21:25 / 10.05.2017
7734

Ibrahimovich tizzasidagi jarohati tufayli 30 mln funtdan quruq qolgan bo‘lishi mumkin

«Manchester Yunayted» hujumchisi Zlatan Ibrahimovich tizzasidagi jarohati tufayli 30 million funt yo‘qotgan bo‘lishi mumkin.

Daily Mirror xabariga ko‘ra, ushbu mavsumda 28 gol urgan bu shvetsiyalik hujumchi kelishuga ko‘ra, mavsumda urgan gollari soni 36ta bo‘lganida qo‘shimcha 2 million funtga yaqin bonus olgan bo‘lardi. Bundan tashqari, uning shartnomasida agar u Angliyadagi birinchi mavsumda (u bilan bir yillik shartnoma tuzilgandi) 31ta o‘yinda maydonga tushsa yoki jamoa mavsumni uchlikda yakunlasa, shartnomani avtomatik ravishda yana bir yilga uzaytirish bandi belgilangandi. U jarohat olib safdan chiqqunga qadar 27ta o‘yin o‘tkazgandi. Manchesterliklar jamoasi ayni vaqtda beshinchi o‘rinda bormoqda.

35 yoshli futbolchining haftalik maoshi miqdori 367,6 ming funt (yiliga 19,11 million funt). 

Agar futbolchi keyingi mavsumda ham jamoada qolgudek bo‘lsa, unga YeChLdagi ishtirok uchun ham bonuslar belgilangandi: chorak final uchun 500 ming funt, yarim final uchun 1,25 mln funt, final uchun 2,75 mln funt, finaldagi g‘alaba uchun 5,25 mln funt.

Shu tariqa u jarohati tufayli 30 million funtga yaqin mablag‘ yo‘qotgan bo‘lishi mumkin.

Ibrahimovich Yevropa Ligasining chorak finalida «Anderlext»ga qarshi (2:1) o‘yin vaqtida jarohatlangan va mavsum oxiriga qadar safdan chiqqandi.

Top