17:50 / 15.05.2017
14428

Mehmonxona va sayyohlik xizmatlari soliq imtiyozlariga ega bo‘ldi

Foto: Getty Images

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 4 maydagi PF–5033 sonli farmoni bilan turizm sohasidagi biznes-sub'yektlariga qo‘shimcha imtiyozlar taqdim etildi. 

Xususan, joriy yil 1 iyunidan boshlab xususiy xorijiy investitsiyalarga taqdim etiladigan imtiyozlar mehmonxona va sayyohlik xizmatlariga ham qo‘llaniladi. Bu haqda Norma.uz sayti xabar qilmoqda.

Ma'lumot uchun: yuridik shaxslarni daromad solig‘idan ozod etish, mulk solig‘i, obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish solig‘i, mikrofirmalar va kichik korxonalar uchun yagona daromad solig‘i hamda Respublika yo‘l jamg‘armasiga majburiy ajratmalardan xalos etish kabi imtiyozlar quyidagi shartlarda qo‘llaniladi, ya'ni xorijiy xususiy investitsiyalar hajmi:

300 mingdan 3 mln AQSh dollarigacha – 3 yil;
3 mlndan 10 mln AQSh dollarigacha     – 5 yil;
10 mln dollardan ko‘p bo‘lganda            – 7 yil.
 
Bundan tashqari, yuridik shaxslar 5 yil muddatga belgilangan ro‘yxat asosida mehmonxona va motellar qurilishi hamda rekonstruksiyasi uchun zarur bo‘lgan, respublikada ishlab chiqarilmaydigan uskunalar, butlovchi qismlar, texnika, ehtiyot qismlar va materiallar uchun bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun to‘lovlardan tashqari) ozod etiladi. 
 
Ushbu farmondan kelib chiqqan holda Prezidentning 2005 yil 11 apreldagi PF–3594 hamda 2016 yil 2 dekabrdagi PF–4861 sonli farmonlariga o‘zgartishlar kiritildi. 

Top