22:42 / 12.05.2017
41950

«Bir makon, bir yo‘l»: O‘zbekiston uni nega birinchilardan bo‘lib qo‘llab-quvvatladi?

Foto: "Kun"

14 may kuni Xitoy poytaxti Pekin shahrida «Bir makon, bir yo‘l» yuqori darajali xalqaro hamkorlik forumi ish boshlaydi. XXR raisi Si Tszinping forumda ishtirok etadi va aylana stol atrofida turli davlatlar yetakchilari bilan yig‘ilish o‘tkazadi. Bu o‘tgan yilning sentabr oyida Hangjou shahrida o‘tkazilgan «Yigirmalik» sammitidan so‘ng Xitoy tomonidan o‘z hududida tashkillashtirilayotgan yana bir muhim xalqaro tadbir hisoblanadi. Bundan tashqari, «Bir kamar, bir yo‘l»ni qurish loyihasini yanada olg‘a siljitish hamda hamkorlik masalasida Xitoyning dunyoning boshqa davlatlari bilan muzokaralar o‘tkazishi uchun bu juda muhim platforma hisoblanadi.

Shu maqsadda Xitoy axborot internet-markazi O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tarix Instituti «Zamonaviy tarix va xalqaro tadqiqotlar» bo‘lishimi rahbari, tarix fanlari doktori Mirzohid Rahimovdan maxsus intervyu oldi.

— 2013 yilda Markaziy Osiyoga tashrifi chog‘ida XXR raisi Si Tszinping «Ipak yo‘li iqtisodiy kamari»ni barpo etish tashabbusini bildirgan edi. Shundan beri uch yil o‘tdi. Bu tashabbusining ahamiyatini qanday tushunishingizni hikoya qilib bera olasizmi?

— 2013 yilda mintaqamizga tashrifi chog‘ida Xitoy raisi Si Tszinping «Ipak yo‘li iqtisodiy kamari» g‘oyasini ochiqlagan va bu mintaqa davlatlari tomonidan katta qiziqish bilan qo‘llab-quvvatlangan edi. Oradan ko‘p o‘tmay, XXRda «Bir makon, bir yo‘l» konsepsiyasi ishlab chiqildi. O‘tgan uch yil mobaynida iqtisodiy hamkorlik doirasida bir qator loyihalar amalga oshirildi, yangi transport magistrallari ishga tushirildi. Nazarimda, «Bir makon, bir yo‘l» tashabbusi XXRning jahonning turli mintaqalari bilan keng hamkorlik qilishni rivojlantirish yo‘lidagi ulug‘vor loyihasi hisoblanadi.

— «Bir makon, bir yo‘l» tashabbusi e'lon qilinganidan buyon 3 yil vaqt o‘tdi. U haqidagi taassurotlaringiz qanday?

— Qayd etish joizki, «Bir makon, bir yo‘l» konsepsiyasiga jahonning turli davlatlarida turlicha qarashlar mavjud. Biroq hajmi 100 mlrd. dollardan iborat bo‘lgan Osiyo infrastrukturaviy investitsiyalar banki va ustav jamg‘armasi 40 mlrd. dollardan iborat bo‘lgan Ipak yo‘li Fondining tuzilishi bu tashabbusining faol amaliyotga joriy etilayotganidan darak berib turibdi. Kelajakda xalqaro va mintaqaviy integratsion loyihalarni amalga oshirish uchun birgalikdagi harakatlarni yaxlitlashtirish maqsadga muvofiq. Ayni paytda «Bir makon, bir yo‘l» tashabbusi oldida muayyan maqsad va vazifalar, ularga erishish yo‘llarini har tomonlama aniqlashtirib olish zaruriyati turibdi.

— XXR raisi Si Tszinping «Ipak yo‘li iqtisodiy kamari»ni qurish tashabbusi bilan chiqqach, O‘zbekiston unga faol munosabatda bo‘lgan birinchi davlatlardan biri bo‘ldi. «Ipak yo‘li iqtisodiy kamari» doirasida ikki davlat o‘rtasidagi turli sohalarda ro‘y berayotgan hamkorlikni qanday baholaysiz?

— Haqiqatdan ham, O‘zbekiston XXR raisi Si Tszinpingning «Ipak yo‘li iqtisodiy kamari» tashabbusini qo‘llab-quvvatlagan birinchi davlatlardan bo‘ldi. O‘tgan yillar mobaynida O‘zbekiston va XXR davlatlararo munosabatlarni rivojlantirish uchun bir qator bitimlar to‘plamini imzoladi. Natijada, hozirgi kunga kelib iqtisodiyotimizga yotqizilgan Xitoy investitsiyalarining hajmi 8 mlrd. dollarga yaqinlashdi, bu esa savdo-iqtisodiy hamkorlikning muhim ko‘rsatkichlaridan biri sanaladi. Ikki davlat o‘rtasidagi tovar aylanmasi 2016 yilda 4 mlrd. dollarga teng bo‘lgan. 2016 yil iyunida O‘zbekiston va XXR rahbarlari ishtirokida Angren-Pop elektrlashtirilgan temir yo‘li va Qamchiq tunnelining ochilish marosimi o‘tkazildi. Bu loyiha Xitoyning «China railway tunnel group» kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirildi». Xitoy kompaniyalari O‘zbekistonning turli iqtisodiyot va sanoat zonalari: «Navoiy», «Jizzax» va «Angren»da har xil loyihalarni amalga oshirishda qatnashmoqdalar.

— «Bir makon, bir yo‘l» doirasida Xitoy va O‘zbekiston qaysi sohalarda fikr almashinuv va hamkorlikni mustahkamlash kerak, deb o‘ylaysiz?

— Alohida qayd etmoq joizki, 2017–2021 yillarda O‘zbekistonni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari va Xitoyning «Bir makon, bir yo‘l» tashabbusida umumiy jihatlar juda ko‘p. O‘zbekiston va XXR mavjud o‘zaro munosabatlar kompleksini rivojlantirish bilan bir qatorda, kelgusida xalqaro transport-kommunikatsiya loyihalarini kengaytirish, yuqori texnologiyali ishlab chiqarish, savdo-sotiqni rivojlantirish, ilmiy-texnik parklar barpo etish hamda ta'lim, turizm va boshqa sohalarda hamkorlikni chuqurlashtirishi mumkin.

— O‘zbekistonda xalqaro munosabatlar bo‘yicha yetakchi ekspertlardan biri sifatida, «Bir makon, bir yo‘l» yuqori darajali xalqaro hamkorlik forumining ochilishiga alohida e'tibor qaratasizmi yoki unda qatnashasizmi? Undan qanday natijalar kutmoqdasiz?

— 2017 yil 14 may kuni Xitoy poytaxti Pekin shahrida «Bir makon, bir yo‘l» yuqori darajali xalqaro hamkorlik forumi ish boshlaydi, unda o‘nlab davlat va hukumat rahbarlari, jumladan, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham qatnashadi. Boshqa tadqiqotchilar bilan bir qatorda meni ham ushbu forumga taklif etishganidan mamnun bo‘ldim, shuningdek, men tahliliy institutlar va markazlarning 5-global sammitida ham ishtirok etaman. Aminmanki, Forum va boshqa tadbirlar hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollari, shuningdek, uning yangi yo‘nalishlari va shamoyillarini muhokama qilish imkonini beradi.

Top