22:16 / 20.05.2017
13636

“Laykomaniya” pandemiyasi yoxud “yoqdi” tugmasini bosish shart emas...

Juda g‘aroyib zamonda yashayapmiz. Agar ona tomondan katta bobom shu kunlarni ko‘rganida bormi, muborak dahanlari lang ochilib, aniq — “fashist gazandalarini o‘ldirmasdan, masalan, internetda qandaydir hunar ko‘rsatib ham “qahramon” bo‘lish mumkin ekan-ku”, degan xayolga borgan bo‘lardilar.

Otangizga rahmat. Angladingiz. Hozir odamlarning ta'siri, obro‘-e'tiboriga baho berishning yangi, o‘ta zamonaviy bosqichiga ko‘tarilyapmiz. Agar bundan o‘n yil oldin ham insonlar mavqeyi — tafakkur, jasorat, aql-idrok, fahm-farosat yoki odob-axloq kabi fazilatlar bilan belgilangan bo‘lsa, hozir kimning qandayligini bilish uchun, eng avvalo, “Feysbuk” yoki “Odnoklassniki”da qoldirgan posti uchun nechta “layk” yig‘ishi, “Tvitter”da qancha “o‘quvchisi” borligi, “Instagram”dagi “obunachilari” soniga qaralyapti.

Deylik, mashhur yoki “avtoritet” bo‘lmoqchisiz. Hamma sizni bilishi, e'tirof etishini xohlaysiz. Ammo buning uchun sizda muayyan iqtidor yoki layoqat yo‘q. Sira tushkunlikka tushmang. Kallangizga kelgan birinchi axmoqona g‘oya, masalan, shartta itingizni cho‘chqaga unashtiringu, “dabdabali” marosimni lavhaga olib, “Yutub” tarmog‘iga joylashtiring. Millionlab odam “prosmotr” qilmasa, peshanamdan otib tashlaysiz.

Yoki kimdir cho‘milish havzasida cho‘kayotgan bo‘lsa yoxud qayerdadir yong‘in chiqsa ham, imkoniyatni qo‘ldan boy bermang, tezda baxtsiz fojia fonida selfi tushing. Mana ko‘rasiz, bir kunda O‘zbekistonning yangi “yulduzi”ga aylanasiz! Suratingiz “hurmat” taxtachasidan tushmaydi. Hammasi — oppa-oson.

Umuman, keyingi paytlarda butun dunyoda, xususan, mamlakatimizda ham kasallik o‘chog‘i ijtimoiy tarmoqlar bo‘lgan xavfli virus — “laykomaniya” vasvasasi avj olayapti. “Leykemiya”, ya'ni oqqon haqida eshitganmanu, lekin bunaqasini... deyishga shoshilmang. Tushuntiraman.

Har bir kasallik, shu jumladan, “Laykomaniya”ning ham kelib chiqish sabablari bor. Quyidagilar “layk”ka vos-vos bo‘lishning birlamchi belgilari hisoblanadi: ijtimoiy tarmoqlarga qaramlik-qullik, real hayotdan uzoqlashish, har qanday “g‘aroyibot”, masalan, o‘lib yotgan kaltakesak bilan ham suratga tushish va eng asosiylari — “virtual avtoritet” hamda mashhurlikka intilish... 

Boshqacha aytganda, Ronaldu yoki Messining ijtimoiy tarmoqlarda millionlab obunachilari bor, ularning birgina “selfi”si yoki har qanday maza-bemaza gaplari uchun son-sanoqsiz “layklar” yog‘iladi. Chunki ular real hayotda ham taniqli, chin ma'noda “yulduz”. Yuksak iste'dodi, san'ati bilan erishgan bunga. Biroq,ijtimoiy tarmoqlar va “layk”lar qudrati iqtidorsiz, haqiqiy dunyoda e'tiborsiz qolgan kishilarni ham mashhurlik vasvasasiga solib qo‘yayapti. “Xastalik” tobora pandemiya, ya'ni ommaviy tus olayapti.

“Laykomaniya” virusi haqida birinchi bo‘lib rus patriarxi Kirill gapirdi. “Ko‘pchilik yoshlarning “layk” uchun har qanday tentaklikdan tap tortmayotgani — zamonaviy jamiyatning eng katta muammolaridan biriga  aylandi. Umuman, ijtimoiy tarmoqlarda haqiqiy kasallik tarqalgan. Odamlar kimdir — “e, boplapsan” degan ma'noda belgi qo‘yishlari uchun hatto, o‘z joniga qasd qilishgacha yetib boryapti”, dedi patriarx. Uning qo‘shimcha qilishicha, keyingi yillarda bu hayotda “layk” to‘plashdan boshqa “fazilat”ni ko‘rmaydigan, mabodo yetarlicha yig‘a olmasa, buni — o‘zi uchun dunyodagi eng katta “fojia” deb biladigan yoshlar toifasi shakllandi.

Haqiqatda, bugun sher bilan “selfi” tushib, keyin unga yem bo‘layotganlar ham, o‘sha la'nati “Ko‘k kit” o‘yini qurbonlari ham, o‘zini eshikka skotchlab, keyin uni tarmoqqa joylayotganlar ham, aslida mana shu toifa vakillari — “laykomaniya”ga chalingan bemorlar, haqiqiy hayotda hech narsaga erisha olmagan internet qullari,  chin ma'noda xasta odamlardir.

Ularga tez yordam kerak. Vaktsina kerak. Zudlik bilan. Real hayot bilan virtual hayot farqini anglab yetishiga ko‘maklashish zarur. Aks holda “pandemiya” men bilan sizni ham ayamaydi, farzandlarimiz ongiga chang soladi, jamiyatda haqiqiy insonlar emas, “qullar” yetishib chiqaveradi...  “Mashhur”, “avtoritet” zombilar ko‘payaveradi!

O‘tkir Qalamtebratar

O‘z hayotimiz haqida yana bir marta o‘ylab ko‘rishga majbur qiladigan hazil rasmlar

Top