Armanistonda “Nuh kemasi” tarixiy-madaniy va ilmiy-ma'rifiy majmuasi Bibliyada tilga olingan kemaning aniq nusxasi ko‘rinishida quriladi, faqat temir-betondan bo‘ladi. Bu haqda RIA Novosti xabar bergan.
Bibliyaga ko‘ra, kema – Nuh alayhissalom tomonidan suv toshqinida omon qolish uchun qurilgan hamda “Ararat tog‘larida to‘xtagan”.
"Kema Ararat tog‘ining ro‘parasida quriladi. U temir-betondan bo‘ladi, ustki qismi esa taxtadan yasaladi. Uning ko‘rinishi va hajmi Bibliyada tilga olingandek bo‘ladi: uzunligi 300 tirsak (132 metr), kengligi – 50 tirsak (22 metr), balandligi 30 tirsak (13,2 metr)", - deyiladi xabarda.
Tashkilotchilar “kemada” 200 ta pavilonni joylashtirishni rejalashtirgan, ularda turli xalqlar va davlatlar milliy madaniyati ko‘rsatiladi.
"Majmuaning 40 ta xonasida ziyoratchilar va turistlar to‘xtashi mumkin bo‘ladi. U yerda muzey, galereya, kutubxona, anjuman-zallari, hukumat va davlat qabullari uchun zallar bo‘ladi", - deya ta'kidlab o‘tishgan loyiha ustida ishlayotgan “Butun xalq bilan quramiz” jamg‘armasida.
Xabarga ko‘ra, loyiha hukumatga taqdim etiladi, u tasdiqlanganidan keyin loyihachilik va qurilish ishlari boshlanadi.