18:50 / 05.05.2017
37427

Toshkentda «lirikachilar» faoliyatiga chek qo‘yildi

Foto: nebolet.com

Tarkibida psixotrop moddalar bo‘lgan dori-darmonlar noqonuniy savdosi xalqaro narkobiznesning bir qismini tashkil etadi. Jumladan, «Tramadol» va «Lirika» psixofaol dori vositalarining noqonuniy savdosi bugungi kunda ko‘plab davlatlarda bo‘lgani kabi mamlakatimizda ham uchrab turibdi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston IIV rasmiy sayti.

Ta'kidlash joizki, «Tramadol» va «Lirika» kabi dori vositalari giyohvandlik moddalaridek insonga ta'sir etadi. Xususan, psixofaol dori vositasi iste'mol qilingan vaqtda kishining kayfiyati ko‘tariladi, faolligi, ishchanlik xususiyati kuchayadi. Ammo iste'mol to‘xtatilishi bilan qorin qismida og‘riq paydo bo‘lib, ko‘ngil aynishi, holsizlik, qattiq bosh og‘rig‘i singari holatlar kuzatiladi. Qisqasi, ushbu dori vositalarini doimiy iste'mol qilgan odam oxir-oqibat ularga butkul qaram bo‘lib qoladi. 

Milliy qonunchiligimizga muvofiq, «Lirika» va «Tramadol» dorilarini shifokor retseptiga ko‘ra, faqat dorixonalardan xarid qilish mumkin. Biroq ayrim «tadbirkorlar» mo‘may pul topish maqsadida bu kabi dori vositalarini qonunga zid ravishda sotish bilan mashg‘ul bo‘lishmoqda. 

IIV JQBB Narkotik moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari tomonidan ana shunday dorifurushlarning faoliyatiga chek qo‘yildi. Xususan, tezkor tadbirlar jarayonida poytaxtimizning Chilonzor tumanida joylashgan «Garmojka» savdo rastasi, «Ko‘hinur» restorani va Uchtepa tumanidagi «Napoleon d’or» kafesi atrofida tarkibida psixotrop moddalar bo‘lgan dori-darmonlar savdosi bilan shug‘ullanayotgan shaxslar qo‘lga olindi.

Umuman, tezkor tadbirlar natijasida 6 ming 20 dona psixofaol dori vositasi, 11 million 213 ming so‘m mablag‘ ashyoviy dalil sifatida olindi.

Top