22:14 / 10.05.2017
54421

«Oltin to‘p» uchun asosiy da'vogarlar nomi sanaldi

Foto: AFP

Fransiyadagi nufuzli France Football jurnali «Real» hujumchisi Krishtianu Ronalduni 2017 yilgi «Oltin to‘p» uchun ham asosiy favorit sifatida baholadi.

Nashr talqiniga ko‘ra, mukofotga ega chiqish uchun Ronaldudan tashqari «Atletiko» hujumchisi Antuan Grizmann, «Monako» hujumchisi Kilian Mbappe va «Yuventus» darvozaboni Janluiji Buffonda real imkoniyatlar bor. «Oltin to‘p» egasi nomi kim o‘z jamoasi bilan joriy mavsumda YeChL g‘olibi bo‘lishiga bog‘liq ekani aytilmoqda.

Qayd etish kerakki, Ronaldu 2016 yilda jamoasi bilan YeChLda g‘olib bo‘lib, «Oltin to‘p»ni qo‘lga kiritgandi. Har yillik mukofot 1956 yildan 2010 yilgacha France Football tomonidan topshirib kelingandi. 2010 yilda jurnal va FIFA o‘z mukofotini birlashtirdi. 2016 yilda esa jurnal ushbu hamkorlikni uzaytirishdan bosh tortdi va tomonlar mukofotlarini yana alohida holda topshiradigan bo‘ldi.

Qayd etish kerakki, agar bu mavsum uchun Buffon mukofotlansa, u futbol tarixida «Oltin to‘p» olgan ikkinchi darvozabonga (birinchisi Lev Yashin, 1963 yil) aylanadi.

Mavzuga oid
Top