09:30 / 08.05.2017
32735

Fransiya yosh prezidentga ega bo‘ldi, 39 yoshli Makronning g‘alabasi tasodifmi?

Fransiya prezidentligi uchun saylovlardagi kutilmagan va syurprizlarga to‘la bo‘lgan saylov kampaniyasi hech qanday syurprizsiz yakunlandi – “Olg‘a” harakati yetakchisi, mamlakat sobiq iqtisodiyot vaziri Emmanuel Makron yangi davlat rahbariga aylandi.

Fransiya IIVning so‘nggi ma'lumotlariga ko‘ra, 34 millionta byulleten (95 foiz) o‘rganib chiqildi. Makron uchun saylovchilarning 65,48 foizi ovoz bergan bo‘lsa, uning raqibasi – “Milliy front” partiyasi yetakchisi Marin Le Penga – 34,52 foiz.

Beshinchi respublikada prezidentlik saylovlari 11-marta o‘tkazildi. Davlat rahbari to‘g‘ridan-to‘g‘ri yashirin ovoz berish yo‘li bilan besh yilga saylanadi, saylovlarda 18 yoshdan katta bo‘lgan fuqarolar – taxminan 47 million saylovchi ishtirok etishi mumkin. O‘z lavozimidan ketayotgan Fransua Ollandga qadar davlat rahbari sifatida Sharl de Goll, Jorj Pompidu, Valeri Jiskar d'Esten, Fransua Mitteran, Jak Shirak va Nikolya Sarkozi ishlagan.

Makronning o‘zi kim?

Foto:  RIA Novosti

Makron Fransiyaning yangi tarixidagi eng yosh prezidenti bo‘ldi – u 39 yoshda. U Fransiyadagi eng nufuzli o‘quv muassasalaridan biri - Sciences-Po Parij siyosiy tadqiqotlar Institutini tamomlagan, shundan so‘ng ENA Milliy ma'muriyatchilik maktabida tahsil olgan. Makron falsafa magistri sanaladi, shuningdek, nemis idealisti, dialektika asoschisi Georg Gegel haqida falsafa bo‘yicha ilmiy ish yozgan.

Makron 2008 yilda Rothschild & Cie bankiga ishga kelib, ikki yildan so‘ng unda boshqaruvchi sherik lavozimiga qadar ko‘tarilgan. U bankda ishlagan vaqti uch million yevrodan ortiq mablag‘ ishlab topdi, so‘ngra siyosiy faoliyatini boshladi. 2012 yilda u prezident Fransua Olland huzuridagi bosh kotib o‘rinbosari etib tayinlandi. Ikki yil o‘tib bu lavozimdan ketdi hamda 36 yoshida Fransiya iqtisodiyot, sanoat va raqamli texnologiyalar vaziri bo‘ldi.

Makron davlat rahbari lavozimiga o‘z nomzodini qo‘yishi haqida 2016 yilning noyabrida ma'lum qildi. Avvalroq, o‘sha yilning aprelida u En Marche! ("Olg‘a") harakatiga asos soldi. Makron bir yil davomida undan hech kim kutmagan ishni qila oldi – jamoatchilik so‘rovlarida kutilmaganda yetakchi pozitsiyaga chiqib oldi.

Kampaniya

Foto:  RIA Novosti

Saylovlarning birinchi turi 23 aprel kuni bo‘lib o‘tdi, uning natijalariga ko‘ra, prezidentlik kursisi uchun kurashni 24,01 foiz ovoz to‘plagan Makron va o‘ng “Milliy front” partiyasi yetakchisi Marin Le Pen (21,3 foiz ovoz) davom ettirdi.

Fransiyada 2017 yilgi saylovoldi kampaniyasi eng janjalli va kutilmagan voqealarga boy bo‘ldi. Beshinchi respublika tarixida ilk bor mamlakatning amaldagi yetakchisi Fransua Olland ikkinchi muddatga saylanishdan bosh tortdi, u boshqaruvi davridagi muvaffaqiyatsizliklar tufayli qayta saylana olmasligini yaxshi tushundi.

Shuningdek, ilk bor ikkinchi turga muqobil nomzodlar chiqa oldi, o‘nglar va sotsialistlar esa bu safar mag‘lub bo‘lishdi: hukmron Sotsialistik partiya raisi, sobiq ta'lim vaziri Benua Amon partiyadoshlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanmadi hamda ular Makronga o‘z ovozlarini berishdi.

Yil avvalida prezidentlik poygasi favoritlaridan biri, deb hisoblangan “Respublikachilar” nomzodi, mamlakat sobiq bosh vaziri Fransua Fiyon esa mojarolar seriyasi qurboniga aylandi va faqatgina uchinchi o‘rinni egalladi - 20,01 foiz.

