqdiriga befarq bo‘lmagan har bir inson Prezidentimizning bu qaroriga navbatdagi “panja ostidan” qarashga haqi yo‘q. Menga o‘xshab “ilm noni”ni “yeb” yurganlarning barchasi esa aslo qo‘l-qovushtirib o‘tirmasdan, “harakat”larini boshlab yuborishlari kerak. Hech bo‘lmasa, bu tarixiy qarorning zamirida nimalar yotganligini, undan nimalarning “hid”i kelayotganligini zahmatkash xalqimizga tushuntirib berishga o‘z hissamizni qo‘shaylik. Balki shu “xatti-harakat”imiz bilan uning ro‘yobga chiqishiga o‘ziga xos tarzda yordam berarmiz?!

Garchi Prezidentimiz bu qarorning har bir bandiga alohida to‘xtalib o‘tish niyati menda bo‘lsa-da, ushbu maqolam doirasida e'tiboringizni uning “mittigina” bir jihatiga qaratmoqchiman, xolos. Gap shundaki, qarorda mamlakatimiz oliy ta'lim tizimini kelgusida yanada takomillashtirish va kompleks rivojlantirish bo‘yicha eng muhim vazifalar belgilangan bo‘lib, ularning biri sifatida “oliy ta'lim muassasalari ilmiy salohiyatini mustahkamlash, oliy ta'limda ilm-fanni yanada rivojlantirish, uning akademik ilm-fan bilan integratsiyalashuvini kuchaytirish, oliy ta'lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining ilmiy-tadqiqot faoliyati samaradorligi va natijadorligini oshirish, iqtidorli talaba-yoshlarni ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanishga keng jalb etish” belgilangan.

Nima desangiz, deng! Meni laganbardorlikka ayblasangiz ham, mayli! Menimcha, qarorning bu bandida aks ettirilgan vazifaning aynan shu shakl va mazmunda aks etishi yolg‘iz Prezidentimiz o‘zlarining xizmati! Ishoning, “masala”ni o‘z hayotiy “prizma”sidan o‘tkazmagan odam uni bu tarzda qo‘ya-olmaydi. Bu “kuxnya”da “o‘z yog‘iga o‘zi qovrilmagan inson” vazifani bunday qo‘yishga qodir emas. Vazifani bunday aniq va lo‘nda tarzda qo‘yish uchun uning “muallif”i bu boradagi barcha “ikir-chikir”lardan, avvalo, o‘zi ogoh bo‘lmog‘i lozim. Ularni o‘zgalardan “eshitgan”lar vazifani bu tarzda qo‘yish-ning uddasidan chiqaolmaydilar.  Uni aynan shu ma'no va mazmunda qo‘yuvchi shaxs uchun mavjud muammolarni ko‘rishning o‘zi yetarli emas. U uni o‘z qo‘li bilan “ushlab” ham ko‘rgan, qalbidan, vujudidan o‘tkazgan bo‘lishi ham kerak. Soxta “g‘alaba raportlari”ga ishongan odamning xayoliga vazifani bunday tarzda qo‘yish kelmaydi. Haqiqiy vaziyatni ich-ichidan bilib, unga faqat tanqidiy ko‘z bilan dadil qaragan, ilm “planka”sini yuqori olgan shaxsgina bunga qodir.

Endi, bor-yo‘g‘i 6 qatordan iborat bo‘lgan so‘zlar majmui sifatida qaralgan vazifaga bir e'tibor beraylik. Shu munosabat bilan, aytib qo‘yay, bu yerda, aslida, faqat bitta emas, balki o‘ziga xos “global” xarakterga ega bo‘lgan eng kamida 5 ta vazifa qo‘yilgan. Ularning har biri O‘zbekiston xalqi “dardi”ga malham bo‘ladigan, Vatanimiz taraqqiyoti va uning kelajak istiqboliga nisbatan hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan vazifalardir.

