18:53 / 06.05.2017
9549

Shavkat Mirziyoyev nomidan sirdaryolik Ikkinchi jahon urushi qatnashchisiga uy berildi

Foto: O‘zA

Sirdaryolik Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Xolqo‘zi Toshqo‘ziyevga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tabrigi hamda Guliston shahridagi ko‘p qavatli uydan 2 xonali xonadonning kaliti tantanali ravishda topshirildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 4 apreldagi “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi farmoni hamda "Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq, urush va mehnat fronti faxriylariga alohida hurmat-ehtirom ko‘rsatilmoqda. Uy-joyga ehtiyoji borlarga turar joy ajratish, navbatsiz haj safariga yuborish, navbatsiz avtomobil sotib olish uchun sertifikatlar, 2 million so‘mdan pul mukofoti topshirilmoqda. 

Xolqo‘zi Toshqo‘ziyev 1943 yili 18 yoshida urushga ketib, fashizmga qarshi janglarda ishtirok etdi, bir necha bor yaralandi. Hozirgi Kaliningrad shahri uchun bo‘lgan qaqshatqich jangda yaralandi. Gospitalda davolanib qaytgach, sapyor sifatida xizmatni davom ettirdi. Urushdan keyin ham harbiy qo‘shin safida hududlarni fashist bosqinchilaridan qolgan minalardan tozalash ishlarida faol ishtirok etdi. Zararsizlantirish operatsiyalaridan birida jarohatlanib, yana gospitalga tushdi. 1952 yildagina uyiga qaytdi. 

– Turmush qurganimizga 60 yildan oshdi, – deydi Xolqo‘zi boboning turmush o‘rtog‘i, keksa pedagog Mukarram Toshqo‘ziyeva. – Shunday dorilomon kunlarga yetkazganiga shukr. Farzandlar, nabirayu chevaralar tus-tugal. Biri ishlasa, boshqasi o‘qiydi. 

Prezidentning bayram tabrigi, yangi uyning kaliti va ko‘plab sovg‘a-salomlarni olgan Xolqo‘zi bobo nuroniylarga, ayniqsa, urush qatnashchilariga ko‘rsatilayotgan yuksak e'tibor va g‘amxo‘rlik uchun O‘zbekiston rahbariga, hukumatga, barcha saxovatli insonlarga minnatdorlik bildirib, yurtimizda tinchlik-osoyishtalik barqaror bo‘lishini tilab, duo qildi. 

Mavzuga oid
Top