17:55 / 16.05.2017
9893

Top-4lik uchun kurash. APLning bugungi ikki muhim o‘yini haqida

Angliya premer-ligasida chempion va kumush medal sohiblari nomi aniq bo‘lgan esada, 3-4 o‘rinlar uchun keskin kurash davom etmoqda. Uch jamoa o‘rtasida YeChL yo‘llanmasi uchun kurash so‘nggi turda ham davom etishi aniq bo‘lib ulgurgan. Bugun YeChL yo‘llanmasi uchun ikki da'vogar qoldirilgan uchrashuvlarini o‘tkazadi. Tribuna.Uz APLning ikki muhim uchrashuviga batafsil to‘xtalib o‘tadi.

«Manchester Siti» - «Vest Bromvich» (16 may, 23:59, Match! Futbol 1)

Uchrashuv oldidan
«Manchester Siti» 36 uchrashuvdan so‘ng 72 ochko to‘plagan holda turnir jadvalida 4-o‘rinda bormoqda. Jamoa «Etihad»dagi so‘nggi uchrashuvida g‘alaba qozongan taqdirda, YeChL yo‘llanmasini deyarli naqd qiladi. «Arsenal»dan uch ochko oldinda borayotgan klub to‘plar nisbatiga ko‘ra ham «Arsenal»dan yaxshiroq ko‘rsatkichga ega bo‘lib turibdi. «Vest Bromvich» esa ortiqcha bosimlarsiz qolgan. Jamoa yevrokuboklarga ham da'vogarlik qilmayapti. Shu bilan birga turnir jadvalining dastlabki 10taligidan tushib ketish ham jamoaga xavf solmayapti.

Qiziqarli faktlar

«Manchester Siti» «Etihad»da APL doirasida o‘tkazgan so‘nggi 11 uchrashuvdan buyon mag‘lubiyatga uchramayapti (7g‘alaba, 4 durang);

Gabriel Jyezus «Siti» tarkibida olti o‘yinda maydonga tushib 7ta golda ishtirok (5ta gol, 2ta assist) etishga ulgurdi;

«Manchester Siti» «VBA» qarshi ketma-ket 10ta uchrashuvda g‘alaba qozongan va bu ko‘rsatkich bo‘yicha faqatgina «Nyukasl»ga qarshi uchrashuvlarda yaxshiroq statistikaga ega. «Shaharliklar» 2009-2015 yillarda «Nyukasl»ni ketma-ket 12 uchrashuvda mag‘lubiyatga uchratgan;

Toni Pyulis «Manchester Siti»ga qarshi bosh murabbiy sifatida o‘tkazgan 16 uchrashuvning faqat bittasida (4 durang, 11 mag‘lubiyat) g‘alaba qozongan va bu ishni 2009 yilning yanvarida «Stok Siti» bosh murabbiyi sifatida uddalagandi.

O‘zaro uchrashuvlar tarixi

Ikki jamoa Angliya premer-ligasi tashkil etilganidan buyon 21 marta to‘qnash kelishgan.  14 uchrashuvda «Manchester Siti» g‘alaba qozongan bo‘lsa, 4 uchrashuvda «VBA»ning qo‘li baland kelgan. Yuqorida eslab o‘tganimizdek, bu ikki jamoaning so‘nggi 10ta uchrashuvining barchasi «Manchester Siti»ning qo‘li baland kelgan. So‘nggi marta «Vest Bromvich» 2011 yilning dekabrida «Manchester Siti» bilan o‘z uyida durang o‘ynagandi.

Manchesterda kechgan uchrashuvda so‘nggi yetti uchrashuvda «Siti»ning qo‘li baland kelgan. So‘nggi marta «VBA» mehmonda «Siti»dan 12 yil muqaddam ochko olishning uddasidan chiqqan. O‘shanda 2005 yilning avgustida «Siti of Manchester»da kechgan uchrashuvda hisob ochilmagandi. «Vest Bromvich»ning «Siti» uyidagi yagona g‘alaba esa 2003 yilning 1 fevralida qayd etilgan (1:2).

Yo‘qotishlar
«Manchester Siti» tarkibida Fabian Delf jarohati sabab bu uchrashuvda ishtirok eta olmaydi. Klaudio Bravo va Ilkay Gundo‘g‘anning uchrashuvda ishtirok etmasligini ancha oldin aniq bo‘lgandi. Qariyb bir oylik tanaffusdan so‘ng Jon Stounz tarkibga qaytgan va bugungi uchrashuvda maydonga tushishi kutilmoqda.

«Vest Bromvich» tarkibida esa Garet Makoli va Mett Filips bu uchrashuvda jamoasiga yordam bera olmaydi. Robson-Kanuning holatiga esa fitness-testdan so‘ng oydinlik kiritiladi.

«Arsenal» - «Sanderlend» (23:45, Match! Futbol 2)

O‘yin oldidan
«Arsenal» kuchli to‘rtlikdan o‘rin olishi uchun ushbu o‘yinni yutishi shart. Shunda jamoa hisobidagi ochkolar soni 72taga yetishi va «Liverpul» bilan bir ochkogacha qisqarishi mumkin. Shunda barcha masalaga so‘nggi turda oydinlik kiritiladi.

Qiziqarli faktlar
«Arsenal» hech qachon APL doirasida o‘z o‘yida «Sanderlend»ga yutqazmagan (10 g‘alaba, 5 durang);
«Sanderlend» «Arsenal»ga qarshi so‘nggi 26 urchshuvning faqat bittasida (1:0, 2009 yil, noyabr) g‘alaba qozongan;
«Arsenal» hujumchisi Olive Jiru «Sanderlend»ga qarshi barcha musobaqalarda o‘tkazgan so‘nggi to‘rt o‘yinda to‘rtta golga mualliflik qilgan;
Agar Jiru bu uchrashuvda ham gol kirita olsa, Robin van Persi va Teo Uolkottdan keyin «Emireyts»da 50ta gol kiritgan uchinchi futbolchiga aylanadi;
«Arsenal» «Emireyts»da o‘tkazgan so‘nggi 16 uchrashuvning faqat bittasida mag‘lubiyatga uchragan (12 g‘alaba, 3 durang).

O‘zaro uchrashuvlar tarixi

Ikki jamoa premer-liga tashkil qilinganidan buyon 31 urchashuvda maydonga tushishgan 18 uchrashuvda «Arsenal»ning qo‘li baland kelgan bo‘lsa, 3 marta «Sanderlend» g‘alaba qozongan. 10ta uchrashuvda durang qayd etilgan. Londonda kechgan 15 uchrashuvda «Arsenal» biror marta ham mag‘lubiyatga uchramagan. Ammo «Emireyts»dagi so‘nggi 8 uchrashuvning 4tasida «Sanderlend» durang o‘ynashning uddasidan chiqqan.

Yo‘qotishlar
«Arsenal» tarkibida Aleks Oksleyd-Chemberlen jarohati sabab maydonga tusha olmaydi. Loran Koselnining ham ishtiroki so‘roq ostida qolmoqda. Jamoa yetakchisi Aleksis Sanches esa fitness-testdan so‘ng holati bo‘yicha aniq ma'lumot olishi mumkin.

«Sanderlend» tarkibida jarohati sabab Jyeyson Denayyer, Viktor Anichebe va Jorj Haniman ishtirok eta olmaydi. Shuningdek Peddi Makneyr, Yan Kirgxoff va Dankan Uotmorning maydonga tushishi so‘roq ostida qolmoqda.

Top