11:02 / 08.05.2017
16085

Makronning g‘alabasi musulmon davlatlardan kelganlar xavotirini yo‘qqa chiqardi

Foto: RIA Novosti

Emmanuel Makron Fransiyadagi prezidentlik saylovlarida g‘olib chiqib, Yevropa ittifoqidan chiqish bo‘yicha rejalar va musulmon davlatlardan bo‘lganlarning hukumat tepasiga “ultrao‘nglar” kelishi mumkinligi borasidagi tashvishini yo‘qqa chiqardi. Arab OAVda ovoz berish yakunlaridan so‘ng aynan shu masala bosh mavzuga aylandi.

Londonda chiqariluvchi Saudiyaning “Al-Hayot” gazetasi Makronning saylovdagi g‘alabasini - “Yevropadan bo‘lgan nomzodning” g‘alabasi, deb atadi. Nashr jurnalistining so‘zlariga ko‘ra, Bryussel avvaldan yosh siyosatchining g‘alabasiga umid qilgan, sababi “Milliy front” partiyasidan nomzod Marin Le Pen “Fransiya chegarasini qulflab qo‘yish” bilan tahdid qilgandi. Nashrning fikricha, Makron muvaffaqiyati, Buyuk Britaniyaning YeIdan chiqishidan so‘ng integratsiya yo‘lini tanqid qilganlarga javob bo‘ldi.

Saudiyaning boshqa bir gazetasi - "Ash-Sharq Al-Ausat" ham Fransiyadagi saylovlarga bag‘ishlangan maqola e'lon qildi.

"Fransiya Makronni tanlab, populizmni rad etdi va Yevropa Ittifoqida qolish istagida ekanini ma'lum qildi. Le Penda aynan ittifoqdan chiqish harakati bo‘lgandi", - deyiladi nashr maqolasida.

“Ultrao‘nglarning” Yevropada hukumat tepasiga kelishi tahdidi

“Al-Jazira” telekanali saytida esa Makronning g‘alabasi borasidagi yangilik tagida qoldirilgan izohlarda Yevropada “ultrao‘ng” siyosiy partiyalar kuchayib ketayotgani borasida tashvishlar bildirilgan.

"Bu Yevropa va dunyoda o‘ng ekstremistlarning populistik safsatabozligi va irqchiligiga yakun", - deya yozgan sayt o‘quvchilaridan biri.

"Makron – moliyaviy elitalar, banklar va kompaniyalar vakili, u kambag‘allarga hech narsa bermaydi, biroq bu Le Pendan yaxshiroq", - deya javob qaytargan Qatar telekanali saytining boshqa bir foydalanuvchisi.

Bayrut universiyeti professori Ali Murodning so‘zlariga ko‘ra, Fransiyadagi saylovlar arablar uchun AQShdagi saylovlardan so‘ng ikkinchi o‘rinda turadi. Uning aytishicha, Fransiyada ro‘y berayotgan barcha voqea-hodisalar Yevropadagi boshqa davlatlarga ham ta'sir ko‘rsatishi mumkin, “arab va islom mamlakatlaridan chiqqanlarda esa o‘ng radikallarning butun Yevropa bo‘ylab hukumat tepasiga kelishi borasida xavotir bor”.

"Mening fikrimcha, “Milliy front” partiyasidan bo‘lgan nomzod Marin Le Penning ovoz berishning ikkinchi turiga o‘tishi arab mamlakatlaridan bo‘lgan fuqarolarda haqiqiy tashvishga sabab bo‘ldi, ular siyosiy masalalar bilan ko‘proq qiziqa boshladilar", - deya aytib o‘tgan siyosatshunos.

