09:57 / 20.05.2017
7458

OAV: Fransiya hukumati Le Pen g‘alaba qozongudek bo‘lsa nimalar qilishni rejalashtirgan edi?

Foto: AP

Fransiya rahbariyatining qator yuqori lavozimli vakillari mamlakat prezidentligi uchun saylovlarda Marin Le Pen qozongudek bo‘lsa, amalga oshiriladigan rejalarni ishlab chiqqan. Bu haqda L'Obs nashri o‘z manbalariga asoslangan holda yozmoqda

Rejaning nomi bo‘lmagan va u qog‘ozda qayd etilmagan. Undan ko‘zlangan maqsad Le Pen g‘alaba qozongudek bo‘lsa mamlakatda beqarorlik va tartibsizliklar avj olishiga yo‘l qo‘ymaslikdan iborat bo‘lgan. "Barcha konstitutsiyaviy me'yorlarga rioya qilgan holda jamiyatda tinchlikni saqlash asosiy vazifa sifatida belgilangan edi", — degan L'Obs nashriga rejadan xabardor manbalardan biri. 

Ushbu reja mualliflari Le Pen g‘alabasidan keyin keng qamrovli norozilik aksiyalaridan xavotirlanishgan. Fransiya huquq-tartibot idoralari ikkinchi tur avvalidan turli to‘qnashuvlar sodir bo‘lishidan ogoh etishgan. 

Rejaga muvofiq, mamlakat bosh vaziri Bernar Kaznyov Le Pen prezidentlik saylovida g‘alaba qozongudek bo‘lsa, iste'foga chiqish o‘rniga parlament yordamida ehtimoliy inqirozga qarshi kurashishga tayyor bo‘lgan. Albatta, bunday qadam konstitutsiyaga emas, shakllanib qolgan an'anaga zid bo‘lardi. Chunki, prezident bosh vazirni mustaqil ravishda tayinlay oladi, ammo uni vazifasidan chetlata olmaydi, deb yozadi nashr. 

Bunda Kaznyov tarafdorlari aprel oyidayoq shunday bo‘lishi ehtimolini "rad etishmagan", deb yozadi Le Figaro. Shunday qilib, mazkur reja Le Pen hokimiyatdan chetlatishga emas, aksincha mamlakatda vujudga kelishi mumkin bo‘lgan inqirozni bartaraf etishga qaratilgan. 

Eslatib o‘tamiz, 7 may kuni Fransiyada prezidentlik saylovining ikkinchi turi bo‘lib o‘tdi. Unda "Marshda" harakati vakili Emmanuel Makron g‘alaba qozondi.

Top