22:21 / 20.05.2017
18143

Bor tovog‘im, kel tovog‘im: shartnoma, muhr, diplom va bitiruvchi...

Tanishim qo‘ng‘iroq qilib qoldi. Ishxonangizda bo‘lasizmi, sizga zarur ishim bor edi, dedi. U keldi. Biroz kayfiyati tushkun, qandaydir muammoni hal eta olmay yurgani yuz-ko‘zida sezilib turardi. U biroz nafas rostlagach, gap boshladi.

- Shu desangiz jiyaningiz bu yil kollejni bitirayapti.

- Tabriklayman, farzandingizning kamolga yetganidan quvonmaysizmi, nega xafa ko‘rinasiz?

- O‘g‘limning kollejni bitirganidan juda xursandman, ammo shu bir muammo juda qiynayapti-da. To‘rt tomonlama shartnoma tuzish kerak, shu bo‘lmasa, kollej direktori diplom berilmaydi, deyapti.

- Bu muammo emas-ku! O‘g‘lingiz amaliyotga chiqqan, to‘g‘rimi, o‘sha tashkilotda o‘zini ko‘rsatsa, ishga olishadi. Shuyam muammomi?

- Xuddi o‘zingizni bilmaganga olasiz-yey, amaliyot emish. Qanaqa amaliyot? O‘g‘lim o‘qigan kollejda amaliyotga yuboriladi, ammo bu qog‘ozda aks etadi, xolos. Amalda yo‘q amaliyot.

- Bu deganingiz nimasi? O‘zi shu jarayon bilan tanishmisiz?

- Tanish bo‘lganda qandoq, o‘g‘lim amaliyot paytida hech qayerga borgani yo‘q. Hech kim so‘raganiyam yo‘q. Bir firmadan muhr bostirib berganman. Endi shu firmaga ishga olish bo‘yicha muhr bosib bering, desam u tutaqib ketdi. Ishga olish uchun buyruq berishim kerak, buyruq bergandan so‘ng, mehnat daftarchasida qayd etish zarur. Ish haqi yozishim ham talab etiladi, buyoqda soliq to‘lash, qo‘ying, boshimni og‘ritmang, men bunday ishlarni qila olmayman, dedi.

- Buyog‘i qiziq bo‘ldi-ku! O‘zi to‘rt tomonlama shartnoma uchun kim mas'ul?

- Kim mas'ulligini bilmayman-u, bu masalalarni kollej rahbarlari hal etishi kerak, buyam biz ota-onalar zimmasida qolib ketayapti. Sizdan iltimos, bitta korxona rahbari bilan gaplashib bering, ishga olmasayam mayli, muhr bosib bersa bo‘ldi...

Koshki edi bir muhr bilan ish bitsa. Oldimda najot istab turgan ona esa farzandi kamoli, ertasi uchun shu ishni qilish zarur, deb hisoblaydi. Aslida farzandi kelajagi uchun kuyunchaklik yaxshi fazilat. Ammo qani bunday ishlar qonuniy hal qilinsa. Xo‘sh, qonuniy hal etilishi uchun kim to‘sqinlik qilayapti, to‘g‘rirog‘i kim loqaydlikka yo‘l qo‘yayapti?

Shartnomaga imzo qo‘yuvchilar

Birinchi taraf: Nazarimda birinchi taraf bu kollej. Kollej rahbari o‘quvchini 3 yil davomida o‘qitdi, ilm berdi, kasb o‘rgatdi. O‘rgatgan kasbini qaysidir korxonada amaliyotda sinovdan ham o‘tkazdi. Bitiruvchi yaxshi mutaxassis sifatida o‘zini ko‘rsata oldimi yoki yo‘q bu keyingi mavzu. Lekin kollej rahbarlari 3-bosqichni bitirgan har bir o‘quvchining ish bilan band etilishida mas'ul etib belgilangan. Bu yerda tayyorlangan kadrlarning no‘noq yoki yetuk ekanligi nazarga olinmaydi. Maqsad – har bir bitiruvchi to‘rt tomonlama shartnomani imzolashi shart. Shartnomani imzolash jarayoni esa hech qachon to‘rt taraf bilan hamkorlikda hal etilmaydi. Hatto qaysidir taraf boshqa bir tarafni kimligini tanimaydi ham. Ammo to‘rt tomonlama shartnomada ularning ism-familiyasi va imzosi yonma-yon turadi.

