17:49 / 21.05.2017
24095

Arosatda qolgan ko‘cha: bir tomon harakatdaligini, ikkinchi tomon esa aksini gapirmoqda

Kun.uz tahririyatiga O‘zbekistonning turli chekkalaridan murojaatlar kelib tushishda davom etmoqda. Ulardan birida shunday deyiladi: “Assalomu alaykum. Men Nazarov Abror Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahar, 15-MFYga qarashli Barkaovul ko‘chasi nomidan yozyapman. 

2014 yili elektr ta'minoti korxonasi ishchilari (TP) uskunasi o‘rnatish maqsadida ko‘chamizning asfaltini ko‘chirib, kabel yotqizishlarini aytib, kavlashgan. Ko‘chani qayta asfaltlash ishini aynan shu korxona o‘z zimmasiga olgan edi. Bundan tashqari, telegraf xodimlari ham ko‘chalarni kavlashgani sabab, mahallamiz achinarli ahvolga tushib qoldi. 

Shaxsan o‘zim 2017 yilning 1 aprel kuni Sayyor qabulxona vaqtida, O‘zbekiston Prezidenti maslahatchisi kelganida qabullariga kirib, shu masalani aytishni maqsad qildim. Ammo Shahar hokimi o‘rinbosari Zokirjon Parpiyev: “uka, indamay qo‘yaver, o‘zim bosh-qoshchiligimda dushanba kunidan ta'mirlash ishlari boshlanadi”, dedi. Lekin va'daning ustidan chiqilmadi. 

Bu orada shu masala yuzasidan shahar hokimining qarori chiqdi. Qarorda aytilishicha, shahar elektr ta'minotiga mazkur masala yuzasidan ko‘rsatma berilgan. Shu qarorga asoslanib, mahalla nomidan 2017 yil 17 fevralda elektr ta'minotiga ariza berdik. Arizamizga javob kelmagach, o‘zimiz surishtirishga majbur bo‘ldik. Buni qarang-ki, u yerda biz tomondan yozilgan ariza yo‘q bo‘lib chiqdi. Ammo yonimizda mazkur arizaning nusxasi bor edi. 

Xullas, elektr korxonasidan natija chiqmagandan keyin Qo‘qon shahar Xalq qabulxonasiga bordik. Qabulxonada ariza yozdik, arizamiz javobi keldi. Unda shunday yozilgan edi: “Sizga shuni ma'lum qilamizki, mazkur ko‘chani asfaltlashtirish bo‘yicha shahar elektr ta'minoti korxonasiga tegishli ko‘rsatma berilganligi va tez orada ta'mirlash ishlari amalga oshirilishi tushuntiriladi”. Biz yana Qo‘qon shahar qurilish ishlari bo‘yicha shahar hokimi o‘rinbosari Zokirjon Parpiyevning oldiga kirdik. U kishi ertaga asfaltni yamab turishadi, qolganini keyinroq qilib beramiz dedi. Lekin asfalt qilinmadi. Shu masala bo‘yicha yordam so‘rab qaysi idoralarga murojaat qilish kerak? Bizning ko‘cha shunday qolaveradimi? Bolalar, yoshi katta keksalar kechqurun yiqilib tushyapti. Bu muammo qachon hal etiladi?”.

Mazkur muammo yuzasidan muxbirimiz Ahror Ziyo Qo‘qon shahar hokimligiga tashrif buyurib, yo‘l bo‘yicha mas'ullar bilan suhbatlashdi. Qo‘qon shahar hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish va kommunikatsiya, kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Zokirjon Parpiyev ushbu masala yuzasidan o‘z fikrini bildirib o‘tdi: 

“Odamlarimiz nihoyatda besabr bo‘lib ketishganmi, hayronman. Bu muammo bo‘yicha nafaqat Kun.uz saytiga, balki boshqa manbalarga ham qayta-qayta murojaat yuborilyapti. Avvalo, ular aytgan asfaltlashtirish masalasi 2017 yilgi qurilish ishlari dasturiga kiritilgan. Buni fuqarolarga qayta-qayta tushuntirsak-da, “o‘z bilganlari”dan qolishmyapti. Ular aytgan masala, 1-3 oy ichida o‘z yechimini topadi, deyishimizga qaramasdan yana o‘sha ahvol. Huddi biz bu ishni o‘z holiga tashlab qo‘ygandek.

Aslida, ular aytgan masala 2018 yilgi dasturga kiritilgan. Buni yelib-yugurib joriy yilgi dasturga kiritdik, respublika rahbariyati bilan kelishgan holda. Yana nima qilib berish kerak? Nahotki, odamlar tushunishmasa, bu osonlikcha bitib ketadigan ish emas. Qo‘qon shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturiga kiritilgan barcha ishlar shahar hokimi tomonidan tasdiqlangan. 19 xil yo‘nalishdagi chora-tadbirlar belgilangan ishlarimizning eng asosiy masalasi yo‘l qurilishidir. Bu birinchi navbatda hal etiladigan masala. Aniqroq qilib aytadigan bo‘lsak, bu masala 2017 yil iyun oxiriga borib o‘z yechimini topadi. Mahalla faollariga ham tushuntirish ishlarida yordam berishni so‘radik. Buni "Barkaovul" mahalla ahli tushunishini, shikoyat o‘rniga sabr qilib turishlarini istardik. Bor gap shu. Biz harakat qilyapmiz”.

Qars ikki qo‘ldan chiqadi. Bir tomon harakatda bo‘lsa, ikkinchi tomon sabr qilsa, har ikki holatning ham so‘nggi yaxshilik bilan tugaydi. Yuqoridagi tushunmovchilik holatlari chiqmasligi uchun targ‘ibot-tashviqot ishlarini kuchaytirish, mahallalarda har hafta yig‘ilish qilib, olib borilayotgan va istiqboldagi ishlar yuzasidan odamlarga tushuntirish berib borilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Top