11:09 / 10.05.2017
10113

Snouden amerikaliklarni FQB rahbari ishdan haydalishiga qarshi chiqishga chaqirdi

Foto: AFP

Amerika Milliy xavfsizlik xizmati sobiq xodimi Edvard Snouden AQSh prezidenti Donald Trampning FQB direktori Jyeyms Komini lavozimidan chetlatish qaroriga munosabat bildirdi. U mamlakat fuqarolarini prezidentning bu qaroriga qarshi chiqishga chaqirgan.

«FQBning bu direktori ko‘p yillar davomida meni siyosiy faoliyatim uchun qamoqqa olishga urindi. Agar men uning iste'fosiga qarshi chiqa olsam, demak siz ham qarshi chiqa olasiz», — deya yozgan u tvitterida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «har bir amerikalik FQB ishiga bunday siyosiy aralashuvni qoralamog‘i kerak».

Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp Federal qidiruv byurosi (FQB) direktori Jyeyms Komini ishdan bo‘shatgani xabar berilgan edi. Tramp bu qarorini Komi o‘z majburiyatlarini samarali ravishda bajarishga qodir emasligi bilan izohlagan.

Komi bu lavozimga avvalgi prezident Barak Obama tomondan 2013 yilda 10 yillik muddatga tayinlangandi. Komi bu muddatni to‘liq ishlashni rejalashtirgandi.

Komi Trampga qarshi uning «Rossiya bilan aloqalari» yuzasidan tekshiruv olib borayotgan edi, uning bunday aloqalarini Oq uy ham, Kreml ham rad etadi.

Prezidentning sobiq maslahatchisi Kellienn Konuey bu iste'fo Rossiyaning AQShdagi prezidentlik saylovlariga aralashgani bilan aloqador emasligini ma'lum qilgan.

Mavzuga oid
Top