Ana shunday vazifalarning eng birinchisi “oliy ta'lim muassasa-lari ilmiy salohiyatini mustahkamlash” tarzida jaranglamoqda. Dast-labki vazifaning bu tarzda qo‘yilishi, istaymizmi yoki yo‘qmi, hozirgi paytdagi oliy ta'lim muassasalari ilmiy salohiyatining mustahkam emas-ligini, ta'bir joiz bo‘lsa, uning zaifligi, kuchsizligi, nochorligi va zamonaviy talablar darajasida emasligining e'tirof etilishidan darak-dir. Holbuki, eng avvalo, oliy ta'lim muassasalarining ilmiy salohiyati mustahkam bo‘lmasa, bu tizimni rivojlantirishning sira iloji yo‘q. Buning ustiga, bu o‘rinda gap ilmiy salohiyatni aslo miqdor jihatdan mustah-kamlash to‘g‘risida ketayotgani yo‘q. Bir tiyinga qimmat, ikki og‘iz gapni tuzukroq gapirolmaydigan, hatto talabalar auditoriyasini ham o‘ziga mahliyo etolmaydigan, fikrini ilm toliblariga yetkazolmaydigan, nima deyayotgan-ligiga o‘zi ham tushunolmaydigan, eskirib ketgan ma'ro‘za matnidan boshini ko‘tarolmaydigan, kafedradan nari ketolmaydigan, fanining ichiga kirish salohiyatidan bebahra bo‘lgan, ilmga ega bo‘lmasa-da, ilmni da'vo qilayotgan... “ilmiy daraja”li “professor-o‘qituvchilar” hisobidan ilmiy salohiyatni mustahkamlash nazarda tutilmayapti.  Oddiygina aytadigan bo‘lsam, gap bu o‘rinda o‘zi bitta bo‘lsa-da, hech bo‘lmaganda, 10 ta soxta “professor-o‘qituv-chi”ga tatiydigan haqiqiy ilm ahli vakillarining salmog‘ini ko‘paytirish to‘g‘risida ketayapti.

Oliy ta'lim muassasalari ilmiy salohiyatini mustahkamlashga “Bo‘l! Ha, bo‘l!” tarzida ish tutib, yana bir marta “kompaniyavozchilik”ni shior qilib, soxta dissertatsiyalar himoyalarini tezlashtirish va ularning sonini ko‘paytirish ham yot. Shunday qilinsa, bu bilan oliy ta'lim muassasalari ilmiy salohiyatini mustahkamlashga emas, balki aksincha, uning tanazzuliga xizmat qilamiz. Ilmga e'tiqod va sadoqat emas, balki “Ilmga – xiyonat!” yo‘lini tutgan bo‘lamiz. “Ilmiy jinoyat”larning oldini olishga ojiz bo‘lib qolaveramiz. Bu boradagi ilmiy salohiyatni mustahkamlash, o‘rni kelgan joylarida Prezidentimiz qayta-qayta ta'kidlayotganlaridek, haqiqatdan ham “Igna bilan quduq qazish”ni o‘ziga shior etganlar va “Beshikdan to qabrgacha ilm izla”shga tayyor bo‘lganlar soni va sifatini ko‘paytirish evaziga amalga oshirilmog‘i lozim. Shunday qilinsa, haqiqiy ilmiy salohiyat tezda o‘z kuchini ko‘rsatadi. Barcha jabhalarda porloq kelajak sari katta-katta dadil qadamlar tashlanaveradi. Ularning natijalarini esa har birimiz tez orada o‘zimizning “issiq tana”miz orqali sezmasdan ilojimiz yo‘q.

