20:43 / 20.05.2017
7534

Dunyodagi birinchi haydovchisiz transformer avtomobil taqdim etildi

Foto: motor.ru

Italiyaning Camal va AQShning OSVehicle kompaniyalari dunyodagi birinchi haydovchisiz transformer avtomobili prototipini taqdim qilishdi. Uning yaratuvchilari g‘oyasiga ko‘ra, mashina 5 ta asosiy qismdan iborat.

Modelning nomi Edit bo‘lib, uning tarkibiy qismilari quyidagilardan iborat: old va orqa qism, tom, eshiklar va shassi. Shassidan boshqa barcha elementlar nisbatan oson almashtirilishi mumkin. Mualliflarning fikricha, shu tariqa mashina turli avtomobil kompaniyalari tomondan turli maqsadlar uchun qo‘llanishi mumkin. 

Transformatsiyalanish imkoniyatiga qaramasdan, mashina hamisha deyarli bir xil o‘lcham va shaklga ega bo‘lib qoladi.

Mashina yaratuvchilarining ta'kidlashicha, avtomobilda almashtiriluvchi detallarning qo‘llanishi uni uzoq muddat qo‘llash borasida ancha samarali qiladi va ishlab chiqarilishini arzonlashtiradi.

Hozircha Edit faqatgina render va kompyuter modeli ko‘rinishida mavjud. Mashinada kuch qurilmasi sifatida elektr tizimni qo‘llash ko‘zda tutilgan.

Agar mashinaning seriyali versiyasi ishlab chiqariladigan bo‘lsa, uni eng yuqori beshinchi darajadagi avtopilot texnologiyasini qo‘llash uchun moslash mumkin bo‘ladi. Beshinchi darajali avtopilotda avtomobilda odam boshqarishi uchun mo‘ljallangan hech qanday organlar talab qilinmaydi.

Top