16:03 / 17.05.2017
11777

Odam savdosi bilan shug‘ullangan shaxs fosh etildi

Bo‘kalik Izzat Turdiyev (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) bir necha yil Rossiyada ishlab, o‘sha yerdan tanishlar orttirdi. O‘tgan yilning aprel oyida bu shaxs rossiyalik sheriklari bilan jinoiy reja tuzdi. Boisi, u yerda dehqonchilik mavsumi boshlanayotgan edi. Izzat avvaliga asli dog‘istonlik Yunus ismli shaxs bilan gapni bir joyga qo‘ydi. Bu kimsa Rossiya Federatsiyasining Volgograd viloyatida har yili ijaraga yer olib, tarvuz ekardi. Ayni shu ishlarni amalga oshirish uchun esa unga arzon ishchilar kerak bo‘lgani bois, u Izzatga mana shu topshiriqni yukladi. Evaziga yaxshigina “haq” ham va'da qildi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

I.Turdiyev yurtimizga qaytib kelib, mo‘may pul ilinjida odam qidirishga tushdi. Hamqishloqlarini aldab-avrasa ham o‘zga yurtga boradigani topilmadi. Shundan so‘ng u qo‘shni tumanga yo‘l oldi. Ushbu hududda uning gaplariga ishonuvchi odamlar topildi. Bekobod tumanining “Saryuz” mahallasida yashovchi Jamshid Solmonov, Anvar Eltoyev, Murod Rustamov, Aziz Xolboyev va Bekzod Odilov uning tuzog‘iga ilinishdi. Izzat bu fuqarolarga chopiqdan chiqarilgan har ming metr tarvuz niholi uchun 200 rubldan ish haqi beriladigan ish borligini aytib, ularni qiziqtirdi. Yigitlarga ish haqlarini o‘zi olib berishni va'da qildi.

Shundan so‘ng I.Turdiyev yigitlarni Qozog‘iston Respublikasi orqali Rossiya Federatsiyasining Volgograd viloyatiga olib borib, o‘zlarini ham, fuqarolik pasportlarini ham Yunus qo‘liga topshirdi. Keyin kelishilgan pulni olib, ortiga qaytib ketdi.

Yigitlar Yunusning polizini chopiqdan chiqarib berishdi. Biroq, yer egasi kelishilgan ish haqi, ya'ni 10 ming 500 Rossiya rublini bermadi. “Senlar Izzat olib ketgan pullarni ham oqlay olmadilaring. Yana bir oy ishlasalaring, Vasiliy bilan o‘zimiz o‘zaro kelishib olamiz, keyin senlarga javob beraman”, deb ularni Vasiliy ismli chorvadorning fermasiga ishga jo‘natdi.

Beshovlon yana ikki yarim oy fermada turli og‘ir yumushlarni qilishga majbur bo‘lishdi. Vasiliy ham ularning 50 ming Rossiya rubli miqdoridagi ish haqlarini bermadi. Shundan so‘ng yigitlar turli kundalik ishlarda ishlab, ketishga pul yig‘dilar va pasportlarini olib, yurtimizga og‘ir ahvolda qaytib keldilar.

Xo‘rliklar girdobiga g‘arq bo‘lgan bu fuqarolar Izzatning qilmishlari haqida huquqni muhofaza qiluvchi organga ariza bilan murojaat qildilar.

Sud tomonidan I.Turdiyevga tegishli jazo tayinlandi.

Mavzuga oid
Top