11:26 / 08.05.2017
14048

OAV Xitoy va KXDR sanksiyalarni chetlab o‘tib hamkorlik qilganidan xabar topdi

Foto: cbsnews.com

XXR davlat kompaniyasi 2009 yildan beri Shimoliy Koreyaning BMT sanksiyalari ta'siriga kiritilgan kompaniyasi bilan qo‘shma korxona tashkil etgan. Bu haqda The Wall Street Journal nashri korporativ va hukumat arxiv ma'lumotlariga asoslangan holda yozmoqda

Xitoyning Limac Corporation va KXDRning Ryonbong General Corporation 2008 yili tantal, niobiy, sirkoniy va nafaqat telefonlar, kompyuterlarni ishlab chiqishda, balki yadro reaktorlari va raketalar ishlab chiqarishda zarur bo‘lgan boshqa minerallarni qazib olish bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etishga kelishib olgan edi, deb yozadi gazeta. 

Nashrning ta'kidlashicha, avvallari ushbu kompaniyalar hamkorligi xususida xabar qilinmagan. Ularning faoliyati KXDRning sanksiyalarni naqadar oson chetlab o‘tgani va Xitoy bilan Pxenyan uchun "zarur bo‘lgan sohalarda" bemalol hamkorlik qilganini isbotlaydi. 

Nashrning yozishicha, AQSh Ryonbong korporatsiyasiga nisbatan 2005 yilda sanksiya kiritgan. Bunga mazkur firmaning ommaviy qirg‘in quroli ishlab chiqarishga aloqadorligi sabab qilib ko‘rsatilgan. Keyinchalik, Vashington ro‘yxatiga Ryonbong Corporation kompaniyasida ishlaydigan 3 xodim ham kiritilgan. Ularning 2 nafari o‘sha vaqtda Xitoyda bo‘lgan. BMT esa KXDR kompaniyasiga 4 yildan so‘ng, ya'ni 2009 yilda sanksiya kiritgandi. 

Limac-Ryonbong qo‘shma korxonasi faoliyati naqadar jiddiy bo‘lgani hozircha noma'lum. Ushbu ikki kompaniya aloqalarini moliyaviy ayg‘oqchilik bilan shug‘ullanuvchi Sayari Analytics firmasi aniqlagan. 

Gazetaga ko‘ra, Ryongbong korporatsiyasi ushbu ma'lumotlarga nisbatan izoh bermagan, Xitoy firmasi esa elektron maktubida qo‘shma korxona "tijoriy asosda hech qachon ishlamagani", Limac 2009 yildan beri unga barham berishga urinib kelganini ta'kidlagan. 

Mavzuga oid
Top