Saylovlar kuni

Foto:  RIA Novosti

Fransiyaning qator hududlari va departamentlarida ovoz berish shanba kuni bo‘lib o‘tdi, biroq metropoliya va xorijdagi saylovchilarning katta qismi yakshanba kuni o‘z ovozlarini berishdi.

Chorshanba kuni, ovoz berishning ikkinchi turi avvalida bo‘lib o‘tgan va katta shov-shuvga sabab bo‘lgan debatlardan so‘ng, fratsuzlar va xorijiy kuzatuvchilar aynan Makron prezident bo‘lishini aniq tushunib turishgandi.

Ertalab, nomzodlarning o‘zi ovoz bergan paytdayoq bu aniq bo‘lib ulgurdi. Sobiq vazir ovoz bergan saylov uchastkasida siyosatchini juda katta olomon kutib olgan bo‘lsa, Milliy front yetakchisi esa kamsonli tarafdorlari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Fransiya ijtimoiy tadqiqot institutlari ma'lumotiga ko‘ra, ikkinchi turda saylovda ishtirok etish ko‘rsatkichi 1969 yildan beri kuzatilgan eng past darajaga aylanishi mumkin, o‘shanda saylovning ikkinchi turiga 31,1 foiz saylovchilar kelishmagandi. Ayni damda bu borada rasmiy xabar hozircha yo‘q.

Saylovlarning birinchi turidan farqli ravishda (o‘shanda terakt yuz berdi va yana bir teraktning oldi olindi), ikkinchi tur jiddiy hodisalarsiz o‘tdi. Parijdagi namoyishlar ilk natijalar e'lon qilingach, kechki payt boshlandi.

Shtablardagi kayfiyat

Le Pen tarafdorlari mag‘lubiyat haqidagi xabarni katta umidsizlik bilan qarshi olishdi. Makronning ekranlarda paydo bo‘lishi baland ovozdagi ayblov ko‘rinishidagi xayqiriqlarga sabab bo‘ldi.

Milliy front rahbari darhol tribunaga chiqib, o‘z mag‘lubiyatni tan oldi va uning partiyasi yangi prezidentga “eng katta muxolif” ekani hamda parlament saylovlarida kurashni davom ettirishi haqida ma'lum qildi. Kecha Fransiya madhiyasi - "Marseleza"ning ijro etilishi va raqslar bilan davom etdi.

Luvr yonidagi maydonda o‘z g‘alabasini tantana qilgan Makron ilk natijalar e'lon qilinganidan qariyb uch soat o‘tib o‘z tarafdorlari oldida ko‘rinish berdi. U o‘zini qo‘llab-quvvatlagan fransuzlarga minnatdorlik bildirdi va Fransiya ravnaqiga yo‘naltirilgan o‘z vazifalari haqida qisqacha gapirib berdi.

Uning chiqishi oxirlarida sahnaga rafiqasi va ikki qizi o‘z farzandlari bilan chiqishdi. Prezidentlik oilasi minglab saylovchilar ko‘z o‘ngida madhiyani ijro etishdi.

Dunyodagi reaksiya

Makronni saylovlardagi g‘alaba bilan birinchi bo‘lib Yevroparlament raisi Antonio Tayani tabrikladi, u “Fransiya butun (Yevropa) Ittifoqni o‘zgartira olishiga ishonishini” bildirdi.

Fransiyaning Yevropadagi o‘rni haqida GFR hukumati rasmiy vakili Shteffen Zaybert ham yozdi. U Makron g‘alabasini “kuchli yagona Yevropa g‘alabasi”, deb atadi.

Buyuk Britaniya bosh vaziri Tereza Mey esa “yangi prezident bilan o‘zaro manfaatli bo‘lgan ko‘plab sohalarda ish boshlashni kutayotgani” haqida xabar qildi.

AQSh prezidenti Donald Tramp Makronni tabrikladi va o‘zaro ishlashdan xursand bo‘lishini bildirdi. "Emmanuel Makronni bugungi yirik g‘alaba bilan tabriklayman. U bilan ishlashga katta umid bog‘laganman!" – deya yozdi AQSh prezidenti Twitter’da.

Germaniya kansleri Angela Merkel ham Emmanuel Makronni Fransiya prezidentligi uchun saylovlarda g‘alaba qozongani bilan tabrikladi hamda “fransuz saylovchilarning qarori yagona Yevropadan darak berishini” ta'kidlab o‘tdi.

Shuningdek, Makronni Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko, Ispaniya bosh vaziri Mariano Raxoy, Gretsiya bosh vaziri Aleksis Tsipras va boshqalar ham tabriklashdi.

Mavzu
Fransiyada prezident saylovi
11 nafar nomzod Yelisey saroyi uchun kurash olib bormoqda. Fransiya konstitutsiyasiga muvofiq, birinchi turdan so‘ng ikki nomzod qoladi. Ular saylovning yakuniy bosqichida ishtirok etadi. Ikkinchi tur 7 may kuni bo‘lib o‘tadi.
Barchasi
Top