10:33 / 17.05.2017
28400

Toshkentda avtobuslar endi yo‘lovchilarga deyarli 20 soat xizmat ko‘rsatadi

Foto: Toshshahartransxizmat

Avval xabar berilganidek, X.Xalmatov raisligida 2017 yilning 13 va 14 may kunlari “Toshshahartransxizmat” AJ tarkibidagi barcha korxonalar rahbarlari, mutasaddi xodimlari va yo‘lovchi tashuvchi yo‘nalishlar sardorlari ishtirokida kengaytirilgan yig‘ilishlar o‘tkazildi.

Ma'lum bo‘lishicha, avtobuslarning yangi ish rejimi va jadvali tasdiqlandi. Unga ko‘ra, avtobuslar ertalab soat 04:30 dan boshlab soat 00:00 gacha ishlaydi. Shuningdek, yig‘ilishda haydovchi va chiptachilarning yo‘lovchilarga bo‘lgan muomala madaniyatini yuksaltirish “Toshshahartransxizmat” AJning asosiy vazifalaridan biri sifatida belgilab olindi.

Bundan tashqari, yo‘lovchilarning oylik yo‘l chiptasidan foydalanishlarini ommalashtirish, oylik yo‘l chiptalarining sotilishini ko‘paytirish maqsadida 10 minginchi oylik yo‘l chiptasi egasiga mikroto‘lqinli pech, 30 minginchiga – televizor, 50 minginchiga – muzlatgich, 100 minginchiga – “Matiz” avtomobili, 150 minginchiga – “Neksiya-3” avtomobili, 200 minginchiga – “Malibu” avtomobili, 300 minginchiga – “Captiva” avtomobili, 500 minginchiga – ko‘p qavatli uylardan 2 xonali xonadon yutuq sifatida berilishi bo‘yicha taklif ishlab chiqilish vazifasi topshirildi.

 

Top