16:00 / 18.05.2017
13946

Fotojamlanma: Ostona xorijliklarni kutib olishga qanday tayyorgarlik ko‘rmoqda?

EXPO-2017 ko‘rgazmasiga bir oydan kam vaqt qoldi. Ostona shahrida qurilishlar nihoyasiga yetkazilmoqda, inshootlar ta'mirlanmoqda va tozalanmoqda - bularning barchasi favqulodda rejimda kechmoqda, chunki tez orada bu yerga nufuzli xorijiy mehmonlar tashrif buyuradi. Nur.kz shu mavzuga oid ma'lumot va suratlar bilan bo‘lishdi

Sayyohlar Ostonadan yaxshi taassurotlar bilan qaytishi kerak.

Ostona shoshilinch tartibga keltirilmoqda - nafaqat ko‘rgazma o‘tadigan so‘l qirg‘oq ko‘rkamlashtirilmoqda, balki shaharning diqqatga sazovor bo‘lmagan joylariga ham e'tibor qaratilmoqda. 

Poytaxtda eskirgan uy-joylar buzilmoqda - G‘alaba prospektida bir necha ikki qavatli uylar yo‘q qilindi. Tez orada bu yerda birorta uy qolmaydi - ularning o‘rnida xiyobonlar barpo etiladi.

Ajablanarlisi shuki, vokzal yonidagi besh qavatli uy ham buziladigan binolar ro‘yxatiga tushgan. Yaqindagina bu yerda hayot qaynayotgan edi, bugun esa bo‘m-bo‘sh qolgan uy "o‘z hukmi"ni kutib turgandek go‘yo. 

Shaharda o‘simliklar kam o‘ssa-da, Ostonani yashil shaharga aylantirish kerak. Mangulik prospekti buncha archani hali ko‘rmagan edi. 

Endi hech qachon o‘t o‘smagan yerlar ham ko‘kalamzorlashtiriladi. Quruq yer unumdor tuproq bilan qoplanmoqda. 

Boyterak ham mehmonlarni qarshi olishga tayyorlanmoqda. Bu yerlar hozircha yopiq - ta'mirlash ishlari ketmoqda. Hatto tunda ham ish qaynamoqda.

Ichkarida qanday ishlar ketayotganiga bir nazar tashlaymiz. Hozir ulkan qandil o‘rnatilmoqda, natijada mana bunday (keyingi suratdagi) ko‘rinishga keladi. 

Aray parkida - yangilik. Doimiy farrosh xizmat ko‘rsatadigan hojatxona - salfetkalar, kran suvi, toza va xushbo‘y hid taratuvchi sprey.

Velosipedlarning barchasi ta'mirlanib, tashqi ko‘rinishi yangilandi - faqat ijara haqi 5000 dan 10000 tengega oshdi. 

Eng faol tayyorgarlik ishlari aeroportda ketmoqda - yangi ulkan terminal qurilishi oxiriga yetkazilmoqda, avtoturargoh qayta ta'mirlanmoqda. Aeroport oldidagi hudud - poyonsiz jang maydonidek. 

Quruvchilar asfalt va to‘siqlar bilan "kurashayotgan" bir vaqtda aviayo‘lovchilarga qiyin bo‘lmoqda - mashinani qoldiradigan joy yo‘q, yuklarni ham uzoqqa tashishga to‘g‘ri kelmoqda. 

Respublika prospektidagi ko‘p qavatli uylar ham yangilanmoqda - aytgancha, bu Tselinograd davridayoq qurilgan ilk ko‘p qavatli uylardir. E'tibor bersangiz, o‘ng tomondagi uy ta'mirdan chiqqan, chap tomondagisi esa hali ta'mir jarayonida.

Mashhur Samal ham o‘z ko‘rinishini yangilamoqda.

Qanday bo‘lmasin, prospektga ko‘rkam ko‘rinish berish kerak. Agar tasarrufda kafel bo‘lmasa, "niqoblanish" ham yordam beradi. Kafel ko‘rinishidagi bannermi? Gap yo‘q.

EXPO'dan o‘tgandagi yangi uylar foydalanishga tayyor, ularning oldidagi hudud esa - yo‘q. Bu yerda favqulodda rejimda yo‘llar yotqizilmoqda va katta daraxtlar ekilmoqda.

Daraxtlar va yo‘llar - aeroportdan so‘l qirg‘oqqacha bo‘lgan hududlar shunday ko‘rinish oladi. Xorijiy mehmonlarning ko‘zi bo‘m-bo‘sh hududlarga tushmasligi borasida erta-yu kech mehnat qilishmoqda.

"...gacha" bo‘lgan surat kishini o‘ylantiradi - yosh teraklarni ekish uchun juda ko‘p katta daraxtlar kesib tashlangan.

Xorijiy sayyohlar qayerda yashashadi? Ishima qirg‘og‘idagi katta o‘tovli yangi mehmonxonada - u tez orada foydalanishga topshiriladi. 

Ular qanday hordiq chiqarishadi? EXPO maydoni va Boyterak bulvaridan tashqari, "Mәңgіlіk yel" arkasiga borish va atrofdagi hududlarni tomosha qilish mumkin bo‘ladi. 

Shahar parkida yangi amfiteatr qurilmoqda va "Duman" yonida yangi charxpalak ishga tushadi. 

Umuman olganda, shahar oldinda turgan yirik ko‘rgazma borasida qayg‘urmoqda va unga faol tayyorlanmoqda. Taksi haydovchilaridan birining Nur.kz muxbiriga aytganidek, "Asosiysi, EXPO'da sharmanda bo‘lmaslik, uyog‘i bir gap bo‘lar".

Foto: Nur.kz

Top