15:25 / 12.05.2017
13117

Qirg‘iziston delegatsiyasi Farg‘onaga tashrif buyurdi

Farg‘ona viloyatining Farg‘ona shahriga Qirg‘iziston Respublikasi Batken viloyatining Qadamjoy tumani va Qizil-qiya shahri faollari hamda tadbirkorlaridan iborat delegatsiya a'zolari tashrif buyurdi. Mehmonlarni Farg‘ona viloyati hokimi o‘rinbosari Qamariddin Imomov, Farg‘ona shahar hokimi Shavkat Erkaboyevlar kutib oldi.

Farg‘ona shahridagi Tadbirkorlar markazida bo‘lib o‘tgan muloqotlar chinakam do‘stlik shodiyonasiga aylandi. Bu yerda Farg‘ona shahri hamda shahar va tumanlardagi 170 ga yaqin korxona, kichik biznes sub'yektlari tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar namoyish etildi.

“Farg‘onaazot”, “Kvarts” aksiyadorlik jamiyatlari, “Sayqal”, “Far antikvor invest”, “Abror” kabi xususiy korxonalar tomonidan xalqaro talablar asosidagi sifatli mahsulotlar delegatsiya a'zolarida katta qiziqish uyg‘otdi. Shu yerning o‘zida savdo-iqtisodiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, mahsulotlar eksportini amalga oshirish bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirildi. Qirg‘izistonlik tadbirkorlar shu kuni O‘zbekistondagi 15 ga yaqin korxona va tashkilot bilan shartnoma imzolashdi.

Shundan so‘ng delegatsiya Farg‘ona shahri markazidagi ming o‘rinli Islom Karimov nomidagi teatr va San'at saroyida bo‘ldi. Saroy atrofidagi 40 gektar maydonga 10 ming to‘p manzarali daraxt ekilib, so‘lim xiyobon barpo etilganligi, musiqali favvoralar iqlim mo‘'tadilligini ta'minlayotganligi, keng va yorug‘ san'at koshonasining eshik va ustunlari milliy uslubda bezatilganligi hamda sahna atrofiga zamonaviy yoritish chiroqlari o‘rnatilganligiga guvoh bo‘ldilar. 

Delegatsiya a'zolari tashrif davomida yangi bunyod etilgan Suv sporti majmuasini ham borib ko‘rishdi. Suv havzasi, mashg‘ulot va trenajyor zallariga ega mazkur majmuada bolalar suzish, sinxron suzish, suv polosi kabi sport turlari bilan shug‘ullanmoqdalar.

Yangidan bunyod etilgan 20 ming o‘rinli stadion o‘zining noyob me'moriy-muhandislik yechimi, betakror dizayni bilan shahar ko‘rkiga ko‘rk qo‘shmoqda. «Istiqlol» stadioni xalqaro talablarga to‘la javob beradi. To‘rtta yoritish minorasi xuddi shaharning to‘rt tomonidan muxlislarni bu yerga chorlayotganday taassurot uyg‘otadi. Zamonaviy yoritish tizimlari o‘rnatilgani uning tunda ham xuddi kunduzgidek charog‘on bo‘lishini ta'minlaydi. Qardosh mehmonlar mazkur satadionda ham bo‘lib, bunyodkorlik ishlari, stadion imkoniyatlari bilan tanishdilar.

Aytish joizki, marg‘ilonlik mutaxassislar bir yilda 3 marta pilladan hosil olish ishlarini yo‘lga qo‘yganlar. Bu ham ko‘plab xorijlik mutaxassislar bilan o‘zaro tajriba almashish natijasida vujudga keldi. Mehmonlar shahardagi “Yodgorlik” xususiy korxonasida ham bo‘lib, bu yerda pilladan ipak olinishi jarayoni  va uning imkoniyatlariga guvoh bo‘ldilar.

Bugungi kunda marg‘ilonlik abrbandchilari tomonidan qadimiy 17-18-asrga tegishli bo‘lgan adras nusxalarini qayta tiklash yo‘lga qo‘yildi. Mehmonlar abrbandchilar hamda adras to‘qilish jarayonlari bilan ham tanishib yangi nusxadagi adraslarni ko‘zda kechirdilar.

Ahror Ziyo, Farg‘ona

Mavzuga oid
Top