Fransiya Makron paytida mustamlakachilik jinoyatlari uchun uzr so‘rashi mumkin

Fransiyadagi hodisalarni arab Mag‘ribidagi ushbu mamlakatning avvalgi mustamlaka hududlari bo‘lgan qator davlatlarda diqqat bilan kuzatib borishdi. Ularni an'anaviy ravishda Parijning istilo yillaridagi jinoyatlar uchun rasman uzr so‘rashi qiziqtiradi. Xususan, Jazoirning “Ash-Shuruq” gazetasida tunislik siyosatshunos Riyoz as-Saydaviyning ma'lum qilishicha, saylangan “Fransiya prezidenti o‘z mamlakati mustamlakachilik davrida qilgan ishlari uchun so‘rashi mumkin”.

"Tarix va mustamlakachilikka kelsak, bu inson (Makron) avvalgisidan (Fransiya prezidenti Fransua Olland) ancha jasoratlidek bo‘lib tuyulmoqda. Mustamlakachilik masalasi ramziydir, Fransiya prezidenti mamlakat mustamlakachilik davrida qilgan ishlari uchun so‘rashi mumkin", - degan Jyenevadagi siyosat va jamiyatshunoslikni o‘rganish bo‘yicha arab markazi direktori as-Saydaviy.

London universiteti professori Favaz Jorjyesning fikricha, Makronni prezidentlik lavozimida og‘ir chaqiriqlar kutib turibdi.

"Birinchi navbatda, fransuzlarning 24 millioni unga ovoz bermadi. U siyosiy hayotni qayta yo‘lga qo‘yishi, iqtisodiyotni tiklashi lozim. Fransiya katta iqtisodiy va jamoatchilik chaqiriqlariga duch kelgan. Bu saylovlar fransuz jamiyatida chuqur ikkiga ajralish yuz berganidan dalolat", - deya aytib o‘tdi ekspert “Al-G‘od” arab telekanali efirida.

Tashqi siyosiy usullar keskin o‘zgarmaydi

Bayrut universiteti professori Ali Murodning fikricha, Makronning Suriya bo‘yicha pozitsiyasi amaldagi davlat rahbari Ollandning pozitsiyasidan kamroq tamtaroqli bo‘ladi.

"Suriyaga nisbatan Fransua Olland tomonidan tanlangan yo‘l saqlab qolinadi. Biroq Makron unga kamroq e'tibor qaratadi hamda uning pozitsiyasi Suriya mojarosiga nisbatan ancha xolis ko‘rinish oladi", - deya aytib o‘tgan siyosatshunos.

Parijdagi Amerika universiteti professori Ziyod Majidning fikricha, Rossiyaga nisbatan ham Makron Fransua Ollandning kursidan chetga chiqmaydi va munosabatlar murakkab bo‘lib qoladi.

"Rossiya bilan munosabatlarga kelsak, Makron bu yerda Olland tomonidan tanlangan siyosatni olib boradi, ya'ni munosabatlar eskicha – murakkab va nodo‘stona bo‘lib qoladi", - deya hisoblaydi siyosatshunos.

Rasmiy tabriklar

Fransiyaning yangi saylangan rahbarini Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi eng muhim va yirik davlatlardan biri – Misr yetakchisi tabrikladi. Abdul Fattoh as-Sisiyning o‘z tabrik xatida ta'kidlashicha, “Fransiya-Misr munosabatlari chuqur va kuchli” hamda Yelisey saroyining yangi egasi bilan “ikki mamlakatning turli sohalardagi mustahkam hamkorligini kuchaytirish va yanada rivojlantirish” bo‘yicha ish boshlashga tayyor ekan.

Shuningdek Makronni saylovdagi g‘alaba bilan Marokash qiroli Muhammad VI ham qutladi.

Mavzu
Fransiyada prezident saylovi
11 nafar nomzod Yelisey saroyi uchun kurash olib bormoqda. Fransiya konstitutsiyasiga muvofiq, birinchi turdan so‘ng ikki nomzod qoladi. Ular saylovning yakuniy bosqichida ishtirok etadi. Ikkinchi tur 7 may kuni bo‘lib o‘tadi.
Barchasi
Top