22:57 / 07.05.2017
63225

Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi xodimlaridan 500 nafarga yaqini ishini yo‘qotdi

Foto: ung.uz

Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodining Pop terminalida ishlab kelgan 500 nafarga yaqin kishi doimiy ishidan ommaviy ravishda bo‘shatilgan va ularga kasanachilik ishlari taklif etilgan. 

«Kun» nashriga qilingan murojaatlarda bildirilishicha, berilgan takliflar ularni qoniqtirmagan.

«Hozirgi vaqtda yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha turli qarorlar chiqayotgan bir vaqtda FNQIZning bu ishi ishsizlik ko‘payishiga sabab bo‘ldi. Terminalimizdagi yoshlarning yarmi, yuzlab oliy ma'lumotli xodimlar ishdan bo‘shashi haqida ma'lumotlar tarqalgan. Iltimos, shu muammo hal qilinishida yordam bersangiz», deyiladi murojaatda.

Sayt muxbiri Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi Pop terminali kasaba uyushmasi raisi Isroil Parpiyev bilan bog‘langan va bu shikoyatni yetkazgan.

«Ha, bizda chindan ham qisqartirish jarayoni ketmoqda. Angren-Pop temir yo‘li ishga tushgunga qadar neft mahsulotlarini yetkazib berishda xodimlarning ishchi kuchiga tayanganmiz. Temir yo‘l ishga tushgach, bu masala hal etildi. Natijada, ishchi kuchini qisqartirishga to‘g‘ri keldi. Xodimlarimiz may-iyul oylariga qadar ishlab turishi mumkin. Biz ularni bu haqida ogohlantirganmiz. Ular yangi ish o‘rinlari topgunlariga qadar maosh olishlarini zavodimiz kafolatlab bermoqda.

Buni albatta, qonuniy ravishda amalga oshiryapmiz. Yanada aniqroq qilib aytsam, O‘zbekiston Respublikasining Mehnat Kodeksida yollanma ishchilarni ish bilan ta'minlash va lavozimidan ozod etish faqat ish beruvchi tomonidan amalga oshirilish holatlari ko‘rsatib o‘tilgan. Kodeksning 100-moddasida shunday qaydlar bor. Ya'ni ikki oylik ogohlantirish ichida xodimga haq to‘lanadagan alohida bir kun belgilanadi. Shartnoma bekor qilinayotganida beriladigan kompensatsiya to‘lovi ham bor. Qolaversa, zavodning o‘z jamoa shartnomasi bor. Unga ko‘ra boquvchisi yo‘qotgan yoki ikkidan ortiq qaramog‘ida farzandi bo‘lgan shaxslarga 10 minimal miqdorida qo‘shimcha pul to‘lanadi. Biz o‘zimizdagi qo‘shimcha ish o‘rinlarini ham ularga taklif etamiz. Ma'qul kelsa ishlarini davom ettirishlari mumkin. Aytaylik, Oltiariqdan, Farg‘onadan yoki Buxorodan, hatto undan olis masofada yashovchi ishchilarimiz orasidan zavodimizda ishlash taklifi bilan kelganlar bor. Yo‘l qatnovi, yashash sharoitini eplay olsa marhamat qilib bizda ishlashi mumkin. Ko‘pchilik xodimlarimiz shu tartibga rozi. Norozilar esa turli ig‘volar bilan ustimizdan yozishmoqda. Nachora, hammaga bab-baravar yoqishning imkoniyati yo‘q Hozirgi holat shunday», degan u.

Ma'lumot uchun, Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi unitar sho‘'ba korxonasi «O‘zneftmahsulot» AJ tarkibida bo‘lib, neftni qayta ishlash sohasidagi yoqilg‘i-moy ishlab chiqarish bo‘yicha deyarli barcha turdagi neft mahsulotlari assortimentini o‘z ichiga oladi.

Top