08:43 / 12.05.2017
6295

Bojxona organlari intellektual mulk obektlariga bo‘lgan huquqlarni qanday himoya qilmoqda?

Davlat bojxona qo‘mitasida intellektual mulk obektlariga bo‘lgan huquqlarni bojxona organlari tomonidan himoya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga bag‘ishlangan kengaytirilgan tartibdagi davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Kun.uz’ga O‘zbekiston Respublikasi
Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati xabar berdi.

Markaziy bojxona laboratoriyasi tomonidan tashkil etilgan mazkur tadbirda intellektual mulk obektlariga bo‘lgan huquq egalari va ularning ishonchli vakillari, tadbirkorlar, bojxona rasmiylashtiruvi bo‘yicha mutaxassislar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok qilishdi.

Tadbirda asosiy e'tibor intellektual mulk obektlariga bo‘lgan huquqlarni himoya qilishda bojxona qonunchiligidagi mavjud normalar, xususan O‘zbekiston Respublikasining Bojxona kodeksida belgilangan tartiblar va ularni qo‘llashga doir muhim tavsiyalarga qaratildi.

Har bir davlat, xalqning jahonda tutgan o‘rni va nufuzi, avvalo, uning intellektual boyligiga qarab belgilanadi. O‘zbekistonda 1991 yilda Jahon intellektual mulk tashkiloti a'zoligiga qabul qilingan bo‘lsa, 2005 yil 19 apreldan Adabiy va badiiy asarlarni muhofaza qilish to‘g‘risidagi Bern konvensiyasi qoidalari O‘zbekistonda amal qila boshladi. 

Bern konvensiyasi fan, adabiyot va san'at asarlarini yaratish va ulardan foydalanish natijasida kelib chiqadigan munosabatlarni tartibga solish, mualliflar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan xalqaro huquqiy hujjatdir. O‘zbekistonning mazkur konvensiyaga qo‘shilishi mualliflar va ularga tenglashtirilgan boshqa huquq egalariga katta imkoniyatlar yaratdi.

Ayni paytda mualliflarimiz asarlaridan konvensiyaga a'zo 170 dan ortiq davlat hududida tegishli huquqlarga rioya etilgan holda foydalanilmoqda. 

Intellektual mulk obektlariga bo‘lgan huquqlarni himoya qilishda bojxona organlari xodimlari ham izchil faoliyat yuritishmoqda.

Ta'kidlash joizki, bir yil muqaddam amaliyotgan tadbiq qilingan Bojxona kodeksida bojxona qonunchiligidagi muhim yangilik – intellektual mulk obektlariga bo‘lgan huquqlarni himoya qilishga doir yangi normalar alohida bob sifatida kiritildi.

12 ta moddani o‘z ichida qamrab olgan mazkur bobda bojxona organlari tomonidan o‘z vakolatlari doirasida intellektual mulk obektlariga bo‘lgan huquqlarni himoya qilish choralari keng yoritilgan.

Xususan, bojxona organlari endilikda bojxona hududiga olib kiriladigan va bojxona nazorati ostida turgan intellektual mulk obektlariga bo‘lgan huquqlarning buzilganlik belgilari mavjud bo‘lgan tovarlarni chiqarib yuborishni to‘xtatib turishlari va to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qarorni bekor qilishlari mumkin.

Bu esa, eng avvalo O‘zbekistonda sog‘lom savdo muhitini shaklanishiga ko‘maklashib, mavjud investitsion muhitini yanada yaxshilashga xizmat qiladi, innovatsion texnologiyalarni olib kirish va investitsiyalarni jalb qilishda yordamchi vosita rolini o‘ynaydi.

Ayni paytda Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan “Intellektual mulk obektlarining bojxona reyestri” elektron shaklda  yuritilmoqda va ushbu reyestr Davlat bojxona qo‘mitasining rasmiy veb-saytining Ochiq ma'lumotlar bo‘limiga muntazam joylashtirib kelinmoqda.

Huquq egalarining arizasiga asosan “Intellektual mulk obektlarining bojxona reyestri”ga hozirda 86 ta tovar belgisi kiritildi. 

Buning uchun, dastlab huquq egasi yoki uning vakolatli vakili Bojxona kodeksining 385-moddasi asosida Davlat bojxona qo‘mitasiga intellektual mulk obektlarini Intellektual mulk obektlarining bojxona reyestriga kiritish to‘g‘risida ariza beradi.

Ariza kelib tushgan kundan e'tiboran o‘n kundan ko‘p bo‘lmagan muddatda ko‘rib chiqiladi va mazkur reyestrga kiritish to‘g‘risida yoki kiritishni rad etish haqida qaror qabul qilinadi.

Mazkur reyestrga kiritilgan huquq egasi bojxona nazorati ostida turgan tovarlarni chiqarib yuborishni to‘xtatib turish bo‘yicha choralar ko‘rilishi bo‘yicha murojaat qilishi mumkin. Bojxona nazoratida huquq egasi tomonidan kontrafakt deb ko‘rsatilgan tovarlar aniqlansa, bunday tovarlarning chiqarilishi to‘xtatiladi. 

Tadbirda mavzu yuzasidan ko‘rgazmali tarzda batafsil ma'ruzalar tinglandi va ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan ko‘plab savollarga atroflicha javoblar olishdi.

Top