09:44 / 10.05.2017
9825

«Kinematografiyani rivojlantirish markazi» ilk katta loyihasini amalga oshirdi

Toshkent shahrida "Kinematografiyani rivojlantirish markazi" o‘z faoliyatini boshlagani haqida avval ham xabar bergan edik. Markazning tantanali ochilish marosimi joriy yilning 3 may kuni bo‘lib o‘tdi.

Tashkilot o‘z oldiga qo‘ygan maqsad va vazifalaridan kelib chiqib, O‘zbekiston Davlat san'at va madaniyat instituti talabasi, yosh rejissyor Muxlisa Azizovaga qisqa metrajli filmni suratga olishga ko‘maklashdi.

M.Azizovaning “U” nomli qisqa metrajli filmi shu yilning fevral oyida Toshkent shahrida suratga olinib, unda Ra'no Shodiyeva va Karim Mirxodiyev kabi taniqli kinoaktyorlar qatori, rossiyalik mashhur aktyor Dmitriy Dyujyev ham suratga tushdi.

Mazkur film 70-Kann Xalqaro kinofestivaliga tavsiya qilinib, festivalning qisqa metrajli filmlar burchagida (Short Film Corner) ko‘plab professional ijodkorlarning asarlari qatori namoyish qilinadigan bo‘ldi. 

Markaz tashabbusi bilan rossiyalik taniqli kino va teatr aktyori, rejissyor, «Brigada», «Ostrov» kabi serial va filmlarda bosh qahramon obrazini yaratgan Dmitriy Dyujyev 7 may kuni Toshkent shahriga uchib keldi. Poytaxtda mehmon bo‘lgan aktyor o‘sha kuni "Kinematografiyani rivojlantirish markazi"da bo‘lib, markaz binosi va uning faoliyati bilan batafsil tanishdi.

Aktyor 8 may kuni soat 11:00 da O‘zbekiston davlat san'at va madaniyat instituti talabalari uchun master-klass o‘tkazish, hamda «U» qisqa metrajli filmni premera qilish uchun O‘zbekiston davlat san'at va madaniyat institutida mehmon bo‘ldi. Ikki soatga yaqin talabalar bilan fikr almashdi, ularga o‘zining aktyorlik mahorati va sirlaridan so‘zlab berdi. 

Aktyorning poytaxtimizda mehmon bo‘lishi munosabati bilan "Kinematografiyani rivojlantirish markazida" OAVlari xodimlari uchun matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Toshkent shahridagi O‘zbekiston davlat rus akademik drama teatrida "U" filmining keng jamoatchilik uchun mo‘ljallangan taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Taqdimotdan so‘ng D.Dyujyev o‘zining yakka ijrosidagi «Yevgeniy Onegin» monospektaklini taqdim qildi.

Top