22:11 / 06.05.2017
28033

O‘zbekistonda Nobel mukofotini olishga ishtiyoqmand bir bola bor...

Yurtimiz qadimdan buyuk allomalar beshigini tebratgan. Ularning aqli zakovati jahon sivilizatsiyasiga o‘zining munosib  hissasini qo‘shib kelgan. Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali Ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Zahiriddin Muhammad Bobur, Al Xorazmiy - bularning nomlarini ko‘plab davom ettirishimiz mumkin. Bu bobolarimiz o‘zlarining qomusiy bilim sohiblari bo‘lganligi bilan G‘arb va Sharq mamlakatlarini lol qoldirgan. Har doim bizda nega bugungi kunda shunday allomalarimiz yo‘q-mi, degan savol tug‘iladi. 

Aslida, yo‘q emas bor. Bugungi kun o‘zbek olimlarining ilmiy izlanishlari ham tahsinga sazovor, faqat fan va texnika sohasi shiddat bilan rivojlangani sari ularning ilm sohasida olib borayotgan ilmiy  izlanishlari kichik tor yo‘nalishlarga bo‘linib ketgan. Masalan, organik kimyo, noorganik kimyo, tibbiyot, yurak   jarrohligi, uralogiya, geologiya, matematika, fizika sohalarida bugungi kunda dunyo tan olgan olimlarimiz bor. Biz har doim ular bilan faxrlanamiz. Ammo kelajakda bizni nima kutmoqda? Kelajakda-chi shu ota-bobolarimizdek olimlarimiz bormi? 

Bugungi kunda farzandlarimiz nima bilan mashg‘ul?  Kelajakda yurtimizdan qanday olimlarimiz yetishib chiqmoqda, degan shu kabi savollarga aniqlik kiritishga harakat qildik. Xalqimizda ajoyib bir maqollar bor – “Oqqan daryo oqaveradi”, “Ot o‘rnini toy bosar”. Yurtimizda yosh o‘zbek Mendeleyevining vujudga kelganligi buning yorqin isbotidir. 

Qo‘chqorov Zafarjon Odilovich, 2010 yil Toshkent shahrida tavallud topgan. U 4 yoshligidan D. Mendeleyevning Kimyoviy elementlar davriy jadvalining 118 elementni yoddan bilgan. Onasining aytishicha, Zafarjondagi ilk qobiliyatini 2 yoshligidanoq  payqashgan. Onasi Xolbekova Nigora O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi aspiranturasida tahsil olgan paytda onasi bilan birga kutubxonaga borib, o‘yinchoqlar o‘rniga kitoblar dunyosiga mehr qo‘ygan. Bir kuni 4 yoshli Zafarjonning qo‘liga 7-sinf kimyo darsligi tushib qoladi va birinchi sahifadagi rangli D.Mendeleyevning Kimyoviy elementlar davriy jadvali uni o‘ziga ohanraboday tortadi. Qiziquvchan Zafarjon oyisidan jadvaldagi qizil, yashil va sariq ranglarni nimani anglatishini so‘raydi. Alifbodan ancha savodi bo‘lganligi uchun keyin lotin alifbosidagi elementlarni so‘ray boshlaydi. Nigora opa Zafarjonga erinmasdan elementlarni nomlari bilan o‘yin tariqasida o‘rgata boshlaydi.

Bir kuni ko‘chada aylanib yurganida dorixona oynasida katta qilib reklama uchun osib quyilgan vitaminlarga ko‘zi tushib qoladi va unda  Sa, K, Mg va bir nechta elementlardan tashkil topgan vitaminni o‘qiydi va oyisidan so‘raydi: “Nega bu kimyoviy elementlar dorixonaning oynasida osilib turibdi?”. Nigora opa unga barcha dorilar kimyoviy elementlardan tashkil topganligini tushuntiradi. Kichik Zafarjonni bu yanada o‘ziga maftun etadi va u barcha elementlarni yod ola boshlaydi va tezda o‘z maqsadiga yetadi.

Hozirda Zafarjon olti yoshda. U Mendeleyevning Kimyoviy elementlari davriy jadvalidagi 118 ta elementni tartib raqami bo‘yicha yoddan ayta oladi va formulasi bo‘yicha ketma-ketlikda yoza oladi. Nigora opaning ikkinchi farzandi Qo‘chqorova Zeboxon 4 yoshda, u ham akasining yonida turib Mendeleyevning Kimyoviy elementlari davriy jadvalidagi 118 ta elementni tartib raqami bo‘yicha yod olgan.

Bundan tashqari, bu ikki kichkintoy ingliz tilida bemalol muloqot qila oladi. Zafarjon matematikadan qo‘shish, ayirish, ko‘paytirish amallarini bajara oladi. Zafarjonning dunyoqarashi, fikrlash doirasi juda teran. Men unga “katta bo‘lsang kim bo‘lasan?”, degan savolimga u hech ikkilanmasdan “neftchi” bo‘laman, deb javob berdi.

Bir kuni u televezordan “Munosabat” ko‘rsatuvi orqali olimlar bilan suhbatda kimyo fanlari doktori proffessor Boboyev Turg‘un domla bilan suhbat jarayonini ko‘rib qoladi. Domlaning gaplarini eshitadi. Ko‘rsatuv tugagandan keyin onasidan domla haqida so‘ray boshlaydi. Zafarjon onasidan takror va takror domlaning oldiga olib borishini so‘raydi. Nigora opa farzandining rayiga qarab, uni O‘zbekiston Milliy Universiteti Kimyo fakultetiga Kimyo fanlari doktori professor Turg‘un Boboyev domlaning oldiga olib boradi. Ustoz Turg‘un Boboyev jajji shogirdi bilan dildan suhbatlashadi va Odil aka hamda Nigora opaga kerakli tavsiyalarini beradi. Zafarjonga hozirda kimyo laboratoriyasi ta'mirlanayotganligini, ta'mirdan chiqqandan keyin uni laboratoriyaga taklif qilishini aytadi.

Bizning jajji Zafarjonning orzulari bir jahon va o‘zi ham kimyoviy element yaratib Nobel mukofoti olmoqchi ekanligini aytdi. Har bir ota-ona o‘z farzandini kichikligidan ilm olamiga olib kirsa, ko‘chada vaqtini behuda sarflamasa, albatta, bizning farzandlarimizdan bobolarimiz Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali Ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Zahiriddin Muhammad Bobur, Al Xorazmiy kabi buyuk allomalar yetishib chiqishiga ishonamiz.

Odil Ko‘chimov

Top