Eng achinarli jihati esa, yuqoridagi kabi to‘rt tomonlama shartnomani guruh rahbari bitiruvchi qo‘liga beradi. “Ish beruvchi top, u muhr bossin, buyruq chiqarsin, mehnat daftarchasida qayd etsin, aksincha, sen diplom ololmaysan”, deydi. Xo‘sh, qo‘lidagi shartnomani o‘quvchi nima qiladi? Albatta, otasiga yoki onasiga olib boradi. Shu tariqa muammolar ustiga muammo paydo bo‘laveradi.

Ikkinchi taraf: Bu - ish beruvchi. Ish beruvchi amaliyot paytida o‘zini ko‘rsatgan 2 yoki 3 nafar, boringki, 4 nafar bitiruvchini ishga qabul qilishi mumkin. Qolganlari-chi? Ular qayoqqa boradi? Ular ham ish beruvchidan iltimos qilishadi: meniyam ishga oling... Qanday olsin, unda ish o‘rni yo‘q, borlari band etilgan-da. Shunchaki muhr bosib berib bo‘lmasa, nima qilish kerak? Ikkinchi taraf bu bitta tashkilot emas, balki kollej bitiruvchisini ishga qabul qiluvchi bir nechta tashkilotlardir. Ularning ko‘pchiligi kollej bilan hamkorlik qilishmagan. Qilishgan bo‘lishsa ham oldingi yili yuqorining topshirig‘i bilan 2-3 nafar bitiruvchini ishga olgan. Bu yil imkoniyati yo‘q bo‘lsa, nima qilsin? Ammo har bir bitiruvchi ish bilan band etilishi shart.

Kollej direktorining ishlab chiqarish ta'limi bo‘yicha o‘rinbosarining gaplariga ko‘ra, bu yilgi 300 nafarga yaqin bitiruvchining aksariyati to‘rt tomonlama shartnomani imzolab bo‘lishgan. Qanday qilib, degan savol tug‘ilishi tabiiy. O‘rinbosar esa bunga, “ana, hujjatlari turibdi, muhri bosilgan, buyrug‘i chiqqan”, deydi quvonchini yashira olmay. Ularning hammasi o‘sha o‘zlari shartnoma tuzgan korxonada ishlab ketishadimi, degan savolimga o‘rinbosar jo‘yali fikr ayta olmadi. “Men hamma hujjatlarni to‘g‘rilab qo‘yganman, uyog‘i bilan ishim yo‘q, yuqori idoralardan kelgan tekshiruvchilar ham buni so‘ragani yo‘q, qog‘ozni ko‘rishdi va menga rahmat aytishdi”, deydi u. Xo‘sh, qog‘ozda bor-u, amalda yo‘q shartnomalarning kimga keragi bor?

Uchinchi taraf: Uchinchi – eng muhim taraf bu tuman hokimidir. Aslida har bir tumanda o‘rtacha 2000 nafar o‘g‘il-qiz kollejni bitirayotgan bo‘lsa, ularning hammasi bilan tuzilayotgan to‘rt tomonlama shartnomaga tuman hokimi imzo qo‘yadi. Shunchaki imzo qo‘yish bilan ish bitmaydi-ku! Bu borada mas'uliyat ham bo‘lishi kerak. Tuman hokimida ikki karra mas'uliyat yuki bor. Bu shartnomaga imzo qo‘yib, bitiruvchining ishli bo‘lishini ta'minlash. Ikkinchi mas'uliyat esa tumanda ish o‘rni yaratish bo‘yicha ish olib borish. Agar shartnomadagi shartlar uddalanmasa, qog‘ozda qolib ketsa, bunda ko‘proq javobgarlik hokim zimmasiga yuklanadi.