Bu yerdagi 2-vazifa “oliy ta'limda ilm-fanni yanada rivojlan-tirish” kerak deb qo‘yilmoqda. Ko‘rib turganingizdek, bu yerda, eng avvalo, 1-vazifa 2-vazifa bilan, o‘ziga xos tarzda, to‘ldirilmoqda. Chunki oliy ta'lim muassasalari ilmiy salohiyatini mustahkamlashni ilm-fanni yanada rivojlantirishdan ayro holda tasavvur etib bo‘lmaydi. Shuning uchun ham ilmiy salohiyatni mustahkamlashning eng muhim yo‘li ilm-fanni yanada rivojlantirishdir, deyilayapti. Ilm-fanni qanday qilib yanada rivojlan-tirish mumkin? Buni o‘z ongli umrini ilmga baxshida etgan, “ilm zah-matlari”dan lazzatlanadigan, kunlarni tunlarga ulash u yoqda tursin, hatto oylab ham kutubxonalardan chiqmaydigan, jazirama issiqda-yu, qahraton qishda ham tajriba-eksperiment o‘tkazishdan aslo charchamaydigan, uzr, “ilm jinnilari”siz tasavvur etib bo‘lmaydi. Bu nomni ko‘tarishga hammamiz ham tayyormizmi?! Oramizda “ilm jinnisi” nomiga ega bo‘lib, undan tom ma'noda zavqlanadigan va huzurlanadiganlarning soni nechta?! Bormi o‘zi?! Bo‘lsa, barmoq bilan sanarli emasmi?!

Oliy ta'lim muassasalarining kafedralarida “tirikchilik” qilayot-gan “professor-o‘qituvchilar”ning asosiy vazifasi “ziyo nurlari”ni taratib, jumladan, ilm-fanni yanada rivojlantirish ham hisoblanadi. Bu vazifani bajarishga o‘zimizning hissamizni qanday qo‘shayapmiz?! Qo‘shayapmizmi o‘zi yoki “taralla-bedod” qilib yuribmizmi?! Shu azim dargohda bir umr “fao-liyat ko‘rsatib”, biror marta salgina “shov-shuv”ga sabab bo‘lgan va ilm-fanni rivojlantirishga “zig‘ircha” hissa qo‘shishi mumkin bo‘lgan “maqola”-yu, “tezischa”ni e'lon qilish qo‘limizdan keldimi?! “Tirikchilik” qilayotgan fanimiz bo‘yicha bittagina o‘quv qo‘llanma yoki darslik yozish ko‘chasiga kiraoldikmi?! Buni uddasidan chiqaolmagan bo‘lsak, “tirikchilik” manbai sifatida qo‘lga kiritgan daromadlarimiz, aslida, “zahar-zaqqum” emasmi?! Nahotki, shu tarzda “oila boqish”ni o‘zimizga ravo ko‘rsak?!... Bundaylarning bahridan to‘liq kechmasdan yoki ularning soni keskin qisqartirmaslan oliy ta'limda ilm-fanni yanada rivojlantirishga yo‘l bo‘lsin! Ishonchingiz komil bo‘lsin: “ilm ildizi”ga “zuluk”dek bunday yopishib olganlar bilan uzoqqa borib bo‘lmaydi; ilmiy taraqqiyotning yangi ufqlarini ko‘rish yana uzoq muddatga cho‘zilib ketaveradi; ilm-fan rivojidagi to‘siqlarni olish yanada murakkablashaveradi va h.k.

O‘sha banddagi 3-vazifa oliy-ta'limdagi ilm-fanning “...akademik ilm-fan bilan integratsiyalashuvini kuchaytirish” deb e'tirof etil-moqda. Bu nima degani? Gap bu o‘rinda oliy ta'lim muassasalarida ham, jumladan, fundamental tadqiqotlarning amalga oshirilishi va ularning ilmiy-tadqiqot muassasalaridagi tadqiqotlar bilan o‘zaro aloqadorligini  kuchaytirish to‘g‘risida ketmoqda. Ma'lumki, “fundamental tadqiqotlar” – oddiy tadqiqotlar emas. Ular o‘z nomi bilan fundamental tadqiqotlardir. Bundan tadqiqotlarda ilm-fan taraqqiyotining o‘ziga xos fundamenti (tub asosi) yaratiladi. Ilm-fanning keyingi taraqqiyoti shu “fundament”ning qanchalik mustahkam “qurilgan”ligiga bog‘liq. “Fundament” qanchalik mustahkam yaratilgan bo‘lsa, uning ustiga qurilgan “ilm-fan uyi” shunchalik ko‘proq va uzoqroq muddatga xizmat qiladi. Qo‘rqitmoqchi emasman-u, lekin to‘g‘risini aytib qo‘yaqolay: bunday tadqiqotlarni amalga oshirishga “ilm tuprog‘i”ni yalashga tayyor turgan har qanday tadqiqotchining ham yuragi “dosh” berolmaydi.

