21:01 / 14.05.2017
13057

Boku-2017, uchinchi kun. O‘zbekiston vakillari yana 4ta medal oldi

Bugun Ozarboyjon poytaxti Boku shahrida IV «Islom birdamligi sport o‘yinlari»ning uchinchi kungi musobaqalari davom etdi. Shu kuni O‘zbekiston delegatsiyasi medallar jamg‘armasi yana bitta oltin va bitta kumush hamda ikkita bronza medal bilan boyidi.

Avvaliga 58 kg vazn toifasidagi og‘ir atletikachi Muattar Nabiyeva bronza medalga ega bo‘ldi. U turkiyalik Kentli Sumayyye (207 kg) va Indoneziyalik Jagaddhita Achedyadan keyin (199 kg) uchinchi bo‘ldi. O‘zbekiston vakilining ko‘rsatkichi - 196 kg.

Dzyudochi Gulnoza Matniyozova O‘zbekiston uchun ikkinchi oltinni keltirdi. -70 kg vazn toifasida matga chiqq dzyudochi qiz finalda turkiyalik Sukran Bakachakni mag‘lubiyatga uchratdi.

Navbatdagi medalni ham dzyudo vakili olib keldi. -81 kg vazn toifasida janglarni o‘tkazadigan Davlatbek Bobonov yarim finalda imkoniyatni boy berib qo‘ygandi. Bronza medali uchun bo‘lib o‘tgan bahsda u qatarlik raqibi Osamma Hajamni yengdi va sovrindorlar qatoridan joy oldi.

Badiiy gimnastikachi Anastasiya Serdyukova «Islom birdamligi sport o‘yinlari»da o‘zining ikkinchi medalini qo‘lga kiritdi. 13 may kuni u jamoaviy bahslarda kumush medal sohibiga aylangan edi. Bugun halqa bahslarida ishtirok etgan Serdyukova yakuniy natijalarga ko‘ra ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Uning ushbu medali O‘zbekiston sport delegatsiyasining turnirdagi 12-medaliga aylandi (2ta oltin, 2ta kumush va 8ta bronza).

Ayni vaqtda terma jamoa 54 davlat orasida yettinchi o‘rinda joylashgan.

Mavzuga oid
Top