20:25 / 12.05.2017
16222

O‘zbekiston va Xitoy o‘z temir yo‘llarini birlashtirish imkoniyatini muhokama qilmoqda

Foto: Stan Radar

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xitoyga davlat tashrifi boshlandi. Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Tszinpin bilan muzokaralar mobaynida savdo, sarmoyalar va xavfsizlik sohalaridagi masalalar muhokama qilinadi, deb yozadi stanradar.com. 

O‘zbekiston yetakchisi, shuningdek, «Ipak yo‘li iqtisodiy kamari» konsepsiyasi doirasida  «Bir makon, bir yo‘l» xalqaro forumida ham ishtirok etadi. Ekspertlarning fikricha, yaqin istiqbolda O‘zbekiston tashqi siyosatining bosh yo‘nalishi — Rossiya va Xitoy ta'sirini puxta o‘ylab taqsimot qilish va G‘arb uchun eshiklarni ochiq saqlash bo‘ladi.

«O‘zbekistonga qo‘shni davlatlar bo‘lgan Turkmaniston va Qozog‘istonga, shuningdek, an'anaviy hamkori va ittifoqchisi — Rossiyaga qilingan tashriflardan so‘ng prezident Shavkat Mirziyoyevning Xitoyga tashrifi bo‘y ko‘rsatgan tashqi siyosiy faolligining birinchi bosqichini yakunlab beradi. Xitoyga tashrifi bilan O‘zbekiston rahbari mamlakat rahbariyatining tashqi siyosat strategiyasi meros bo‘lib qolganligi, ayniqsa, Markaziy Osiyo mintaqasidagi qo‘shnilar hamda Rossiya va Xitoy kabi davlatlar bilan tashqi siyosatning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha belgilangan vazifalarni bajarishga qodirligi va tayyorligini tasdiqlab bermoqda», — deydi o‘zbekistonlik ekspert, tarix fanlari doktori Rafiq Sayfullin «NG» nashriga.

Mirziyoyevning Pekinga tashrifi Rossiyadagidek (investitsiyalar hajmi bo‘yicha — 15,8 mlrd. dollar) muvaffaqiyatli bo‘ladimi-yo‘qmi, buni tashrifning yakuni ko‘rsatadi. Shunisi ma'lumki, imzolanish uchun yigirmadan ortiq hujjatlar tayyorlangan, ularning orasida xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar o‘rtasida tijoriy shartnomalar ham bor.

So‘nggi yillarda Xitoy O‘zbekistonning eng asosiy iqtisodiy hamkorlaridan biri va eng yirik investoriga aylandi. 2016 yil yakunlariga ko‘ra, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 4,2 mlrd. dollarga yetgan. Xitoy bozorida o‘zbek tekstili, plastmassa buyumlari, agrar soha mahsulotlariga talab katta, ularning eksporti barqaror oshib bormoqda. O‘zbekiston hududida Xitoy kapitali ishtirokida 700 dan ortiq kompaniya va korxonalar ishlamoqda. «Jahon» axborot agentligining xabariga ko‘ra, xitoylik sarmoyadorlar O‘zbekiston iqtisodiyotiga 7,8 mlrd. dollar mablag‘ kiritishgan.

«Xitoy investitsiyalarining hajmini Mirziyoyevning Moskvaga tashrifi davomida qo‘lga kiritilgan natijalarga solishtirsa bo‘ladimi-yo‘qmi, bu ahamiyatli emas. Muhimi — Xitoy o‘zining «Ipak yo‘li iqtisodiy kamari» doirasidagi ko‘prejali va uzoq muddatli strategiyasida O‘rta va Yaqin Sharq yo‘nalishi uchun O‘zbekistonni Markaziy Osiyoning eng asosiy va muhim davlati ekanligini juda yaxshi anglaydi. O‘zbekiston uchun Xitoy tobora eng yetakchi osiyolik hamkorga aylanmoqda va o‘zaro munosabatlarda manfaatlar tobora ikki tomonlama xarakterga bo‘lmoqda», — deya ta'kidlaydi Sayfullin.

O‘tayotgan tashrif mobaynida O‘zbekistonning manfaatlari ham juda tushunarli. 