Shu nuqtai-nazardan, oliy ta'lim muassasalaridagi bu masalaga nisbatan tarkib topgan “ahvol”ga bir nazar tashlaylik-chi, nimalarni aniqlay olarkanmiz? Bu muassasalar kafedralarida amalga oshirilayotgan ilmiy tadqiqotlarning ko‘pchiligida ularni fundamental tadqiqot deyilishiga hali yetti qovun pishig‘i bor emasmi?! Hatto kafedra doirasi-dagi tadqiqotchilarning tadqiqot mavzularini o‘zaro muvofiqlashtirish masalasi ham ko‘ngildagidek emas. Bu yerda har kim, o‘z bilganicha, o‘z “qo‘shig‘i”ni aytib yuribdi. O‘zgalarning bu “qo‘shiq”ni eshitish yoki eshitmaslik masalasi uni mutlaqo qiziqtirmaydi. Gap fakultetga tegishli bo‘lgan kafedralardagi ilmiy-tadqiqot ishlari mavzularini o‘zaro muvofiq-lashtirish xususida ketsa, muammoning yanada o‘tkirlashayotganligi ma'lum bo‘ladi. Ushbu masalaga oliy ta'lim dargohi darajasida qaralsa masala yanada dolzarblashadi.

Keyingi yillarda ancha ijobiy ishlar qilingan bo‘lishiga qaramasdan bu masalaga nisbatan oliy ta'lim muassasalarida tarkib topgan vaziyat hamon menga rus yozuvchisi Krilov masalidagi oqqush, cho‘rtanbaliq va qisqabaqaning yuk ortilgan aravani tortish borasidagi behuda urinishini eslatadi. Kafedra, fakultet va oliy ta'lim dargohi doirasida “baliqlar” dengiz tomon yo‘l olganligi, “qisqichbaqalar” quriqlik sari intilganligi va “oqqushlar” ko‘kka qarab parvoz qilgani uchun “ilm aravasi”ning o‘rnidan siljishi juda qiyin kechmayaptimi?! Hamon  u, deyarli, o‘z joyida turibdi. Nima dedingiz?! Prezidentimizning bu borada haddan ziyod nega kuyib-pishayotganlarini endi tushungandirsiz? Ul zot “fig‘on”larining bekordan-bekorga “falak”ka chiqmayotganligini endi sezgandirsiz?!

Qarorning bu bandida aks ettirilgan 4-vazifa “oliy ta'lim muassa-salari professor-o‘qituvchilarining ilmiy-tadqiqot faoliyati samara-dorligi va natijadorligini oshirish”ga tegishli. Prezidentimiz qaro-rida bunday vazifaning qo‘yilishi oliy ta'lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining ilmiy-tadqiqot faoliyati samaradorligi va natija-dorligining pastligiga nisbatan o‘ziga xos “signal”dir. Bunday “signal”-ning “chalinish”i ham bekorga emas. Marhamat, xolisona o‘ylab ko‘raylik “ilmga tashna professor-o‘qituvchilarimiz” “ilmiy-tadqiqot faoliyati”ning samaradorligi va natijadorligi qanday? Ular nimada yoki nimalarda o‘z aksini topayapti? “Ilmiy-tadqiqot faoliyati”miz samaradorligi va natija-dorligini o‘zimizcha, asosan, bizga “ilmiy daraja” berishga qaratilgan “diplom”ni qo‘lga kiritish bilan o‘lchamayapmizmi? Butun diqqat-e'ti-borimiz shunga qaratilmaganmi? Talabga ega bo‘lmagan “ilmiy mahsulot”ni yaratmayapmizmi? Hech qanday ehtiyojni qondirolmaydigan “xizmat”larni taklif etmayapmizmi? Nega bizga turli vazirliklar, qo‘mitalar, agent-liklar, assotsiatsiyalar, xoldinglar, kompaniyalar va h.k.lar o‘zlariga tegishli bo‘lgan muammolarni hal qilishga ilmiy buyurtma berishmaydi? Ular bunday buyurtma bermasligining sabablari nimada? Buyurtma berma-yotganlarida nega ularning oldiga borib o‘zimizning nimaga qodirligi-mizni, salohiyatimizni ko‘rsatmayapmiz? Ishlab chiqarish bilan fanning integratsiyalashuvidan, aslida, hammamiz manfaatdormiz-ku?! Bu narsa ularga ham, bizga ham yaxshi-ku! Nahotki, butun dunyoda “Taraqqiyotni nima belgilab beradi?”, - degan savolga bir xilda “Ilmu-fan!” deb javob berilayotganda, har ikki tomon ham bir to‘xtamga kelolmasdan arosatdamiz?! Bundan kim yutayapti-yu, kim yutqizayapti? Har ikkala tomon ham yutqiz-mayaptimi? Bu bozor iqtisodiyotning aksioma sifatida umume'tirof etilgan eng elementar asriy qoidalariga zid emasmi?!...

