19:35 / 16.05.2017
35732

Toshkentda qidiruvdagi 4 nafar yigit ushlandi (foto)

Toshkent shahrida qidiruvda bo‘lgan shaxslar ushlandi, deb xabar bermoqda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi.

Ma'lum bo‘lishicha, 2017 yilning 19 aprel kuni noma'lum shaxslar, Olmazor tumanida joylashgan “Salamon” to‘yxonasi yonida talonchilik jinoyati sodir etganlar hamda 2017 yilning 29 aprel kuni soat 22.00 larda o‘zganing mol-mulkini ochiqdan-ochiq talon-taroj qilish maqsadida, Shayxontohur tumani, Jar-ariq mavzesida joylashgan «Uzumzor» to‘yxonasining qarshisida 1962 yilda tug‘ilgan, nafaqaxo‘r, Yunusobod tumanida yashovchi fuqaroning bo‘ynidagi narxi 5.580.000 so‘mlik tilladan ishlangan zanjirini yulib olib, voqea joyidan yashiringanlar.

2017 yil 14 may kuni Toshkent shahar IIBB va Shayxontoxur tumani IIB xodimlari bilan hamkorlikda yuqoridagi Shayxontoxur va Olmazor tumanlarida sodir etilib, ochilmay qolgan talonchilik jinoyatlarini fosh etish maqsadida olib borilgan tezkor-qidiruv tadbiri davomida 1989 yilda tug‘ilgan, muqaddam bir necha marotaba sudlangan, Shayxontohur tumani, Jalolobod ko‘chasi 51-uyda yashovchi Olimjon Ravshanovich Azimov, 1993 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan, Olmazor tumani Nurafshon ko‘chasi 3-uy 8-xonadonda vaqtinchalik yashovchi Sobirjon Mirfayzi o‘g‘li Axmedov, 1990 yilda tug‘ilgan, Olmazor tumani, Niyazova ko‘chasi 2-uy 7-xonadonda yashovchi Azizjon Axmedjanovich Axrarov, 1991 yilda tug‘ilgan, Olmazor tumani, 3-berk Qizil-tut ko‘chasi 52-uyda yashovchi Sherzod O‘lmas o‘g‘li Mirzabekovlar aniqlanib ushlandilar.

Ular bilan olib borilgan tezkor-surishtiruv ishlari davomida A.A.Axrorov o‘zining boshqaruvidagi oq rangli, SPARK rusumli, davlat raqami 01 T 064 YA bo‘lgan avtoulovda O.R.Azimov va S.M.Axmedovlar bilan, shuningdek Sh.O‘.Mirzabekovning boshqaruvida bo‘lgan oq rangli, MATIZ rusumli, davlat raqami 10 F 174 BA bo‘lgan avtoulovda O.R.Azimov va S.M.Axmedovlar bilan joriy yilning 11 may kuni soat taxminan 21.40 larda, Shayxontoxur tumani, Qo‘rg‘oncha ko‘chasidagi «Ko‘kcha koshonasi» to‘yxonasi oldida, 1971 yilda tug‘ilgan, Shayxontohur tumanida yashovchi fuqaroning bo‘ynidan bahosi 4.000.000 so‘mlik tilladan ishlangan zanjirni talonchilik yo‘li bilan tortib, yulib olib voqea joyidan yashiringanliklari aniqlangan.

Hozirda ular bilan Toshkent shahri hududida sodir etilib ochilmay qolgan boshqa jinoyatlar yuzasidan tezkor-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Mazkur gumondor shaxslardan jabr ko‘rgan fuqarolar bo‘lsa, Toshkent shahar IIBBning «102» xizmatiga qo‘ng‘iroq qilish so‘ralgan.

Top