19:31 / 08.05.2017
26416

Makronning muvaffaqiyatiga sabab bo‘lgan 5 ta fakt

Foto: Reuters

Fransiyaning yangi saylangan prezidenti, 39 yoshli Emmanuel Makron shu vaqtgacha Rothschild & Cie Banque bankida investitsiyalar bo‘yicha bankir, Fransua Olland hukumatida iqtisodiyot vaziri bo‘lishga ham ulgurdi. Kelasi besh yilda u dunyoning yadroviy davlatlaridan biri – Fransiyaning prezidenti lavozimini egallaydi. 

U o‘ta o‘ng kayfiyatdagi “Milliy Front” yetakchisi Marin Le Penni deyarli 2 baravar farq bilan ortda qoldirdi. Shu bilan Makron Fransiyaning so‘nggi 140 yillik tarixidagi eng yosh davlat rahbari nomini qo‘lga kiritdi. Xo‘sh, Yevropaning so‘nggi bir necha yilliklardagi eng muhim saylovi natijasi haqida nimalarni bilish lozim? Insider.pro sayti shu xususda tahlil yuritadi.

1. Populizm* rad etilmadi, balki ortga surildi

Ha, Yevropa elitasi uchun hayot-mamot masalasi bo‘lgan siyosiy g‘alaba kurashi poyoniga yetgani yo‘q. Garchi, keng jamoatchilik asosiy siyosiy ziddiyatlarni alohida bir shaxslarning qarama-qarshiligi sifatida qabul qilsa-da, statistika o‘z vazifasini bajarmoqda: bir yildan oshdiki, ishsizlar soni kamaymoqda, iqtisodiyot barqarorlasha boshladi. Tadqiqotlarga ko‘ra, iqtisodiy o‘sish sur'atlari so‘nggi 6 yildagi eng yuqori ko‘rsatkichiga yetdi. 

Foto: Reuters

Albatta, ayni shu narsa ham Le Penni norozi kayfiyatdagi saylovchilar ovozidan mahrum qildi. Ikki hafta muqaddam, Marin Le Pen 21,3 foiz to‘pladi. 2014 yilda uning partiyasi YeI parlamenti uchun saylovlarda 24,8 foiz ovoz to‘plagan edi. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, 2014 yilgi natija “Milliy Front” uchun inqirozdan keyingi yagona eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ldi. Ammo, siyosiy oqimlarning mashhurligi davriylik kasb etadi, radikal siyosatchilarni qo‘llab-quvvatlash darajasini anglatuvchi ko‘pgina omillar — globallashuv tanqidi, Islom dini tarqalishidan qo‘rquv, ishsizlik — bularning barchasi o‘z ta'siriga ega. Marinning natijasi otasi Jan-Mari Le Penning 2002 yilgi prezidentlik saylovi ikkinchi turida ko‘rsatgan 17,8 foizlik ko‘rsatkichidan deyarli ikki baravar yuqoriligicha qoldi va uzoq istiqbolda “Milliy Front” mashhurligi ortishi tabiiy. 

2. Frantsuzcha istisno

2016 yilda populizm ikkita yirik g‘alabaga erishdi. Bular Donald Trampning prezident sifatida saylanishi hamda Brexit bo‘yicha referendumda YeI tarkibidan chiquvchilarning g‘alaba qozonishidir. Bunda, asosan, yoshi katta kishilarning ovozi muhim o‘rin tutdi. Xususan, Trampni qo‘llab-quvvatlagan 65 yoshdan katta saylovchilar orasidagi farq 8 foizni tashkil etgan bo‘lsa, Brexit tashabbusini ma'qullagan keksa britaniyaliklar 20 foizga ko‘proq edi. “Biroq, Fransiyada Le Pen barcha yoshdagi saylovchilar orasida faqat yoshlar o‘rtasida mashhurroq bo‘ldi”, - deydi Harvard universiteti o‘qituvchisi Yasha Munk. Uning aytishicha, boshqa saylovchilar 80/20 nisbatda Makron foydasiga ovoz berishgan. 

