10:42 / 15.05.2017
15007

Toshkentda o‘zini huquq-tartibot idorasi xodimi deb tanishtirgan firibgar qo‘lga olindi

Foto: Fotolia

Hasan Tolipov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) mehnat qilib, halol topishdan ko‘ra, oson yo‘l bilan “mo‘may” daromad topib, farovon hayot kechirishni afzal bildi. Shu bois firibgarlikni o‘ziga kasb qilib oldi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

O‘tgan yilning may oyida tanishi Ravshan bilan poytaxtdagi kafelardan birida o‘tirganida, qo‘shni stoldagi bir guruh yigitlar bilan tanishib qoldi. O‘zini huquq-tartibot idoralarida ishlayman, deya tanishtirgan Hasan biror muammo bo‘lsa, hal qilib berishini aytdi-da, imkoniyatdan foydalanib, yangi tanishlariga tuzoq qo‘ydi. Shu kuni bir-birlariga telefon raqamlarini bergan yigitlar xayrlashishdi.

Ko‘p o‘tmay, Hasanning rejasi amalga osha boshladi. Yangi tanishlaridan biri Sardor Samadov unga qo‘ng‘iroq qilib, bir masalada yordam kerak bo‘lib qolganini aytdi. Poytaxtdagi kichik halqa yo‘lida joylashgan kafelardan birida uchrashishganda, Sardor muammoni o‘rtaga tashladi. Ma'lum bo‘lishicha, uning Qibray tumanida 8 sotixli uy-joyi bor bo‘lib, uni bir paytlar turmush o‘rtog‘ining ishtirokisiz sotib yuborgan ekan. Ayni vaqtda ayoli bilan janjallashib qolibdi. Ayoli mazkur uyning oldi-sotdi shartnomasi noqonuniy amalga oshirilgan, deya uni bekor qildirish uchun sudga beribdi. Xullas, Sardor shartnoma bekor qilinmasligini iltimos qilib, H.Tolipovning yoniga kelgan ekan.

-  Bu muammo hal bo‘ladi, - dedi H.Tolipov. – Hozir sudda ishlaydigan tanishim bilan gaplashib ko‘raman.

U kimgadir qo‘ng‘iroq qildi. O‘n besh daqiqacha davom etgan suhbatdan so‘ng Sardorga yuzlanib, uning ishi faqat o‘n ming “ko‘ki” evaziga bitishini bildirdi.

Ular yana bir necha soat gaplashishdi. Nihoyat, Hasan bu ishni 20 mln. so‘m va 5 ming AQSh dollari evaziga bitirishga kelishdi.

H.Tolipov 2 ming 500 AQSh dollarini oldindan keltirib berishni so‘radi. Sardor ayni vaqtda puli yo‘qligini, mashinasini tez kunda sotishini, pulni keyin berishini aytsa ham Hasan pulni qistayverdi. Ustiga-ustak, uy-joy masalasi sudda ko‘rilib, odilona qaror qabul qilindi. Shundan so‘nggina Sardorning ko‘zi ochildi.

SVOJJDLQK departamentining Shayxontohur tuman bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tadbirda H.Tolipov 2 ming 500 AQSh dollarini firibgarlik bilan qo‘lga kiritayotgan vaqtda qo‘lga olindi.

H.Tolipovning “mo‘may” daromad topib, kun kechirishiga qonun himoyachilari yo‘l qo‘yishmadi. Sud hukmi bilan firibgar qilmishiga yarasha jazolandi.

Top