Va, nihoyat, qarorning shu bandida o‘z ifodasini topgan va prinsipial ahamiyatga molik bo‘lgan 5-vazifa “iqtidorli talaba-yoshlarni ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanishga keng jalb etish”dir. E'tibor bering: gap bu yerda oliy ta'lim muassasalarida ta'lim olayotgan “uchar”, “hojatbaror”, har qanday “xizmatga doim tayyor” va h.k. shunga o‘xshash “xislat”lari bilan alohida ajralib turadigan talaba-yoshlarni bu jarayonga jalb qilish to‘g‘risida ketmayapti. Shuningdek, Prezident qarorida hamma talaba-yoshlar-ni ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanishga keng jalb etish to‘g‘risida ham gap ketayotgani yo‘q. Chunki talaba-yoshlarning hammasi ham ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanishni istashmaydi. Ularning faqat iqtidorli qismigina shunga qodir. Buning ustiga, ilmga ega bo‘lishning igna bilan quduq qazishga barobarligi hatto iqtidorli talaba yoshlarni ham ilmiy faoliyat ko‘rsatishdan yaxshigina “cho‘chitib” turadi. Demak, vazifa yanada murakkab-lashadi. Bunday sharoitda iqtidorli talaba-yoshlar orasidan “ilm qilish”ga moyilligi bor, ilmning “chaqir yo‘llarida” “oyog‘i chaqa” bo‘lganda chiday-digan, ilmning zahmatlarini rohat deb biladigan, uning sitamlariga chidam-bardosh bilan sabr qiladigan, “Ilm!” deganda yuragi “hapqirib” ketadigan, badaniga titroq kiradigan, ko‘zlari ixtiyorsiz yoshlanadigan, bolalarcha sakraydigan “ilm fanatlari”ni tanlab olish alohida ahamiyat kasb etadi. Bunday salohiyatga ega bo‘lgan iqtidorli talaba-yoshlarni ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanishga jalb qilib, ularga ko‘zlangan manzilga yetib borishning to‘g‘ri yo‘lini ko‘rsatib qo‘yishning o‘zi yetarli. Ularning har qanday “ilm toshi”ni parcha-parcha qilib teshib chiqib, samaradorligi va natijadorligi yuqori bo‘lgan ilmiy faoliyatni amalga oshirishga kuchlari yetadi.

Yilning boshidayoq Prezidentimiz tomonidan kun tartibiga qo‘yilgan ikki holat, ya'ni tanqidiy tahlil va keraksiz “g‘alaba raportlari”ga nisbatan qo‘yilgan talablaridan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy ta'lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2017 yil 20 apreldagi qarorining qariyb 6 qator so‘zlar majmuasidan iborat bir bandiga ana shunday munosabat bildirishni biz o‘zimizga ep ko‘rdik. Uni navbatdagi tashlangan to‘g‘ri qadamdan minnat-dor bo‘lgan va bir umr “ilm tuprog‘i”ni ko‘ziga surib, “to‘tiyo” qilib yurgan oddiy bir professorning qalb “faryod”i deb bilgaysiz.

Tohir MALIKOV
iqtisod fanlari doktori, professor

Top