Foto: EPA

3. Yevroni qo‘llab-quvvatlash

Aniqki, nafaqaxo‘rlar va pensionerlarning Le Pen g‘alabasini xohlamaganiga qisman uning yevrodan voz kechib frankni qayta joriy etishni va'da qilgani ham sabab bo‘ldi. Avvalroq, Opinion-Way.fr ijtimoiy markazi Le Penning Yevro hududidan chiqish va'dasi naqadar haqiqatga mos keladi, degan savol bilan murojaat qilganida, javob beruvchilar 80/20 nisbatda «yo‘q» (mos kelmaydi) deya javob berishgan. «Frexit» pul qadrsizlanishi va pensionerlar xarid qobiliyati pasayishini anglatar edi. Shunga ko‘ra, ular, deyarli barcha rivojlangan mamlakatlarda bo‘lgani kabi saylov natijalariga ta'sir ko‘rsata oldi.  Fransiya saylovchilari arzonroq va ancha erkinroq valyuta ularning muammolarini Gretsiyadan ko‘ra samaraliroq hal qilib berishiga ishonishmaydi. Import mahsulotlarining 48 foizi aynan Yevro hududdan kirib kelishini bilish masalaga uzil-kesil nuqta qo‘yadi. 

Foto: NYTIMES

4. Makron tez xulosa chiqara oladi

Makron birinchi turdagi g‘alabadan so‘ng, Parijdagi oliy toifali restoranda tantanali kecha tashkil etgan edi. Ko‘pchilik, bundan uning ikkinchi turdagi g‘alabaga ishonchi yuqori ekanini anglab yetishdi. Ammo, haddan ortiq o‘ziga ishonish Makron obro‘siga putur yetkazib qo‘yishi hech gap emas edi. Shu sababli, o‘zining qaltis harakatidan tezda xulosa chiqargan siyosatchi 7 maydagi g‘alaba nutqida kamtarlik qilib, raqiblariga nisbatan ohangini yumshatdi. Axir, uning “Olg‘a!” harakati iyun oyida Assambleya uchun saylovlarda ham g‘alaba qozonishiga kafolat yo‘q. Axir, Makron parlamentda aksar o‘ringa ega bo‘lmas ekan, rejalashtirgan islohotlarini amalga oshira olmaydi. 

5. Saylovchilar soxta xabarlarga e'tibor bermay qo‘yishdi

Fransiya prezidentlik saylovi natijasining eng muhim ijobiy natijasi shu bo‘ldiki, fransuz saylovchilari soxta xabarlarga unchalik ham ishonavermasligini namoyish eta oldi. Bunday xabarlarning aksariyati Makron obro‘sini tushirishga qaratilgan edi. Uning Baham orollaridagi maxfiy bank hisob raqamlariga egaligiga o‘xshash turli xabarlar Fransiya internet tarmog‘ida keng tarqaldi. Biroq, ularni hech kim qo‘llab-quvvatlamadi. Hatto, nomzod qarorgohi elektron maktublarining xakerlar tomonidan e'lon qilinishi ham salbiy ta'sir ko‘rsata olmadi. Biroq, shuni ham alohida ta'kidlash joizki, o‘ng markazchi kayfiyatdagi nomzod Fransua Fiyonni obro‘sizlantirishga qaratilgan kampaniya o‘z samarasini bermay qolmadi. Chunki, ularda qaysidir ma'noda haqiqat mujassam edi. Shunday ekan, aytish mumkinki, siyosiy elita jamoatchilik fikrini professionallarga xos tarzda boshqarishda davom etar ekan, Fransiya demokratiyasiga hech narsa tahdid solmaydi. 

Foto: EPA

*Populizm – populizm negizida u yoki bu siyosiy kuchning omma ishonchini qozonish, qo‘llab-quvvatlashiga erishish, xalqqa yoqish istagi kuchli bo‘ladi. Bunda populist siyosatchilarning asl maqsadi (hokimiyat uchun kurash, boylik orttirish va shu k.) ijtimoiy jozibador g‘oyalar ortiga yashiringan bo‘ladi. 

Mavzu
Fransiyada prezident saylovi
11 nafar nomzod Yelisey saroyi uchun kurash olib bormoqda. Fransiya konstitutsiyasiga muvofiq, birinchi turdan so‘ng ikki nomzod qoladi. Ular saylovning yakuniy bosqichida ishtirok etadi. Ikkinchi tur 7 may kuni bo‘lib o‘tadi.
Barchasi
Top