15:25 / 17.05.2017
9972

Marg‘ilonlik yoshlar shahar hokimidan o‘z savollariga javob olishdi

O‘zbekistonda yosh avlodning nurafshon ertasini ta'minlash, ularning ta'lim-tarbiyasi borasidagi g‘amxo‘rlik namunasini yanada shakllantirish, yurt barqarorligi yo‘lida olib borayotgan samarali ishlarini qo‘llab-quvvatlash hamisha davlatimiz e'tiborida va e'tirofida bo‘lib kelgan. Marg‘ilon shahar hokimligining katta majlislar zalida “Hokim va yoshlar” uchrashuvi ham aslida kelajagimiz vorislari orzu-umidlarining ro‘yobi va bu borada ayrim yechimini kutayotgan masalalarga qaratildi. Uchrashuvda yoshlar o‘zlarini qiynab kelayotgan savollarini berishdi.

Shahnoza Musaxonova - Marg‘ilon Milliy hunarmandchilik kolleji o‘quvchisi:

“Men ayni vaqtda Marg‘ilon Milliy hunarmandchilik kollejining 3-bosiqichida tahsil olayapman. Tez kunlarda kollejni tamomlayman, jun mahsulotidan turli o‘yinchoqlar hamda opa-singillarimiz uchun sharf va kuylaklar tikaman. Bu mahsulotim bilan Koreya davlatida o‘tkazilgan xalqaro yarmarkada ishtirok etdim. Men yasagan bunday mahsulotlarga jahon bozorida ham talab talaygina. Biroq bu borada menga kim ko‘maklashadi? Mahsulotlarni sotib, milliy o‘yinchoq va liboslarni yanada targ‘ib qilishni istayman”. 

Azizaxon Seitova - Iqtisodiyot kasb-hunar kolleji o‘quvchisi:

“Bugun kollejda tahsil olayotgan ayrim yoshlarning huquqiy savodxonligi yetarli darajada emas. Ular iste'molchi sanaladilar. Ayrim vaqtlarda huquqlari buzilganda, ularga kim ko‘maklashadi? Bu borada meni bir taklifim bor edi. Yoshlar huquq va majburiyatlarni mustahkam bilishlari uchun to‘garaklar tashkil etishni istar edim. Bu orqali tengdoshlarimiz o‘z huquqlarini bilib olishar edi. Biroq, bu taklifimni kim qo‘llab-quvvatlaydi?”

Ziyodillo Abdusattorov – Bank kolleji o‘quvchisi: 

“Bank ishi” sohasida tahsil olaman. Demak, tadbirkor uchun kerak bo‘lgan barcha ishlarni bilaman. Kollejni tamomlab tadbirkor bo‘lmoqchiman. Kreditga asoslanib, sochiq ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchiman. Biroq, o‘z-o‘zidan yoshman. Bank menga ishonib kredit beradimi?”

Mazkur uchrashuvda ishtirok etgan Marg‘ilon shahar hokimi Mirzohid Ubaydullayev inson qadr-qimmati ulug‘langan O‘zbekistonda har bir yosh baxtiyor yashashga haqli va barchamizning maqsadimiz ham avvalo, umidli yoshlarimizga barcha sohalarda keng yo‘l ochib berish bugunning muhim masalalaridan biriga aylangani xususida alohida to‘xtaldi. Murojaat va takliflar bilan so‘z olgan yoshlarning muammo va takliflarini qabul qilib, bu borada ish yuritish uchun mutasaddi tashkilotlar mas'ul etib tayinlandi.

Uchrashuvda shahardagi yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish, yoshlar faoliyatini takomillashtirish, yoshlarni tadbirkorlikka yo‘naltirish kabi masalalar yuzasidan taklif va mulohazalar bildirildi.

Tadbirda tengdoshlariga o‘rnak bo‘lib kelayotgan faol yoshlar shahar hokimining esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Ahror Ziyo, Farg‘ona

 

Top