Endi yuqoridagi kollej misolida tuman hokimining shartnomaga munosabatini bir ko‘rib chiqaylik. Tuman hokimi tumandagi bitiruvchilar bilan kollejlarga borib, to‘rt tomonlama shartnoma bo‘yicha uchrashuvlar o‘tkazdimi? Bitiruvchilarning fikri bilan qiziqdimi? Ularning tadbirkorlikka ishtiyoqini oshirish, bankdan kredit rasmiylashtirish bo‘yicha yuzma-yuz muloqot olib bordimi? Bunday uchrashuv va muloqotlarga tuman hokimi vaqt topa olgani yo‘q. Demak to‘rt tomonlama shartnomaga faqat imzo qo‘yish esa nafaqat tuman rahbarining hammaning ham qo‘lidan keladi. Koshki edi, faqat imzo bilan ish bitsa. Hozirgi kunda tuzilayotgan to‘rt tomonlama shartnomalar nomiga, faqat qog‘ozda qolib ketayotganini tuman hokimi bilmaydi, deb o‘ylaysizmi? Biladi, lekin bilmaslikka oladi, desak, to‘g‘riroq bo‘lar balki...

To‘rtinchi taraf: Bu – bitiruvchi. Uning zimmasidagi mas'uliyat qo‘lidagi to‘rt tomonlama shartnomani qanday qilib bo‘lsa ham, ish beruvchiga imzolatib, kollejga topshirish. “Qanday qilib bo‘lsa ham” deganimizda tanish-bilish qilibmi, ota-onasini ishga solibmi, hartugul shartnomada ish beruvchi muhri va imzosini qo‘ydirishga erishishi kerak. Yo‘qsa, unga diplom berishmaydi. Agar diplomni berib yuborishsa-chi? Unda shartnoma imzolanmasdan qolib ketadi. Eng yomoni bu holatda kollej rahbarlari gap eshitadi. Bitiruvchi yo‘lini qilib, shartnomaga imzo qo‘ydirsa, bas, diplomini olib kollej bilan xayrlashib ketaveradi. Imzo qo‘yganni ham, shartnoma tuzganni ham hech kim so‘ramaydi. So‘rasayam... YaXShINI OShIRIB, YoMONNI YaShIRIB... Hozirgacha shunday bo‘lib kelayapti.

Endilikda bunday o‘zibo‘larchilikka chek qo‘yish vaqti yetdi, chamamda. Bir eslang, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ma'ruzalarining birida 2 nafar ishsiz kishini banligini ta'minlagan tadbirkorni boshimga ko‘tarishga tayyorman, degan edilar. Davlatimiz rahbari kuyunchaklik bilan har bir bitiruvchining bandligini ta'minlash uchun, avvalo, ish o‘rni yaratish haqida qayg‘urayotgan ekan, nega joylarda bu masalalarga panja orasidan qaralayapti? Nega to‘rt tomonlama shartnoma qog‘ozda to‘liq uddlanayapti-yu, amalda u bajarilmayapti? Qachon qog‘ozdan amaliy ishga o‘tamiz? Axir to‘rt tomonlama shartnoma ish beruvchi, bitiruvchi, kollej rahbari va tuman hokimi hamkorligida qonuniy tarzda tuzilsa, bu shartnomadan har bir taraf manfaatdor bo‘lsa, qanday yaxshi. Ana shu qonuniylik ta'minlansa va shartnoma necha foizga bajarilgani haqqoniy hisobotlarga kiritilsa, anchagina bitiruvchi ishsiz qolgani ayon bo‘ladi. Bizga esa ana shu haqqoniy hisobot kerak. Shunga erishilsa, o‘sha ishsiz qolgan bitiruvchilarni bandligini ta'minlashga kirishiladi-ku! Haqiqiy ahvolni yashirib, to‘liq to‘rt tomonlama shartnoma tuzildi, qabilida ish yuritilishi bu yoshlarimizga, kelajak avlod taqdiriga befarqlikdir. Bu befarqlik yurtimiz taraqqiyoti, iqtisodiyotimiz rivojiga salbiy ta'sir o‘tkazishi tayin. Shunday ekan, keling, yaxshini oshirish, yomonni yashirishdan voz kechaylik.

Faxriddin Bozorov

Top