Toshkent Xitoy bilan ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirmoqda va bunday hamkorlikning barcha ustunliklaridan transport infratuzilmasini — usiz «Ipak yo‘li iqtisodiy kamari» doirasidagi jamiki dasturlar faqat yaxshi niyatligicha qolib ketadi, albatta — rivojlantirish uchungina maksimal darajada foydalanishga tirishmayapti. O‘zbekiston «Ipak yo‘li iqtisodiy kamari» konsepsiyasini amalga oshirishda o‘zining shubhasiz ishtiroki va qo‘llab-quvvatlashini milliy iqtisodiyotning real sektorlarini rivojlashtirishda yangi loyihalar uchun keng imkoniyatlar sifatida qarshi olmoqda.

«O‘zbekiston rahbariyati — avvalgisi ham, hozirgisi ham, pragmatizmi bilan ajralib turadi. Toshkentda zamonaviy dunyoda iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish masalalarida strategik muhim miqyosda ish berishga qodir faqat ikki markaz — Moskva va Pekin qolganini allaqachon tushunib yetishgan.

G‘arb davlatlari O‘zbekiston uchun hech qachon global investor bo‘la olmasligi allaqachon tushunarli bo‘lib ulgurgan, ular mohiyatan mamlakat ravnaqiga xizmat qilmaydi. Boz ustiga, O‘zbekistonda iqtisodiyot xarakteri va investitsiya kiritilishiga talab shundayki, tezda foyda ko‘rish va'da qilinmaydi. Boshqa davlatlar amaliyoti ko‘rsatib turibdiki, arab shayxlari (va Yaponiya, Janubiy Koreya hamda boshqa moliyaviy jihatdan ta'minlangan markazlar ham) bu masalada ancha vazmin va ehtiyotkor. 

O‘zbekiston o‘zining tashqi iqtisodiy aloqalarini mudom diversifikatsiya qilishga intiladi, biroq katta loyihalar uchun «katta» sarmoyadorlar ham kerak. Undaylari hozircha ikkita, boz ustiga Moskva ham, Pekin ham o‘zlarining shaxsiy xavfsizligi nuqtai nazaridan O‘zbekistondagi barqarorlikdan manfaatdor», — dedi Markaziy Osiyo va O‘rta Sharq bo‘yicha ekspert Aleksandr Knyazev «NG» nashriga.

Bularning barisini hisobga olib, xavfsizlik masalalari (xususan afg‘on yo‘nalishida) Mirziyoyevning Si Tszinpin bilan muzokaralari mobaynida bosh mavzulardan biri bo‘lishini taxmin qilish mumkin. O‘zbekistonda ham, Xitoyda ham Markaziy Osiyo mintaqasidagi barqarorlikka tahdidni to‘g‘ri qabul qilishadi, chunki xavfsizlik ta'minlanmas ekan, iqtisodiyotdagi ko‘plab loyihalar muallaq qolib ketadi.

O‘zbekiston birgina Xitoyning investitsion resurslaridan emas, Xitoy yetakchi rol o‘ynayotgan tashkilotlardagi sarmoyaviy dastaklardan ham foydalanmoqchi. Ularning orasida Osiyo infratuzilmaviy sarmoyalar banki (aktivlari hajmi 100 mlrd. dollar) va Ipak yo‘li Fondi (40 mlrd. dollar) bor.

Toshkent imtiyozli investitsiyalarni jalb qilish va o‘z iqtisodiyotining asosiy sohalarini — ular orasida ustuvor transport sohasi ham bor — rivojlantirish uchun yangi kredit yo‘nalishlari ochilishida Xitoy tomonining qo‘llashini kutmoqda. Toshkent va Pekin o‘z temir yo‘llarini Qirg‘iziston orqali birlashtirish imkoniyatini muhokama qilmoqda.

Buning uchun ikki chegara yaqinida logistika markazlari ochiladi. Avval avtomobil transportlari uchun, kelajakda — temir yo‘l transporti uchun xizmat ko‘rsatadigan.  

Bugungi kunda Xitoydan Yevropaga mahsulot tashish «Navoiy» aeroporti bazasidagi xalqaro intermodal habi imkoniyatlaridan foydalangan holda amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston parlamentining yuqori palatasi raisi o‘rinbosari Sodiq Safoyev ta'kidlaganidek, O‘zbekistonning tranzit salohiyatdan foydalanish — uning valyuta tushumlaridagi asosiy manba bo‘libgina qolmay, mamlakatni Yevroosiyo transport habiga aylantiradi. Bu nafaqat mamlakatdagi iqtisodiy o‘sishni ta'minlaydi, balki O‘zbekistonning jahon arenasidagi geosiyosiy joylashuvini mustahkamlashga ham xizmat qiladi.

Top