17:34 / 12.05.2017
29134

Sog‘liqni saqlash vaziri: “Hamshira endi olima bo‘lishi mumkin...”

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi Axborot xizmati

12 may — Xalqaro hamshiralar kuni butun dunyoda, shu jumladan, O‘zbekistonda ham keng nishonlanadi. Ushbu sana munosabati bilan mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligida hamshiralik ishini yanada takomillashtirish borasidagi dolzarb vazifalarga bag‘ishlangan respublika anjumani bo‘lib o‘tdi. Videoselektor shaklida o‘tgan tadbirda tegishli davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, Respublika ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari va tibbiyot oliy o‘quv yurtlari olimlari, professor-o‘qituvchilar, poytaxt va viloyatlardagi klinikalarning bosh shifokorlari va O‘zbekistonning barcha hududlaridan hamshiralar ishtirok etdi. Anjumanni sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov ochib berdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Axborot xizmati xabar bermoqda.

A.Shodmonovning ta'kidlashicha, jahondagi ilg‘or tajribalardan kelib chiqib, O‘zbekistonda o‘rta va oliy ma'lumotli hamshiralar tayyorlash bo‘yicha o‘ziga xos tizim yaratilgan va bu jarayon uzluksiz takomillashtirilmoqda. Hozirgi kunda Toshkent Tibbiyot Akademiyasi va tibbiyot institutlarining “Oliy hamshiralik ishi” bo‘limlarida anesteziologiya va reanimatsiya, xirurgiya, akusherlik va menejment yo‘nalishlari bo‘yicha uch yarim mingdan ortiq oliy ma'lumotli bakalavr hamshira tayyorlandi, 100 nafardan ortiq hamshira magistr darajasiga ega. 

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi Axborot xizmati

— E'tiborli tomoni, endilikda hamshiralarimiz ilmiy ish qilib, olimlik darajasiga yetishlari uchun barcha imkoniyatlar yaratildi. Bu uchun hamshiradan faqat doimiy o‘z ustida ishlash, ilmga chanqoqlik talab etiladi, —  deydi sog‘liqni saqlash vaziri. 

Sog‘liqni saqlash vaziri A.Shodmonov Respublika o‘rta tibbiyot va dorishunos xodimlar malakasini oshirish hamda ularni ixtisoslashtirish markazi va uning hududiy bo‘linmalari tubdan isloh qilinayotgani, bugungi zamon talablari darajasida qayta shakllantirilayotganini ta'kidladi. Xususan, tez tibbiy yordam dispetcherlari va patronaj hamshiralar malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv reja va dasturlari yangi tahrirda qayta ko‘rib chiqilib, tasdiqlandi. Shuningdek, hamshiralarning malaka oshirish bo‘yicha taqdim qilinadigan hujjatlarini onlayn tartibda qabul qilish jarayonlari boshlandi.  

Top