09:52 / 12.05.2017
4490

O‘zbekiston-Germaniya vazirliklararo siyosiy maslahatlashuvlarining navbatdagi raundi o‘tkazildi

2017 yilning 11 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida O‘zbekiston-Germaniya vazirliklararo siyosiy maslahatlashuvlarining 13-raundi bo‘lib o‘tdi. Maslahatlashuvlarda qatnashish uchun Germaniya Federativ Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Sharqiy Yevropa, Kavkaz va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha vakili Andreas Peshke boshchiligidagi delegatsiya Toshkent shahriga tashrif buyurdi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Axborot xizmati xabar bermoqda.

Uchrashuvda siyosiy, savdo-iqtisodiy, ilm-ta'lim, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi ikki tomon kun tartibi masalalari batafsil ko‘rib chiqildi.

Ta'kidlanganidek, ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganligining 25 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Germaniya Federal kansleri Angela Merkel bir-birlariga tabrik maktublarini yo‘llaganlari ikki tomon ham serqirra hamkorlikni mustahkamlash va yanada rivojlantirishga katta e'tibor qaratishi hamda turli darajalardagi aloqalarni faollashtirish orqali muhim global va mintaqaviy masalalar yuzasidan muntazam muloqotni davom ettirishdan manfaatdor ekanligini tasdiqlaydi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Germaniyaning ilmiy muassasalari va o‘quv yurtlari, madaniyat va san'at faollari hamda jamoatchilik tashkilotlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashni tomonlar qo‘llab-quvvatlaydi.

Shuningdek, tashqi siyosat idoralari vakillari dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalarni ham ko‘rib chiqdilar.

Maslahatlashuvlarda Germaniya Elchisi Naythart Hofer-Vissing ishtirok etdi.

Top